21:40 / 01.06.2020
42101

AQShning ba'zi shaharlarida politsiyachilar ham namoyishlarga qo‘shildi. Qurbonlar soni ortmoqda

25 may kuni afroamerikalik Jorj Floyd Minneapolis politsiya ofitserining oyog‘i ostida o‘lim topishi ortidan boshlangan namoyishlar AQSh bo‘ylab bir haftadan buyon davom etmoqda.

1 iyunga kelib, tartibsizliklar oqibatida halok bo‘lganlar soni 11 nafarga yetdi. Ulardan 9 nafari quroldan otilgan o‘q qurboniga aylandi. Minneapolisda katta yuk mashinasi namoyishchilar ustiga haydab borilishi oqibatida bir kishi vafot etdi.

Namoyishlar boshlanganidan buyon 4,4 mingdan ortiq kishi hibsga olindi.

O‘nlab shaharlarda komendantlik soati joriy etilib, favqulodda holat e'lon qilindi.

AQSh koronavirus eng ko‘p tarqalgan mamlakat ekani ham namoyishchilarni to‘xtatib qola olmayapti.

Politsiya bilan to‘qnashuvlar tez-tez kuzatilib turgan bo‘lsa-da, ayrim shaharlardagi namoyishlarga politsiya vakillari ham qo‘shilgan.

Kamden okrugi politsiyasi boshlig‘i Jo Vaysokki
Foto: AP / April Saul
Koral Geybls shahri politsiyachilari
Foto: Eva Marie Uzcategui / AFP via Getty Images
Santa Kruz shahri politsiyasi boshlig‘i Endi Mills (o‘ngda) va Jastin Kammings (chapda)
AP / Shmuel Thaler
Fergyuson shahri politsiyachilari
Foto: Robert Cohen/St. Louis Post-Dispatch via AP
Hyuston shahri politsiyasi boshlig‘i Art Asevedo
Foto: Mark Felix/AFP via Getty Images
Kanzas shahri politsiyachilari
Foto: Twitter

Eslatib o‘tamiz, Minnesota shtatining Minneapolis shahri politsiya ofitseri Derek Shovin 25 may kuni oziq-ovqat do‘konidan soxta chek orqali savdo qilganlikda gumonlangan 46 yoshli qora tanli qorovul – Jorj Floydning o‘limiga sababchi bo‘ldi.

Shovin va uning uch hamkasbi qurolsiz Floydni avtomobildan tushirib, qo‘liga kishan taqishadi va politsiya mashinasi tomonga olib kelishadi. Mashina oldida afroamerikalik asfaltga yotqiziladi, ofitser esa tizza bilan bo‘g‘ish uslubini qo‘llagan holda 8 daqiqa 46 soniya uning bo‘ynidan bosib turgan.

Mavzu
Minneapolisdagi namoyishlar
25 may kuni Minneapolisda politsiya tomonidan qo‘lga olingan 46 yoshli afroamerikalik Jorj Floyd vafot etgach AQShda ommaviy namoyishlar boshlanib ketdi.
Barchasi
Top