18:38 / 22.05.2020
11517

«Vaqf» fondi rahbari - ikki yillik faoliyat sarhisobi va oldindagi rejalar haqida

Ramazon – Qur'on va rahmat oyi. Bu oyda moli nisobiga yetgan mo‘min-musulmonlar zakot ibodatini ham ado etishadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi fatvo hay'ati Ramazon oyi munosabati bilan qabul qilgan qarorida zakot va fitr sadaqalarini idora huzuridagi «Vaqf» xayriya jamoat fondi hisob raqamiga o‘tkazishni tavsiya qildi. Shu munosabat bilan «Vaqf» xayriya jamoat fondi rahbari Iskandar domla Xalilov bilan uchrashdik.

Vaqf o‘zi nima?

«Vaqf» so‘zi lug‘atda «kutib turish, saqlab turishlik» degan ma'nolarni anglatadi, ya'ni vaqf qilingan narsa sotilmaydi, meros qilib qoldirilmaydi. Istilohda esa aslni ushlab turib, foydasini kishilarga ehson qilishga vaqf deb aytiladi.

Vaqf bilan inson Alloh taologa qurbat hosil qiladi. Allohga yaqinlik hosil qiladi va shu asnoda Alloh roziligiga erishishga harakat qiladi. Bu haqida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Aslini tutib turgin, samarasini ehson qilgin», deb marhamat qilganlar.

Islomda vaqfning hukmi qanday? Uning dalillari nimalardan iborat?

Alloh Qur'onda marhamat qiladiki: «Yaxshi ko‘rgan narsalaringizdan ehson qilmagunlaringizga qadar yaxshilikka, jannatga yeta olmaysizlar».

Bu haqida Qur'oni karimda ko‘p oyat va dalillar keltirilgan.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam marhamat qiladilarki: «Inson vafot etsa, uning amali to‘xtaydi. 3ta narsaning savobi yetib turadi. Birinchisi – sadaqai joriya, ikkinchisi – foyda beradigan ilm, uchinchisi – duo qiladigan solih farzand».

Bilamizki, shu sadaqai joriya savobi doim insonga yetib turadigan ajr hisoblanadi. Shariatimiz vaqfning hukmlarini, asoslarini shu oyat va hadislardan istihbod qilib chiqarib olgan.

Usmon roziyallohu anhu quduqni sotib olib, Allohning yo‘liga vaqf qilganlar. Hozir ham Madinada shu quduq bor va undan ko‘p yillar davomida musulmonlar manfaatdor bo‘lgan.

Savobi doimiy borib turadigan narsaga sadaqai joriya deyiladi. Vaqf mana shu kabi dalillardan olingan.

«Vaqf» xayriya jamoat fondining vazifalari nimalardan iborat?

Fond o‘z oldiga bir qancha maqsadlarni qo‘ygan. Diniy ta'lim muassasalari, tolibi ilmlar, ustozlar, imom-xatiblar, noib-imomlar, masjidda ishlaydigan xodimlar, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlami, nogironligi bo‘lganlar yoki kam ta'minlangan kishilarga yordam berish, masjid, madrasalarni ta'mirlash, rekonstruksiya qilish va diniy-ma'rifiy kitoblarni chop etish, ota-bobolarimiz qoldirgan meroslarni xalqqa yetkazish kabilar fondning vazifalaridir.

Fond mablag‘lari qanday shakllantiriladi?

Xayriya jamoat fondi asosan 3ta: vaqf, xayriya, zakot (ushr, fidya, fitr sadaqasi) hisob raqamlariga ega.

Bu hisob raqamlarga alohida mablag‘ tashlaydiganlar uchun «Vaqf» fondida billing tizimi tashkil qilingan bo‘lib, har bir fuqaro tushirgan mablag‘ini vaqf.uz sayti orqali ko‘rishi va qayerga sarflanganini bilishi mumkin.

Fondga zakot mablag‘ini internet to‘lov tizimlari orqali o‘tkazsa ham bo‘ladi.

