22:59 / 02.06.2020
24783

Xyuston politsiyasi boshlig‘i Trampga «og‘zini yumish»ni maslahat qildi

AQSh prezidenti Donald Tramp 1 iyunda barcha shtatlar gubernatorlari bilan telefon orqali suhbatda ulardan mamlakatni qamrab olgan norozilik namoyishlarida “ustunlik qilishni” talab qildi. 

“Agar siz ustun bo‘lmasangiz, unda behuda vaqt ketkazmoqdasiz”, deb aytgan Tramp. 

Xyuston politsiyasi boshlig‘i Art Asevedo CNN telekanaliga intervyuda Trampga ushbu so‘zlari uchun “og‘zini yumish”ni tavsiya qildi. Bu haqda TheQuint portali xabar berdi

“Menga AQSh prezidentiga barcha politsiya boshliqlari nomidan buni aytishga ijozat bering: iltimos, agar biror jo‘yali rejangiz bo‘lmasa, yaxshisi og‘zingizni yuming”, deb aytgan politsiya boshlig‘i.

“Gap ustunlik qilishda emas, qalblar va onglarni egallashda”, deb qo‘shimcha qilgan Asevedo.

U, shuningdek, Trampdan yoshlarning hayotini xavf ostiga qo‘ymaslikni iltimos qilgan. 

AQShda afroamerikalik Jorj Fldoyning o‘limidan keyin boshlangan noroziliklar kuchaygach, bir necha politsiyachilar Floydning o‘ldirilishini qoralab, namoyishchilarga qo‘shilgan. Shuningdek, ko‘plab gubernatorlar Trampning “ustunlik qilishga” chaqirig‘ini rad etishgan.  

Bu orada Tramp namoyishchilarni ularga qarshi harbiy kuch qo‘llanishidan ogohlantirgan. 

Mavzu
Minneapolisdagi namoyishlar
25 may kuni Minneapolisda politsiya tomonidan qo‘lga olingan 46 yoshli afroamerikalik Jorj Floyd vafot etgach AQShda ommaviy namoyishlar boshlanib ketdi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top