11:00 / 17.05.2020
16565

Kun.uz'ning «Sirdaryoga yordam» aksiyasida yig‘ilgan mablag‘lar toshqindan zarar ko‘rgan 118 oilaga tarqatildi

Kun.uz tahririyati «Sardoba» suv omboridagi ofatdan jabrlanganlarga insonparvarlik yordami ko‘rsatish maqsadida 4 may kuni «Sirdaryoga yordam» xayriya aksiyasini e'lon qilgan edi.

Aksiya doirasida ko‘rsatilgan bank kartalariga 16 may holatiga ko‘ra jami 236 mln so‘mga yaqin mablag‘ kelib tushdi.

Bundan tashqari, ismi sir qolishini istagan savobtalab tadbirkorlar 504 dona yoz mavsumiga mo‘ljallangan yangi erkaklar ko‘ylagi va 38 juft yangi erkaklar poyabzallarini taqdim etishdi.

Tahririyat xodimlari 16 may kuni Mirzaobod va Oqoltin tumanlarida bo‘lishdi va aksiya doirasida yig‘ilgan 236 million so‘mga yaqin pul mablag‘lari talafotdan jabr ko‘rgan oilalarning 118tasiga 2 mln so‘mdan tarqatildi. Shuningdek, xayriya qilingan ko‘ylak va poyabzallar ham o‘z egalariga yetkazildi.

Ayni vaqtda bank kartalariga pul mablag‘lari tushishda davom etmoqda. Tez kunlarda kelib tushgan qolgan pul mablag‘lari ham toshqindan jabr ko‘rgan sirdaryoliklarga yetkazib beriladi.

Shu o‘rinda hisob raqamlarimizga kelib tushgan pul mablag‘larini foizsiz naqdlashtirib bergan «Agrobank» va «Orient Finans Bank» mutasaddilariga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz.

Aziz yurtdoshlar!

Muborak Ramazon oyida xayrli ishda faol bo‘lganingiz, o‘zgalar taqdiriga befarq emasligingiz va og‘ir kunida yurtdoshlarimizni yolg‘izlatib qo‘ymaganingiz uchun sizlarga o‘zimiz va talafotdan jabr ko‘rgan sirdaryoliklar nomidan minnatdorchilik bildiramiz.

Qilgan ehsonlaringiz bugun ko‘pdan ko‘p oilalarga kuch va quvonch olib kirdi, vatandoshlarimiz ko‘zlariga yosh olib, duo qilishdi.

Ehsonlaringiz oxiratda nur bo‘lib, yo‘lingizni yoritsin. Xayrli amallardan charchamang, azizlar!

Mavzu
Sardobada suv toshqini
1 may kuni tongda Sirdaryo viloyatidagi «Sardoba» suv ombori dambasi devori buzilib, suv toshib chiqdi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top