10:30 / 22.05.2020
47654

Past Darg‘om tumani markazi yopildi

Samarqand viloyatining Past Darg‘om tumanida joylashgan Juma shahrida harakat vaqtincha to‘xtatildi.

Past Darg‘om tumani hokimi Shunqor Xudoyberdiyevning farmoyishiga asosan 21 may kuni soat 19:00dan boshlab, tuman aholisining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va xavfsizligini ta'minlash, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilish hamda koronavirus infeksiyasi tuman hududi bo‘ylab tarqalishining oldini olish maqsadida tuman markazi Juma shahriga tumanning boshqa hududlaridan kirib kelayotgan avtotransport vositalari hamda fuqarolarning quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha harakatlanishi  vaqtincha to‘xtatiladi:

– 4R-46a avtomobil yo‘lining 1-kilometri, Juma shahriga kirish yo‘li; 

– Juma shahar Havuzak mahallasi Kamalak ko‘chasi yo‘li;  

– 4K-547 avtomobil yo‘lining Juma shahar Sh.Rashidov mahallasi M.Sharapov va Bo‘ston ko‘chalariga kirish yo‘li; 

– Samarqand – Juma – Kattaqo‘rg‘on 4R-46 avtomobil yo‘lining 24-kilometri, Juma shahriga kirish yo‘li; 

– Samarqand – Juma – Kattaqo‘rg‘on 4R-46 avtomobil yo‘lining 25-kilometri, Juma shahar Buyuk Turon ko‘chasiga kirish yo‘li.

Qayd etish kerakki, Samarqand viloyati ayni vaqtda epidemiologik vaziyat eng og‘ir hududlardan biri bo‘lib turibdi, viloyatda har kuni yangi kasallanish holatlari qayd etilmoqda. 21 may kuni viloyatda aholi orasida 3 kishida virus aniqlangandi, bugun ham oldindan karantinda bo‘lmaganlar orasida 13ta yangi holat tasdiqlandi.

Bungacha viloyatdagi kasallik o‘choqlari Toyloq, Oqdaryo, Payariq, Ishtixon tumanlari va Samarqand shahrida edi. Shuningdek, xorijdan kelayotgan yuk mashinasi haydovchilari orasida kasallik aniqlanayotgandi. 21 may kuni Samarqandda oldindan karantinda bo‘lmagan bir kishi oila a'zolariga virus yuqtirgani ma'lum bo‘ldi.

O‘zbekistonda 11 maydan «sariq» va «yashil» hududlarda karantin choralari yumshatilishi boshlangan, ammo «qizil» hudud hisoblangan Samarqandda 17 maydan karantin qoidalari kuchaytirilgan tartibda davom ettirilmoqda, ushbu hududda maxsus ruxsatnomasiz avtomobillar harakati taqiqlangan. 

Viloyatda shu vaqtgacha kasallik tasdiqlanish holatlari soni 300dan oshdi, ayni vaqtda shifoxonalarda yuzdan ortiq bemor davolanmoqda.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top