22:02 / 24.05.2020
31256

Qirg‘iziston va Tojikiston chegarachilari o‘rtasida otishma yuz berdi

Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasida chorvaning noqonuniy o‘tlatilishi tufayli ikki tomon chegarachilari o‘rtasida otishma sodir bo‘ldi. Voqea Botken tumanining Mo‘ynoq qishlog‘ida yuz bergan. 

Tojikiston tomondan bir chegarachi yaralangan. Qirg‘iziston tomonining ma'lum qilishicha, respublika chegarachilari Qirg‘iziston hududida chorvaning noqonuniy o‘tlatilishi oldini olishgan. Ta'kidlanishicha, Tojikistonning Vorux anklavi aholisi tomonidan qoidabuzarlikka yo‘l qo‘yilgan. “Tojik tomonidan noma'lum shaxslar qirg‘iz chegarachilari tomon o‘q uza boshladi. Keyinroq soat 11:40larda Qirg‘iziston va Tojikiston chegarachilari o‘rtasida kichik otishma yuz bergan”, deb ma'lum qilingan Qirg‘iziston davlat chegara xizmatida
        
Tojikistonning ta'kidlashicha, ushbu voqea Qirg‘iziston tomonidan amalga oshirilgan ig‘vo bo‘lgan. Tojikiston versiyasiga ko‘ra, qirg‘iz cho‘ponlari Tojikiston hududiga kirib borib, Puli Oftobro‘ya qishlog‘i aholisi bilan mojaroga kirgan. “Qirg‘iziston tomoni bahsli hududlarda chegara chizig‘ini belgilovchi ikki tomonlama kelishuvlarga amal qilish o‘rniga, voqea joyiga chegarachilarning qo‘shimcha kuchlarini jo‘natgan. Ular esa Puli Oftobro‘yaning qurolsiz aholisi tomon o‘q uzgan”, deb ma'lum qilingan o‘z navbatida Tojikiston davlat chegara xizmatida. Mojaro davomida 2001 yilda tug‘ilgan tojikistonlik chegarachi oyog‘idan jarohat olgan.

Ikki qo‘shni davlat chegarasida mahalliy aholi va ikki tomon chegarachilari o‘rtasida vaqti-vaqti bilan nizoli vaziyatlar yuz berib turadi. Buning asosiy sababi chegaraning ba'zi qismlari aniq belgilanmagani va chegara qayerdan o‘tishini tushunish qiyinligi hisoblanadi. Oxirgi shunday mojarolardan biri 8 may kuni yuz bergandi. O‘shanda Qirg‘iziston tomondan 3 harbiy, Tojikiston tomondan 2 kishi jarohat olgandi.

Top