15:49 / 18.05.2020
12274

Darmonjon opa darmon istab, saxovatpesha insonlar ko‘magiga muhtoj - uning yuragi og‘ir xasta

Xorazm viloyati, Gurlan tumanida yashovchi Darmonjon Ahmedova og‘ir yurak xastaligiga chalingani sababli qimmatbaho jarrohlik amaliyotiga mablag‘ topolmayapti. Ayol shifo topishi uchun yaxshi insonlarning ko‘magiga umid bog‘lamoqda.

Darmonjon Ahmedova 1965 yilda tug‘ilgan, eri, ikki o‘g‘li va kelini bilan Gurlan tumani, Nurobod mahallasidagi Lolazor ko‘chasida istiqomat qilyapti. Ayol ko‘p yillar davomida Bolalar san'at maktabida farrosh bo‘lib ishlagan. 2019 yilda unda og‘ir xastalik – orttirilgan yurak nuqsoni borligi aniqlangan.

«2019 yil oktabr oyida birdan mazam qochib, yurolmay qoldim. Shifokorlarga murojaat qildim. Barcha tahlillar topshirilganidan so‘ng, kardiolog ko‘rigidan o‘tishimni maslahat berishdi. Shunda yuragimning bir klapani ishdan chiqqani va jarrohlik yo‘li bilan almashtirish lozimligi, ikkinchi klapanini esa davolash shartligi ma'lum bo‘ldi. Oldin ham qon bosimim juda baland bo‘lgan. Yo‘qchilik qursin, e'tibor bermay, ishlab yuravergan ekanman. Natijada, og‘ir xastalikka aylanib ketibdi», - dedi Darmonjon opa.

Kasallik aniqlangandan so‘ng, Darmonjon opa ishdan qoldi. Ayni paytda uyida zarur dorilarni qabul qilish bilan kifoyalanmoqda. Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Xorazm filiali shifokorlari tavsiyasiga ko‘ra, ayolning yuragi zudlik bilan jarrohlik amaliyotidan o‘tkazilishi, bir klapani almashtirilishi, ikkinchisi esa davolanishi shart. Buning uchun 34 mln so‘mga yaqin mablag‘ talab qilinadi.

Darmonjon opaning eri Maqsud aka Saidov qurilish obektida qorovul bo‘lib ishlayapti. Ikki o‘g‘li doimiy ish bilan ta'minlanmagan, mavsumiy va kunlik ishlarda mehnat qilishadi. Topgan-tutgan mablag‘lar esa ro‘zg‘or xarajatlaridan ortmayapti. Ayolning kasallik varaqasi orqali olayotgan pullari dorilariga sarflanmoqda. Saidovlar oilasi kam ta'minlangan oilalar ro‘yxatida turadi.

Onasining og‘ir xastalikka chalingani ma'lum bo‘lgach, katta o‘g‘li zarur mablag‘ni to‘plash uchun shu yilning boshida Rossiyaga yo‘l olgan. Ammo chegarada uning hujjatlari muammoli ekani aniqlangan. Chegarachilar Rossiyada olgan patentning qalbaki ekanini aytib, Rossiya hududiga kirishni taqiqlab qo‘yishgan. Natijada yigit ortga qaytishga majbur bo‘lgan. «Patentni bergan firma uning qonuniy ekaniga ishontirgan edi», - deb kuyunadi o‘g‘il.

Hozirgi vaqtda 55 yoshli Darmonjon opa to‘shakdan deyarli turmaydi. Sal harakatda hansirab qoladi, yuragi tez-tez uradi, havo yetishmasligidan, umumiy holsizlikdan aziyat chekmoqda. U kardiolog nazoratida bo‘lib turibdi.

Darmonjon opaning shifo topishi, yana normal hayotga qaytishi uchun imkoniyat bor. Buning uchun u jarrohlik amaliyotidan o‘tishi, yuragidagi klapan almashtirilishi, ikkinchisi esa davolanishi shart. Kun.uz’ning xayr-ehsonni xush ko‘ruvchi, savobtalab, saxovatpesha o‘quvchilari, Darmonjon opaning shifo topib, xastalikdan forig‘ bo‘lishiga hissamizni qo‘shaylik. Uning va farzandlarining xursandchiligiga sherik bo‘laylik. Har kim imkoni darajasida yordam qo‘lini cho‘zsa, toma-toma ko‘l bo‘lganidek, onaxon uchun ham zarur mablag‘ sanoqli kunlarda to‘planishiga shubha qilmaymiz. Imkoni yo‘qlar esa g‘oyibona duolarida shifo tilab qo‘ysalar, shu orqali ma'naviy yordam bergan bo‘ladilar. Ilohim onalarimiz hech qachon kasal bo‘lmasin.

Darmonjon Ahmedovaning plastik karta raqami:

8600 0207 0945 8298

(PAYME va Click, Milliy bank)

Nurmuhammad Said tayyorladi

Mavzu
Xayriya aksiyasi
KUN.UZ sayti yordamga muhtoj insonlarga ko‘mak berish niyati bilan qator xayriya aksiyalarini tashkil etib kelmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top