13:11 / 01.06.2020
16066

Urganchda Malayziyaning Binary universiteti filiali tashkil etilishi mumkin

Xorazm viloyatida «Urganch shahridagi xalqaro «Binary» universiteti» nodavlat ta'lim tashkilotini tashkil etish to‘g‘risidagi hukumatning tegishli qaror loyihasi e'lon qilindi.

Foto: expat.com

Qaror loyihasiga muvofiq, filial faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib, quyidagilar belgilandi:

  • tadbirkorlik va boshqaruv, ijtimoiy-iqtisodiy hamda mehnat bozorida ehtiyoj yuqori bo‘lgan boshqa sohalar bo‘yicha yuqori malakali kadrlarni xalqaro standartlarga muvofiq sifatli tayyorlash;
  • o‘quv va ilmiy loyihalarni amalga oshirishda, shuningdek, ilm-fan, ishlab chiqarish va amaliyot oldida turgan dolzarb vazifalarni hal etishga yo‘naltirilgan ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borishda respublika va xorijiy yetakchi oliy ta'lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlik qilish;
  • o‘quv jarayoniga xorijiy oliy ta'lim va ilmiy tadqiqot muassasalaridan yuqori malakali professor-o‘qituvchilar, mutaxassislarni jalb etilishini ta'minlash;
  • o‘quv jarayoniga ilg‘or pedagogik va axborot texnologiyalari, fan va texnikaning eng so‘nggi yutuqlarini joriy etish.

Ta'kidlanishicha, filial faoliyati O‘zbekiston Respublikasi va Malayziyaning amaldagi qonunchiligi, shuningdek universitet, Xorazm viloyati hokimligi va Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi o‘rtasida imzolangan kelishuv shartnoma asosida amalga oshiriladi.

Filialda o‘qitish ingliz, rus va o‘zbek tillarida, O‘zbekiston Respublikasi davlat ta'lim standartlari talablarini inobatga olgan holda, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bilan kelishilgan holda Universitet tomonidan tasdiqlanadigan o‘quv rejalari va dasturlariga muvofiq to‘lov-kontrakt asosida amalga oshirilishi nazarda tutilmoqda.

Kadrlar tayyorlash esa bakalavriat va magistraturaning kunduzgi va sirtqi ta'lim shakllari, shu jumladan, davlat buyurtmasi bo‘yicha amalga oshiriladi. 

Filialda ta'lim faoliyati 2020/2021 o‘quv yilidan boshlanishi mumkin. Universitet o‘z mablag‘lari hisobidan har yilgi qabul parametrining 5 foizidan kam bo‘lmagan miqdorida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini grant asosida o‘qitishni amalga oshirish majburiyatini zimmasiga oladi.

Hukumat qaror loyihasi joriy yil 16 iyunga qadar jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan.

Ma'lumot uchun, Malayziyaning Bayneriy universiteti (Binary University) va Toshkent moliya instituti bilan hamkorlikda tashkil etilgan «BINARY GRADUATE SCHOOL» (BGS) qo‘shma fakulteti 2019/2020 o‘quv yili uchun quyidagi mutaxassisliklar bo‘yicha qabul o‘tkazgandi

Malayziya universitetining filiali dastlab Sirdaryo viloyatida tashkil etilishi bo‘yicha prezident qarori loyihasi havola etilgandi.

Mavzuga oid
Top