11:11 / 19.05.2020
56107

Davlat budjetiga og‘iri tushmagan o‘qituvchilar: ularni karantin davrida qutqarib qolish kerak

Pandemiya aksariyat davlatlarni o‘z budjet siyosatini qayta ko‘rib chiqishga, ayniqsa, ilk davrlarda mablag‘larni taqsimlashda nisbiy afzalliklarga alohida e'tibor berishga majburlayotgani tabiiy. Ayniqsa, turmush farovonligi u qadar yuqori bo‘lmagan O‘zbekiston kabi mamlakatlarda bu juda ham muhim va hal qiluvchi vazifa hisoblanadi.

Pandemiya davridan ham iqtisodiy, ham ijtimoiy jihatdan nisbatan kam talafotlar ko‘rib chiqish bilan birgalikda, keyingi yillar uchun samarali hisoblangan tizim yaratish, eng muhim sohalarni qutqarib qolishga urinish talab etiladi. Nisbiy afzalliklar haqida gap ketganda, tabiiy ravishda, mamlakat iqtisodiyoti aylanmasida katta rol o‘ynamaydigan ko‘ngilochar, sport, turli jamoaviy tadbirlarga qilinadigan xarajatlarda cheklashlar yuzaga kelishi tabiiy va kutilgan holat.

Shu bilan birga, nisbatan zarur hisoblangan ba'zi sohalar borki, bu tarmoqlar uzoq kelajakda davlatga tushadigan yukni qisman o‘z zimmasiga oladi. Ammo buning uchun, bugungi kunda, yaqin kelajakda ularni saqlab qolishga harakat qilish shart.

Misol uchun, umumiy o‘rta ta'lim barcha uchun majburiy bo‘lib, bu sohani yuz foiz davlat o‘z zimmasiga olgan. Bu esa, budjet xarajatlarining sezilarli qismini tashkil qiladi. Aslini olganda, O‘zbekiston sharoitida davlat bu sohani to‘liq o‘z bo‘yniga olishi biroz noto‘g‘ri — birinchidan, yuqorida aytilganidek, u qadar farovon darajada emasmiz, ikkinchidan esa, hatto eng rivojlangan davlatlarda ham ta'lim tizimi qisman xususiy maktablarga yuklatiladi. Aniqroq aytiladigan bo‘lsa, ota-onalar o‘z farzandlarini xususiy maktablarda o‘z mablag‘lari hisobidan o‘qitishlari tufayli, davlatga yengillik taqdim etadilar.

Bu soha so‘nggi yillarda O‘zbekistonda ham rivojlanib kelayotganini payqash qiyin emasdi. Poytaxtda, viloyat markazlarida, shaharlarda xususiy o‘rta ta'lim maktablari faoliyat olib borishni boshlashdi. Budjet maktablariga nisbatan olganda, sifatliroq ta'lim va infratuzilma taklif qilayotgan bu xususiy maktablarning oylik narxlari minimal 200–300 ming so‘mdan boshlab, bir necha milliongacha yetib boradi. Ota-onalar o‘z moliyaviy imkoniyatlariga qarab, u yoki bu xususiy maktabga farzandlarini berib, budjet maktablariga tushishi kerak bo‘lgan og‘irlikni kamaytirib kelishayotgandi.

Ya'ni, ota farzandini pullik ta'limga berib, o‘z hisobidan o‘qitadi. Aslida, budjet maktablari ham bepul ta'lim emas, ularni moliyalashtiradigan budjet o‘sha ota-onalarning, aytaylik, to‘lagan soliqlaridan tashkil topishini unutmaslik kerak. Ya'ni, ota bolasini o‘qitish uchun pulni soliq orqali davlatga to‘lab bo‘lgan. Ammo shunday bo‘lsa-da, u sifatli ta'lim uchun yana alohida to‘lovni amalga oshiradi va farzandini xususiy maktabga beradi.

Bu tizimning foydalari ko‘p: birinchidan, bolalarni o‘qitish uchun yetarli o‘rin va sharoit yaratishi kerak bo‘lgan davlat qisman yukdan xalos bo‘ladi. Ikkinchidan, o‘qituvchilarning maoshi aynan ota-onalar pullaridan hosil bo‘lgani sababli, budjet ularga maosh to‘lashdan ham qutuladi. Uchinchidan, qo‘shimcha iqtisodiyot yaratilib, xususiy maktablar o‘qitish uchun davlatdan pul olish o‘rniga, aksincha, soliqlar shaklida, davlatga pul ham to‘lashadi. To‘rtinchidan, budjet maktablariga qo‘shimcha raqobat hosil bo‘lib, turli ma'muriy to‘siqlar yo‘qoladi, ta'lim sifati oshib boradi. Yana bir qancha sanash mumkin, xullas, xususiy ta'limning mamlakatimizga ham iqtisodiy, ham ijtimoiy tomondan yaxshi samara keltirishi shubhasiz.

