18:37 / 29.05.2020
13195

Tashqi ishlar vaziriga yana bir o‘rinbosar tayinlandi

O‘zbekistonning Pokistondagi elchisi Furqat Siddiqov Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosariga aylandi.

O‘zbekiston prezident qarori bilan Furqat Ahmedovich Siddiqov O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

U 2015 yildan buyon O‘zbekistonning Pokistondagi Favqulodda va muxtor elchisi lavozimida ishlab kelayotgandi.

Qayd etish kerakki, bu Tashqi ishlar vazirligida shu yilning o‘zida beshinchi tayinlov bo‘lmoqda.

Shu yilning fevral oyi oxirida 2018 yildan buyon Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Ilhom Ne'matov lavozimidan ozod etilib, Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosariga aylangandi. Uning o‘rniga O‘zbekistonning Hindistondagi elchisi Farhod Arziyev Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosariga aylandi.

Mart oyida Avstriyadagi elchi Sherzod Asadov Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari etib tayinlandi.

Aprel oyida esa O‘zbekistonning Germaniyadagi diplomatik vakolatxonasida bosh konsul bo‘lib ishlab kelgan Erkin Hamroyev TIV rahbari o‘rinbosari lavozimini egalladi.

Abdulaziz Komilovning yana bir o‘rinbosari Dilshod Axatov 2018 yil mayidan buyon lavozimida ishlab kelmoqda.

Mavzuga oid
Top