15:11 / 19.05.2020
3205

DSQ axborot texnologiyalarini joriy etishdagi uchta asosiy ustuvor jihatni tushuntirdi

Savdo va xizmat ko‘rsatish obektlarini onlayn nazorat-kassa mashinalariga o‘tkazish, mahsulotlarni markirovkalash hamda elektron hisobvaraq-faktura tizimini joriy etish - Davlat soliq qo‘mitasi faoliyatidagi ustuvor yo‘nalishlar hisoblanadi, deb yozmoqda DSQ matbuot xizmati

 Qo‘mita bugungi kunda davlat soliq xizmati organlari raqamli texnologiyalarni keng joriy etish orqali soliq to‘lovchilar bilan muloqotni shaffoflik va o‘zaro hamkorlik tamoyillari asosida yo‘lga qo‘yayotganini tushuntirdi.

 G‘azna «onlayn» rejimida

 Davlat soliq qo‘mitasi tadbirkorlik sub'yektlarini onlayn nazorat-kassa mashinasi va virtual kassalardan foydalanishga bosqichma-bosqich o‘tkazish bo‘yicha ishlarni davom ettirmoqda.

Ayni vaqtga qadar 5 turdagi onlayn-NKM, 4 turdagi virtual kassa va 7 ta texnik xizmat ko‘rsatish markazi Davlat reyestriga kiritildi.

Hozirgacha, 21 mingga yaqin savdo bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub'yektlari, do‘konlar va avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari onlayn nazorat-kassa mashinalari bilan ta'minlandi.

 Onlayn nazorat-kassa texnikasiga o‘tish uchun tadbirkorlar Davlat reyestridagi istalgan dasturiy mahsulotdan foydalanishi mumkin. Ushbu reyestr Davlat soliq qo‘mitasining rasmiy veb-sayti – soliq.uz.ga joylashtirilgan.

 Ta'kidlash kerakki, mamlakatimiz chakana bozorining yirik ishtirokchilari to‘liq virtual kassadan foydalanishga o‘tmoqda. Masalan, Korzinka.uz supermarketlar tarmog‘i.

 Onlayn nazorat-kassa mashinasi va virtual kassadan foydalanish iste'molchilar huquqlarini himoya qilish darajasini oshiradi ma'lumotlar bazasida elektron chek saqlanadi, bu munozarali masalalarni hal etishni soddalashtiradi.

 Shuningdek, soliq organlari bilan o‘zaro tezkor hamkorlikni ta'minlaydi – ma'lumotlarni real vaqt rejimida uzatib boradi.

 Bundan tashqari, soliq organlaridan haqiqiy tushumlarni yashirmasdan, shaffof faoliyat yuritish imkoniyatini taqdim etadi.

 Bularning barchasi iste'molchilar va soliq organlari bilan ishonchli munosabatlarni mustahkamlashni kafolatlaydi, kompaniyaning ijobiy imijini shakllantiradi.

 EHF bilan hisobga olish oson va ishonchli

 Hozirgi paytda tadbirkorlik sub'yektlarini hisob-fakturalarning elektron shakliga o‘tkazish tezkor suratlarda amalga oshirilmoqda. 

 Bugun O‘zbekistonda 17 ta elektron hisobvaraq-faktura (EHF) operatori xo‘jalik yurituvchi sub'yektlariga xizmat ko‘rsatyapti.

 Elektron hisobvaraq-fakturadan foydalanish, ayniqsa, qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilari orasida ommalashib bormoqda. Faoliyat yuritayotgan 87,5 ming QQS to‘lovchilarining 73 mingtasi yoki 83,8 foizi EHFdan foydalanishga o‘tdi.

 Elektron hisob-fakturalar biznes hamkorlar va soliq idoralari bilan shaffof siyosatni olib borishga xizmat qiladi. Masalan, QQS zanjiri uzilishining oldini olishga yordam beradi. Bu esa qo‘shimcha soliq hisoblanishning eng ko‘p tarqalgan sabablaridan biridir.

 Ushbu afzalliklarni hisobga olgan holda, Davlat soliq qo‘mitasi tadbirkorlik sub'yektlarini elektron hisob-fakturalardan foydalanishga faol jalb qilmoqda.

 Bugungi kunda respublikada 153 mingdan ziyod yuridik shaxs va 16 mingdan ortiq YaTTlar hisob-fakturalarning elektron shaklidan foydalanmoqda.

Hozirda 170 mingga yaqin tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan rasmiylashtirilgan EHFlarning umumiy soni 5,9 milliontani tashkil etadi.

 Markirovkalash sifat kafolati sifatida

 Prezident topshirig‘iga ko‘ra, Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan mahsulotlarni identifikatsiya vositalari bilan markirovkalash va ularni kelgusida kuzatish tizimini joriy etish yuzasidan tegishli ishlar olib borilmoqda.

 Xususan, respublika hududida faoliyat ko‘rsatayotgan 10ta korxonada mahsulotlarni markirovkalashning tajriba loyihasi joriy etilgan.

 Soliq sohasiga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, xizmatlar sifatini oshirish, jarayonlarda inson omili aralashuvini cheklash Davlat soliq qo‘mitasining asosiy ustuvor vazifasi hisoblanadi. Bu korrupsiya va “yashirin iqtisodiyot”ni qisqartirish yordam beradi va biznesni shaffof yuritilishini ta'minlaydi.

Top