Endi bugungi pandemiya sharoitida paydo bo‘lgan vaziyatga nazar solaylik. Xalq ta'limi vazirligi garchi maktablar yopilgan, faqat onlayn tizimi amal qilayotgan bo‘lsa-da, o‘qituvchilarning maoshlarini to‘laydigan bo‘ldi. O‘qituvchilar onlayn tarzda, barcha noqulayliklarga qaramasdan, o‘z vazifalarini bajarishga harakat qilmoqda, bunga e'tiroz yo‘q.

Ammo moliyalashtirish budjetdan emas, ota-onalar mablag‘idan amalga oshiriladigan xususiy maktablar katta qiyinchiliklar ostida qoldi. Farzandi uyda o‘tirib, faqat televizordan yoki onlayn darslardan ta'lim olayotgan ota-ona, tabiiyki, xususiy maktablarga to‘lov qilishni istamaydi. Chunki bugun xususiy va budjet maktablari sharoiti tenglashdi — nega pul to‘lash kerak? Buni tushunish mumkin.

O‘z navbatida, xususiy maktab rahbarlari ham daromadsiz qolgach, o‘qituvchilarga har oy o‘z yonlaridan bir necha o‘n million yoki yuz millionlab maosh to‘lab borishga qodir bo‘lmay qoladi. Kimdir o‘z personalini himoya qilish uchun qandaydir minimal oyliklar yoki yordam pullari tashkil qilishi mumkindir, lekin hamma ham emas va qachongacha? Ularni ham tushunish mumkin.

Shuningdek, xususiy maktab o‘qituvchilarini ham tushunish mumkin. Ular balki kamida sentyabrgacha maoshsiz qolishdi. Fidoyilik, ta'limga sadoqat nuqtayi nazaridan, ular ishlashini istashimiz mumkin, ammo talab qila olmaymiz. Onlayn darslar va vazifalar berish, o‘quvchilarni baholash, yana ko‘rsatilgan boshqa bir qator konspekt-hujjatlarni yurgizish va bu ishlarni bepul amalga oshirishni kutish adolatsizlik bo‘ladi. O‘z-o‘zidan, ta'lim sifati ham tushishi tabiiy.

Bularning barchasini hisobga olib, xususiy maktab o‘quvchilariga ta'lim berishda qanday ahvol yuzaga kelganini tasavvur qilib ko‘rishingiz mumkin. Bu holat esa, nafaqat bugungi pandemiya davrida muammo tug‘diradi, balki, kelajakda ancha samarali tizimning bir necha qadam orqaga ketishiga sabab bo‘lishi ham turgan gap.

Axir o‘ylab ko‘ring, xususiy maktab o‘qituvchilari endi budjet maktabi o‘qituvchilariga nisbatan, o‘zlarini ijtimoiy himoyalanmagandek his qilishadi va kim biladi, kelasi yildan o‘zlariga boshqa maktab qidirib qolishlari mumkin. Xususiy maktab egalari esa, endi o‘qituvchilarni ushlab qolish uchun yana qo‘shimcha sharoitlar taklif qilishga majbur bo‘lishadi, ehtimol, bu soha iqtisodiy jihatdan ham foyda keltirmaydigan darajaga tushib qoladi. Xususiy maktablarning kamayishi yoki rivojlanmasligi yana ta'lim og‘irligini davlat zimmasida ko‘paytiradi. O‘z-o‘zidan budjet xarajatlari oshadi.

Shuning uchun davlat bugungi kunda xususiy maktablarga ham e'tibor qaratishi, imkon qadar bu sohani saqlab qolishga urinishi shart.

To‘g‘ri, tomdan chakka tomib turganda, boshqa ishlar zarur emasdek tuyular, to‘g‘ridan to‘g‘ri yordam berilishi kerak bo‘lgan nuqtalar ham yetarlicha. Ammo yuqorida aytganimdek, kelajakda tizimli ravishda davlatga yelkadosh bo‘ladigan sohalarni saqlab qolish ham juda muhim. Mashinasozlik, havo va temir yo‘llar kabi monopol sohalarimiz shaksiz, ertaga, o‘zlarini shunday ham o‘nglab oladilar — talab va taklif mavjud. Ammo xususiy ta'lim sohasida taklifni, uning orqasidan talabni ham yo‘qotib qo‘yishimiz va so‘nggi yillardagi samarali sohadan ajrab qolishimiz mumkin.

