14:05 / 01.06.2020
65928

Vazirlik Kitobda bir kishi koronavirusdan vafot etgani haqidagi xabarlarga oydinlik kiritdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi kitoblik bemor koronavirusdan emas, yondosh kasalliklari tufayli vafot etgani to‘g‘risida ma'lum qildi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida vafot etgan shaxsga koronavirus tashxisi qo‘yilgani to‘g‘risidagi xabarlarga munosabat bildirdi.

«Gumonlanuvchi, 1963 yilda tug‘ilgan fuqaro N.O. Kitob tumanida yashagan. U 2020 yil 10 aprel kuni Qozog‘iston Respublikasiga ketgan. Joriy yil 9 may kuni yurtimizga qaytib kelgan va Toshkent viloyatidagi karantin markaziga tibbiy kuzatuvga olingan. 10 may kuni esa Yakkasaroy tuman tibbiyot birlashmasi terapiya bo‘limiga pnevmoniya tashxisi bilan yotqizilgan.

O‘tkazilgan diagnostik tahlillardan so‘ng bemorda Covid-19 infeksiyasi aniqlanmagan. Bundan avval u jigar sirrozi tashxisi bilan davolangan.

Shu yilning 29 may kuni  Kitob tuman tibbiyot birlashmasi shoshilinch tibbiy yordam bo‘limiga olib kelingan. Koronavirus infeksiyasiga olingan tahlil unda gumon natijani qayd etgani bois surtma namunalari 31 may kuni o‘rnatilgan tartibga ko‘ra, maxsus laboratoriyaga yuborilgan. Shu kuni u o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan vafot etgan.

Koronavirusga gumonlangan marhum bilan muloqotda bo‘lgan barcha fuqarolar ehtiyot chorasi sifatida statsionar va uy karantiniga olingan. Kitob tuman hududi to‘liq karantinga yopilgan. 

Shu yilning 31 may kuni yuborilgan surtma namunalarini takror tekshiruv natijalariga ko‘ra, marhum bemorda koronavirus infeksiyasi aniqlanmadi. Demak, bir oy ichida o‘tkazilgan ikkinchi bor diagnostik taxlil ham N.O. Covid-19 infeksiyasiga chalinmaganligini ko‘rsatgan. U yondosh kasalliklar tufayli vafot etganligi ma'lum bo‘ldi. Shunday bo‘lsa-da, qat'iy sanitariya qoidalariga ko‘ra, karantinga olingan fuqarolar ma'lum muddat tibbiy kuzatuvda bo‘lishadi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Bundan avvalroq Kitob tumanida koronavirus bilan kasallanganlik bo‘yicha gumonlanish holati qayd etilgani, shu tufayli tuman karantinga yopilgani ma'lum qilingandi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top