Fond faoliyatining tamoyillari

«Vaqf» xayriya jamoat fondi Allohning kalomi, Payg‘ambar s.a.v. sunnatlari va yurtimizning qonun-qoidalariga ko‘ra o‘z ishini amalga oshiradi. Shariat ko‘rsatmasiga muvofiq, zakotlarni ham o‘z egalariga yetkazib berishga harakat qiladi, chunki vaqfga tushgan har bir mablag‘ omonat hisoblanadi.

Omonat – eng og‘ir yuk. Mana shu og‘ir yukni egasiga topshirish vakolati bizga berilgan ekan, bu Alloh oldida ham, insonlar oldida hisobini beramiz.

Qanday kishilarga zakot, ushr, xayriyalar berishlar bo‘yicha yo‘riqnomalar ishlab chiqilgan.

Nimalarni vaqf qilish mumkin?

Vaqf asosan mol-mulklardan, ya'ni foyda beradigan narsalardan qilinadi. Oziq-ovqat vaqf qilinmaydi, chunki ular vaqfdan tashqaridagi narsalardir. Ilgarilari masjidlar, yo‘llar qurish, bog‘ yaratish, yerlar vaqf qilingan.

Vaqf qiluvchi kishi o‘zining vaqf qiladigan mulkiga ba'zi bir shartlarni qo‘yishi mumkin. Vaqf qilinadigan mol-mulkimning bir qismi o‘zimning ahlimga qoldiriladi, bundan chiqqan foydaning bir qismi kambag‘allar, tolibi ilmlarga beriladi, qolgan qismiga kitob chop etish mumkin, degan shartlarni qo‘yishi mumkin.

«Vaqf» fondiga xonadoni, binosini vaqf qilganlar bo‘ldimi?

«Vaqf» fondiga o‘z mulkini topshirish holati hozircha uchramadi. Lekin takliflar bo‘lib turibdi.

Xalqimizga vaqf shunday sadaqai joriyaki, oqib turuvchi savob ekanini tushuntirsak, insonlar albatta o‘z mulklarini Allohning yo‘lida ulug‘ vaqf qilishga muvaffaq bo‘lishadi.

Xorijiy vaqf tashkilotlari bilan qanday hamkorlik qilinmoqda?

O‘tgan yili Turkiya diyonat boshqarmasi bilan uchrashuv qildik. Ularning vaqf borasidagi tajribalarini ko‘rdik, memorandum imzoladik. Ularning vaqfiga 45 yil bo‘libdi.

Islom taraqqiyot banki bilan vaqf qonunchiligi bo‘yicha hamkorlik qilishga harakat qilyapmiz. Vaqf qonunchiligi haqida Islom taraqqiyot banki mas'ul xodimi Vosim Abdulvahhob bilan 2 marta uchrashuv o‘tkazdik.

Zakot mablag‘larini oluvchilarning haqiqatan ham haqdor ekani tekshiriladi

Zakot, fitr, fidya uchun alohida hisob raqam ochilgan. Zakot ibodat deganidir. Islomning besh farzidan biridir. Zakotni o‘rniga tushirishlik ham farz. Bu oddiy tushunchamas. Fond esa tushgan zakot pullarini o‘z egalariga yetkazishni kafolatlaydi.

Bizga keladigan yetimlar, kasalmand, nogironlar – hammasining haqdor ekanliklarini imom xatiblar ham tasdiqlab, mahalla faollari ham haqiqatda zakotga muhtoj ekanini tasdiqlab, hujjatlashtirilgandan keyingina o‘shanga zakot mablag‘lari berishga harakat qilinadi.

Zakot ko‘r-ko‘rona murojaat qilgan odamga berilavermaydi. Zakot haqli insonlarni tekshirib, haqiqatda shu zakotga haqli bo‘lsa, imom xatiblar yoki mahalla faollaridan shu kishi zakotga haqli degan hujjat olganimizdan keyin uning murojaati qondiriladi.

Jamoat fondiga tushadigan mablag‘larni onlayn kuzatish imkoni bor, ammo oxirgi vaqtlarda mablag‘lar onlayn o‘zgarmayapti. Buning sababi nima?

