07:36 / 23.05.2020
11315

Hukumat «O‘zshaharsozlik LITI» faoliyati bo‘yicha qaror qabul qilishi kutilyapti

“O‘zshaharsozlik LITI” davlat unitar korxonasi faoliyati tubdan takomillashtiriladi.

Vazirlar Mahkamasining “O‘zshaharsozlik LITI” davlat unitar korxonasi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va Qurilish vazirligining “O‘zshaharsozlik LITI” davlat unitar korxonasini “O‘zshaharsozlik LITI” aksiyadorlik jamiyati shaklida qayta tashkil etish bo‘yicha taklifiga rozilik beriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Qurilish vazirligining “O‘zshaharsozlik LITI” aksiyadorlik jamiyatidagi ulushini 51 foiz miqdorida saqlagan holda va qolgan 49 foizi qonunchilikda belgilangan tartibda ochiq savdolarda salohiyatli xorijiy investorlarga sotilishini ta'minlaydi.

“O‘zshaharsozlik LITI” aksiyadorlik jamiyati “O‘zshaharsozlik LITI” davlat unitar korxonasining barcha huquq va majburiyatlari hamda tuzilgan shartnomalar bo‘yicha huquqiy vorisi ekanligi belgilab qo‘yiladi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “O‘zshaharsozlik LITI” aksiyadorlik jamiyati bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilikda belgilangan tartibda aksiyadorlik jamiyatini qayta tashkil etish bo‘yicha tegishli choralar ko‘radi.

“O‘zshaharsozlik LITI” aksiyadorlik jamiyatining asosiy vazifalari quyidagilar etib belgilanadi:

shaharlar va shahar aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish;

shaharsozlik yo‘nalishidagi strategik vazifalarni bajarish maqsadida shaharlarda urbanizatsiya masalalarini hal etish va amalga oshirish, shuningdek aglomeratsiyalar, megapolislar va metropolislar joylashishini belgilash;

hududlarni rivojlantirishni rejalashtirishda shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish mexanizmini yanada takomillashtirish;

bino va inshootlarning loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish;

loyihalashtirish jarayonida innovatsion yondashish, jumladan BIM-texnologiyalarini tatbiq etish;

loyihalashtirish bosqichlarida barcha jarayonlarni tizimlashtirish va optimallashtirishni nazarda tutgan holda ISO standartlari asosida sifat menejmenti tizimlarini joriy etish;

qurilishning ilg‘or uslublarini, zamonaviy va energiya tejovchi qurilish materiallarini loyiha yechimlariga tatbiq etish;

loyiha ishlab chiqarishni takomillashtirish, bunda ilg‘or xorijiy tajribadan foydalangan holda loyihalashtirishning zamonaviy ilmiy jihatdan asoslangan texnologik tartiblarni ishlab chiqish va tatbiq etish;

korxona va hududiy filiallari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, zamonaviy dasturiy mahsulotlardan foydalangan holda obektlarni avtomatlashtirilgan tarzda loyihalashtirishning zamonaviy texnologiyalarini joriy etish;

loyihalashtirish jarayonlariga zamonaviy me'yor va standartlarni joriy qilish, bunda xalqaro standartlar darajasida yuqori texnologik uslublar va uskunalarni qo‘llashni ko‘zda tutish;

namunaviy loyihalashtirishdan yanada keng foydalanish, hamda loyihalarni optimallashtirish va qiymatini pasaytirish;

shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqishda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan xususiylashtirilgan yer uchastkalarini joylashuvi va yer uchastkasidan foydalanish maqsadiga alohida e'tibor qaratish;

loyihalarni talabga muvofiq to‘g‘ri shakllanishi, loyiha hujjatlari va qurilishning barcha bosqichlarida sifatli mualliflik nazoratini ta'minlash, uni belgilangan standartlar, me'yorlar va tartiblarga moslashtirish;

mutaxassislarning kasbiy darajasini tubdan oshirish, yosh iqtidorli mutaxassislarni jalb etish va rivojlangan xorijiy davlatlarda ularning malakasini oshirish;

shtat jadvaliga qurilish va loyihalash sohasida yuqori malakaga ega bo‘lgan xorijiy mutaxassislarni (arxitektor, muhandis) jalb qilish.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Qurilish vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda “O‘zshaharsozlik LITI” AJda kuzatuv kengashiga ikki nafar xalqaro mustaqil a'zoni tayinlash, kuzatuv kengashi qoshida qo‘mitalar tashkil etish, axloq kodeksi, manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi nizom va korporativ boshqaruv sohasidagi boshqa ichki hujjatlarni ishlab chiqish va tasdiqlashni ko‘zda tutgan holda korporativ boshqaruvning eng samarali amaliyotlari tatbiq etilishini ta'minlaydi.

“O‘zshaharsozlik LITI” aksiyadorlik jamiyati loyihalash ishlarini amalga oshirishda subpudrat tashkilotlarini tanlash hamda bosh rejalarni ishlab chiqish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzish huquqi berilgan tashkilotlar ro‘yxatiga kiritiladi.

“O‘zshaharsozlik LITI” aksiyadorlik jamiyatiga mutaxassislarning malakasini oshirish maqsadida qurilish-loyihalash yo‘nalishida yetarli tajribaga ega bo‘lgan xorijiy kompaniyalarni hamda yuqori malakali mutaxassislarni o‘zaro shartnomalar asosida jalb etilishiga ruxsat beriladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda shaharsozlik hujjatlarini saqlash maqsadida “O‘zshaharsozlik LITI” aksiyadorlik jamiyati filiallari uchun viloyat markazlarida davlat tasarrufidagi binolarning xususiylashtirib berilishini ta'minlaydilar.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi:

aholi punktlarining ijtimoiy iqtisodiy rivojlanish salohiyatidan kelib chiqib, bosh rejalar va hududlarni me'moriy rejalashtirish loyihalarini ishlab chiqish ustuvorligini belgilaydi;

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Qurilish vazirligi bilan birgalikda ishlab chiqiladigan bosh rejalar va hududlarni me'moriy rejalashtirish loyihalari moliyalashtirish manbalarini aniqlaydi.

Top