23:49 / 21.05.2020
9262

AQShda ulkan neftchi haykaliga Ilon Mask yuzi chizib qo‘yildi

AQShning Talsa shahri aholisi milliarder va tadbirkor Ilon Mask shaharda Tesla zavodini qurishi uchun uning e'tiborini antiqa yo‘l bilan jalb qilishga qaror qildi. 

Oklaxoma shtatida joylashgan shahar aholisi Mask shaharda elektromobillar ishlab chiqaruvchi Tesla kompaniyasining yangi zavodi qurishini istamoqda. Shu sababli odamlar shaharda o‘rnatilgan “Oltin burg‘ilovchi” deb nomlangan ulkan neftchi ko‘rinishidagi haykalning yuz qismiga tadbirkorning yuzini va ko‘krak qismiga kompaniya logotipini chizib qo‘yishgan.

Ta'kidlash joiz, temirbeton haykalning balandligi 9 qavatlik uyga teng bo‘lib, vazni 22 tonna keladi. 

Maskning yuzi chizilgan haykalning suratlari ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘lganda, foydalanuvchilar hayratga tushib, g‘oya kreativ bo‘lganini, ammo u rasvo amalga oshirilganini ta'kidlab o‘tishgan.

Foto: jalopnik.com

“Oltin burg‘ilovchi” haykali XX asr o‘rtalarida paydo bo‘lib, u Xalqaro neft ko‘rgazma markazi uchun yasalgan va neftchilarga bag‘ishlangan. 1979 yildan boshlab haykal Oklaxoma shtatining rasmiy ramzi hisoblanadi.

Ushbu haykaldan o‘z vaqtida turli brendlar reklama maqsadida foydalangan.

Mavzuga oid
Top