Fond billing tizim asosida shakllantiriladi, ya'ni qancha mablag‘ tushsa, bu o‘sha zahoti tizim orqali ko‘rinadi va xarajatlar ham aks etadi. Masalan, siz zakotingizni tashladingiz. Ismingiz yoziladi va nomingizdagi pul qayerga berilganini ham ko‘rsatadigan tizimni yaratishga harakat qilyapmiz. Hozirgi paytdagi tizim bo‘yicha tushgan va xarajat qilingan mablag‘ ko‘rinadi.

2 yillik sarhisob

Fond katta xayriya ishlarini amalga oshirdi. Tolibi ilmlarga kontrakt to‘lab berish, imom xatiblarni qo‘llab-quvvatlash, umuman olganda, respublikadagi barcha viloyatlarga muruvvat karvoni asosida xayriya tadbirlar amalga oshirdi.

Shu kungacha fondga 5 mlrd 846 mln 810 ming so‘m pul tushdi.

Undan 5 mlrd. 193 mln. 230 ming so‘m pulni 6500 nafar odamga taqsimot qilib berildi.

Bu mablag‘ tushishini ham billing tizimi orqali nazorat qilib boramiz.

Fond tomonidan 10ta aksiya o‘tkazildi. «Ilmga ko‘mak», kitob, masjidlar va «Obod xonadon» aksiyalari mavjud. Fond bu aksiyalar doirasida 30dan ortiq masjidlarni ta'mirlashga va ba'zilarini rekonstruksiya qilishga muvaffaq bo‘ldi.

Yaqinda Buxoroda qattiq shamol tufayli 21ta masjid tom qismini shamol ko‘tarib tashladi. Jamoat fondi homiylar jalb qilgan holda shu masjidlar tom qismini yopib berdi. Kuni kecha mana shu 21ta masjidning ichki ta'miri uchun qurilish materiallarini jo‘natdik.

Yil davomida amalga oshirilgan ishlarimiz bor. Navoiy viloyatining Nurota tumani Chuya qishlog‘ida «Chuya» masjidi bor. «Vaqf» fondi shu masjidni odamlarga qulay hududga ko‘chirib, yangi masjid qurishga hissa qo‘shdi. Qashqadaryo, Samarqand, Navoiy viloyatlari va boshqa chekka hududlarda shunday ishlarni amalga oshiryapmiz.

«Vaqf mulkidan obi hayot» aksiyasi bor. 5 km masofada Hakim Termiziy ziyoratgohi yoniga suv olib borishga muvaffaq bo‘ldik. Samarqandda ham shunaqa ishlar amalga oshirilyapti.

«Obod xonadon» aksiyasi doirasida Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida 3ta uy qurib berildi.

«Malham» xayriya aksiyasi doirasida Qon quyish gematologiya markazida oqqonga chalingan bolalarga yordam berib kelyapmiz. Nogironligi bo‘lgan bolalarga ko‘mak berishga harakat qilinyapti.

Bizga murojaat qilganlarning har biriga e'tibor berib, murojaatini qondirishga harakat qilamiz. Shunaqa murojaatchilar keladiki, qaniydi imkoniyatingiz bo‘lsa, ularning hojatini chiqarsangiz. Bular asosan jigar sirrozi bilan kasallanishgan. Hattoki jigari yarmini o‘z eriga berishga rozi bo‘lgan ayollar keldi.

Yuzlab odamlar Hindistonda operatsiya qilishga muhtojligidan kelyapti.

Fondning klinikasini ochish rejalashtirilmoqda

Tibbiyot klinikasi ochib, bizga murojaat qilganlarni davolash, kerak bo‘lsa Hindistondan shifokorlarni olib kelish ishlarini amalga oshirmoqchimiz. Muhtojlarga bu xizmatlar bepul bo‘ladi.

Shuningdek, Moskvaning protez ishlab chiqaradigan korxonasi bilan hamkorlik qilishni mo‘ljallashtiryapmiz, chunki ularning protezlari ancha sifatli ekan.

