21:35 / 20.05.2020
19691

Prezident yangi tashkil etilgan Toshkent muzeyini borib ko‘rdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 20 may kuni poytaxtdagi Adiblar xiyoboni yonida tashkil etilgan Toshkent muzeyiga tashrif buyurdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Muzeyni tashkil etish haqida davlat rahbari shu yilning 11 yanvarida poytaxtdagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishuv chog‘ida tavsiyalar bergan edi. Adiblar xiyoboni yonidagi bino rekonstruksiya qilinib, mazkur muzey shu yerga joylashtirildi.

«Buyuk ipak yo‘lining gavjum chorrahasida joylashgan Toshkent asrlar davomida ilm-fan, madaniyat va ma'rifat markazlaridan bo‘lib kelgan. Vatanimizning oltin ostonasi bo‘lmish poytaxtimiz bugungi kunda yanada rivojlanib, go‘zal va obod megapolislardan biriga aylanib bormoqda. Lekin shunday katta shahar shu vaqtga qadar o‘zining muzeyiga ega emas edi», – deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Toshkent shahri muzeyi 2200 yillik tarixga ega bo‘lgan hududning qadim o‘tmishi, urf-odat va an'analari, ilm-fani, madaniyati va san'atini o‘zida aks ettiradi. Hozirgacha bu yerda mingga yaqin eksponatlar to‘plangan. Muzey fondini boyitish izchil davom ettirilmoqda.

Birinchi qavatda «Toshkent – ilm-fan markazi», «Toshkent – bag‘rikenglik shahri», «Amaliy san'at. Kundalik hayot va madaniyat» deb nomlangan ekspozitsiyalar tashkil etilgan.

Ikkinchi qavatda qadimiy ish qurollari, xo‘jalik buyumlari, qadamjolarning maketlari namoyishga qo‘yilgan.

Eksponatlarga o‘zbek, rus va ingliz tillaridagi matnlar bilan sharh beriladi. Monitorlar, infokiosklar va boshqa texnologiyalar yordamida qo‘shimcha ma'lumotlar taqdim etiladi.

«Bu birinchi qadam. Toshkentda ilmiy tadqiqotlar uchun juda katta manba bor. Lekin shu paytgacha yaxlit va to‘liq o‘rganilmagan. Endi 2200 yillik tarixni davrma-davr o‘rganish, muzeyni ashyoviy dalillar bilan boyitib, shahar sivilizatsiyasini to‘la yuzaga chiqarish kerak», – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu maqsadda ilmiy-tadqiqot instituti tashkil qilish, arxeologlarga sharoit yaratish, izlanishlar natijasi bo‘yicha kitoblar chop etish zarurligi ta'kidlandi.

Mahalla va maktab yoshlarini bu yerga olib kelish, boshqa shaharlarda ham shunday muzeylar tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Top