Aynan mana shu sohada bir necha yildan buyon faoliyat olib borayotgan bir xususiy maktab rahbaridan vaziyatdan qanday chiqayotgani haqida so‘raganimda, quyidagilarni aytdi:

«Qiyinchilik bo‘lyapti. Avvaliga biz ota-onalarning tashabbusiga havola qilganimizda, turli fikrlar chiqdi. Kimdir to‘g‘ri tushunib, qisman to‘lov amalga oshirishga rozi bo‘ldi. Boshqalari, maktabga pul to‘lagisi kelmay, o‘qituvchilarga yordam qilib turishlari mumkinligini aytishdi. Shuncha paytgacha yaxshi foyda qilib kelgansizlar, nima bo‘pti, bir necha oy o‘sha foydalar hisobidan qilib tursanglar ham bo‘ladi-ku, deganlar ham chiqdi.

Bunday vaziyatda, hamma rozi bo‘ladigan tizim yaratish ilojsiz, shu tufayli, ota-onalarning aralashmasliklarini so‘radik, bizga ham, alohida o‘qituvchilarga ham pul berishni taqiqladik. O‘z hisobimizdan, o‘qituvchilarimizga avvalgidek bo‘lmasa ham, bir-bir yarim million atrofida minimal oylik to‘lashga rozi bo‘ldik. Tabiiyki, biz ham, o‘qituvchilar ham daromaddan yutqazmoqda».

Bundan tashqari, bugungi holat xususiy ta'limda o‘qiydigan o‘quvchilar va ularning ota-onalariga nisbatan ham adolatsizlikdir. Quyidagi suratga e'tibor bering:

Ortiqcha faktorlarni chetga surib, maktablarni moliyalashtirish to‘langan soliqlar orqali bo‘lishini e'tiborga olsak, bu mablag‘ hammadan yig‘iladi. Ya'ni farzandi budjet maktabida o‘qiydigan ota-ona ham, farzandini pullik maktabga bergan ota-ona ham, soliq to‘lash orqali, budjet maktablarini moliyalashtirmoqda. Boshqacha qilib aytganda, ikkinchi toifadagi ota-ona ham farzandini o‘qitish uchun davlatga pul to‘lab qo‘ygan allaqachon. Xususiy maktabga esa, qo‘shimcha sifat uchun pul sarflayotgandi. Shu orqali u davlatning ma'lum xarajatlarini o‘zi qoplab kelayotgandi.

Bu ota-onadan bugungi onlayn sharoitda ham xususiy maktabga pul to‘lashni davom ettirishni so‘rash — mantiqsizlik.

Yana shuni e'tiborga olish kerakki, xususiy maktab deganda, zo‘r sharoitlar qilib, oyiga millionlab pul evaziga o‘qitadigan boy tadbirkorlarnigina tushunmaslik kerak. Markazlarga qaraganda, shunday tasavvur paydo bo‘lsada, aslida, ancha oz summaga o‘qitadigan, odatda, ijarada o‘tiradigan xususiy maktablar ham ko‘p.

Ota-onalar esa farzandlarini lyuks uchun emas, normal ta'lim uchun ham shunday maktablarga berishga majbur bo‘ladilar. Sir emaski, hatto budjet maktablari ichida ham, sifat borasida farqlar ko‘zga tashlanadi. Esingizda bo‘lsa, yaxshiroq maktablarga xududiy taqsimlashda muammolar chiqqan va Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov ham vaziyatga aralashgandi.

Ya'ni xususiy maktablar sifatsiz bepul ta'limning oqibati o‘laroq tabiiy ravishda yuzaga kelganini ham e'tiborga olish lozim.

Ana endi, xususiy maktablar daromadsiz qolgan paytda, nega uning farzandi aziyat chekishi kerak? Nega uning farzandini o‘qitayotgan o‘qituvchi maoshsiz qolishi lozim? 

Agar hozir davlat ikki-uch oy maosh berishdan qochsa va bu ertaga xususiy maktablarning ma'lum qismi yo‘qolishiga olib kelsa, baribir o‘sha maktab o‘quvchilari ham davlat bo‘yniga tushadi. Keyin bir necha oy emas, yillab, o‘qituvchilarga qo‘shimcha maosh to‘lab yurishga majbur bo‘lib qoladi. Ya'ni, nafaqat ijtimoiy, balki eng ratsional fikrlaganimizda ham xususiy maktablarni asrab qolish davlatimiz uchun foydali-ku?!

Menimcha, davlat bu sharoitda, vaqtincha, xususiy ta'lim maktablariga xuddi budjet maktablari kabi munosabatda bo‘lishi va kamida o‘qituvchilarning maoshi (oddiy maktab o‘qituvchilari shkalasida) karantin davrida budjet hisobidan qoplanib borilishi lozim. 

Qahramon Aslanov

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top