Murojaat qilayotganlarning aksariyati kichkina pul so‘ramayapti. Kamida 50-100 mln. so‘mdan so‘ralyapti. 3538 nafar fuqaroga 2 mlrd 274 mln so‘m mablag‘ ajratildi. Jumladan, jarrohlik amaliyoti uchun 776 nafar shaxslarga 922 mln so‘m, dori-darmon uchun 1071 nafar shaxsga 955 mln so‘m ajratildi. 

Ramazon oyi murojaati

Mana, ulug‘ oyda turibmiz. Ulug‘ oy ichidagi eng ulug‘ 10 kunligida turibmiz. Savoblar, ajrlar cheksiz beriladigan vaqtda turibmiz, chunki bu vaqt 1 yildan keyin qaytib keladi. Bizga shu yoki nasib qiladi, yoki qilmaydi. Demak, bizga shu narsa nasib qilayotgan ekan, bu kunlarda ulug‘ kunlarni qilishga harakat qilishimiz kerak.

Har bir inson: ilm o‘qiydigan kishi ko‘proq ilm bilan, so‘z bilan ehson qiladiganlar so‘z bilan, boy-badavlatlar o‘zlarining saxovatlari, zakotlarini o‘rniga tushirishlari bilan harakat qilishlari lozim. Chunki bu kunda beriladigan har bir mablag‘ning qiymati ajri, savobini olib keladi.

Shu saxovatpesha vatandoshlarimiz bu kunlarni g‘animat bilishga, bu kunlarda savob ish qilishda musobaqalashishga chaqiraman, chunki Alloh Qur'onda bandalarini savob ish qilishga musobaqa qilishga buyurgan. Ayniqsa, saxiy kishilarimizning bu kundagi musobaqasi boshlandi. Sahobalar mana bu kunda musobaqalashardi, ya'ni kim ko‘p yaxshilik qilishga musobaqa qilishardi.

Shunday imtihon kunlarda ko‘proq musobaqa qilishimiz kerak. Yaxshilikning ham, savobning ham katta-kichigi bo‘lmaydi.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytganlarki, Alloh 3ta narsani ichida 3ta narsani yashirgan. Birinchisi, yaxshiliklarning ichida o‘z roziligini yashirgan. Yaxshilikning katta-kichigi ma'lum emas. Kichkina yaxshilik bo‘lsayam, qilishga harakat qilishimiz kerak. Balkim shuning ichida Allohning roziligi, fayzi, barakasi bordir.

Alloh Qur'onda: «Kimki zarracha misqol savob bo‘lsa ham qilsa, u Allohning huzurida ko‘radi», dedi. Bu kunlarda qilingan savob katta ajrlarni keltiradi.

Ikkinchisi, gunohlarning ichida Alloh o‘z g‘azabini yashirgan, dedilar. Qaysi gunoh amalini? Biz bilmaymiz. Katta gunohmi yoki kichigi? Yoki bo‘lmasa bir so‘zimizning ortidan kelgan gunohmi? Demak, kichik gunoh bo‘lsa ham, uni pisand qilmaslik emas, unga yo‘l qo‘ymasligimiz, saqlanishimiz kerak.

Uchinchisi, Alloh avliyolarni xalq ichiga yashirgan, dedilar. Kimni ko‘rsang, avliyo bil, deydi xalqimiz. Biz kishilarga xuddi shunday muomala qilsak, Allohning do‘sti sifatida murojaat qiladigan bo‘lsak, jamiyatda o‘zaro adovat, g‘azabnoklik paydo bo‘lmaydi. Jamiyat isloh bo‘la boshlaydi.

Ikkinchi ma'nosi – Allohning valiy do‘stlari xalq ichida bo‘ladi. Ular abdollardir. Ularning duolari Xudoning dargohida qabul bo‘ladi. Shuning uchun bu kunlarda har bir kishi duo qilishi kerak. Har bir kishi duo qilsa, balki Allohning valiysi o‘sha insondir. O‘shaning duosi orqali mo‘l-ko‘lchilik bo‘ladi.

Mavzuga oid
Top