19:35 / 26.05.2020
15659

Prezident pandemiyaning iqtisodiyotga ta'sirini yumshatishga qaratilgan hujjatlar ijrosi oqsayotganini tanqid qildi

Prezident investitsiya masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi vaqtida pandemiyaning iqtisodiyotga ta'sirini yumshatishga qaratilgan 16ta hujjat ijrosi oqsayotgani haqida gapirdi.

«Shu o‘rinda bir muhim masalaga e'tiborni qaratmoqchiman. Pandemiyaning iqtisodiyotga ta'sirini yumshatishga qaratilgan 16ta hujjat qabul qildik. Lekin joylarda ushbu qarorlar ijrosini tashkil etish oqsamoqda, yaratilayotgan sharoit va imtiyozlarni fuqarolar va tadbirkorlarga manzilli yetkaza olmayapmiz.

Oliy Majlis palatalari joylarda xalq deputatlari kengashlari bilan birga pandemiyaga oid prezident qarorlari va topshiriqlari ijrosi yuzasidan parlament va kengashlarning ta'sirchan nazoratini yo‘lga qo‘yish kutilgan natija berishi mumkin.

Shuningdek, tuman, shahar, viloyat hokimlari, vazirlar har oyda bir marta prezident qarorlari ijrosi bo‘yicha brifing o‘tkazib, ommaviy axborot vositalari, parlament vakillari va keng jamoatchilik oldida hisobot berib borsin.

Albatta, karantin choralarini yumshatish oqibatida 19 mingdan ziyod (91 foiz) sanoat, 9 mingta (76 foiz) qurilish, 51 mingta (52 foiz) xizmat ko‘rsatish, 45 mingta (44 foiz) savdo korxonalarining faoliyati tiklandi.

Buning natijasida may oyida soliq va bojxona tushumlari o‘tgan oyning mos davriga nisbatan 230 milliard so‘mga, tovar-xomashyo birjasida qurilish materiallari savdosi hajmi esa 20 foizga ko‘paydi.

Tijorat banklari tomonidan kredit ajratish hajmi o‘tgan oyning mos davriga nisbatan 13 foizga o‘sdi.

Bu boradagi ishlarimizni karantin talablariga qat'iy amal qilgan holda, ham tarmoq, ham hudud kesimida manzilli tarzda davom ettirishimiz lozim», degan prezident.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top