23:24 / 20.05.2020
86406

To‘rt hududda yangi kasallanish holatlari aniqlandi, Navoiyda bemorlar soni keskin o‘sdi

20 may kuni O‘zbekistonda jami 84ta yangi zararlanish holati qayd etildi va 31 nafar bemor tuzaldi. Shu vaqtgacha 2372 bemor sog‘aygan, ayni vaqtda shifoxonalarda 554 bemor davolanmoqda. 

SSV ma'lumotiga ko‘ra, bugun qayd etilgan yangi kasallanish holatlarining 44tasi xorijdan kelgan fuqarolar bilan bog‘liq - 14 may kuni Sankt-Peterburgdan charter reys orqali kelgan 9 kishida virus aniqlangan, shuningdek, Rossiyaning boshqa hududlaridan olib kelingan 20 kishiga, xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchisi hisoblangan 5 kishiga va Qozog‘istondan kelgan 10 kishiga koronavirusdan zararlanish tashxisi qo‘yilgan.

Bugun respublikaning to‘rt hududida yangi kasallanish holatlari qayd etildi.

Toshkent shahrida karantinda bo‘lgan 10 kishida virus aniqlangan. Ayni vaqtda Toshkent xorijdan olib kelinganlar hisobiga virus eng ko‘p qayd etilgan hudud bo‘lib qolmoqda.

Navoiy viloyatida bemorlar soni keskin ortgan - yana 17 kishida virus aniqlangan. Bu viloyat hozirda davolanish ko‘rsatkichlari bo‘yicha respublikadagi eng oxirgi o‘rinda bormoqda - 46ta zararlanish holati qayd etilgan, atigi 2 bemor sog‘aygan (4 foiz).

Samarqand viloyatida yana 10 kishiga koronavirusdan zararlanish tashxisi qo‘yildi. Ushbu viloyatda epidemiya boshlanganidan buyon 291ta zararlanish holati qayd etildi, shu vaqtgacha bemorlarning 178 nafari sog‘aydi, 1 bemor vafot etdi, shifoxonada 112 nafar bemor qolmoqda, ushbu viloyat ham koronavirusdan tuzalish ko‘rsatkichlari bo‘yicha eng quyi o‘rinlarda.

Bugun shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasida 3 bemor qayd etildi.

Bugun jami 31 bemor tuzaldi - Qoraqalpog‘istonda 6, Namanganda 5, Toshkentda 17, Samarqandda 3, Xorazmda 2, Surxondaryoda 1 (bu viloyatda so‘nggi bemor edi va endi Surxondaryo koronavirusdan xoli hududga aylandi).

Ayni paytda Buxoro va Xorazm viloyatlari davolanish ko‘rsatkichlarini 99 foizga yetkazib, koronavirusdan xoli hudud bo‘lishga yaqin turibdi. Shu kungacha 2939 nafar kasallikka chalinganlarning 2372 nafari butunlay sog‘aydi, respublika bo‘yicha davolanish ko‘rsatkichi 80 foizni tashkil etmoqda.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top