01:30 / 05.06.2020
8088

Nojo‘ya harakat sodir etganlar bilan aslo murosa qilinmaydi - MIB Samarqand viloyati boshqarmasi bayonoti

Internet saytlar va ijtimoiy tarmoqlarda «MIBning 2 nafar xodimi va bir «yugurdagi»ga hukm o‘qildi» sarlavhasi ostida xabarlar tarqaldi. Unda MIB Samarqand viloyati Paxtachi tuman bo‘limi ijrochisining fuqarodan pul talab qilgani haqida so‘z boradi.

Bugun korrupsiyaga qarshi keskin kurash ketayotgan bir vaqtda, avvalo, uning ildiz otishiga sababchi bo‘layotgan omillarni bartaraf etish eng samarali usullardan biri. Chunki pul bilan bog‘liq holatlarda yanada qaltis vaziyatlar yuzaga keladi.

Xo‘sh, byuro xodimlari sohadagi korrupsiya holatlarini qanday bartaraf etishmoqda? Shu savolga aniqlik kiritish uchun Bosh prokuratura huzuridagi MIB Samarqand viloyat boshqarmasining jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot tarmog‘i katta inspektori Do‘stbek Sulaymonov bilan bog‘landik.

«Byuro tashkil etilgan vaqtdan buyon korrupsiyadek illatga qarshi kurashish idora oldidagi asosiy vazifa va talablardan biri bo‘lib qolmoqda.

Shuni aytishim kerakki, Byuro organlarida xodimlar tomonidan yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan nojo‘ya xatti-harakatlarning oldini olish, korrupsion holatlarni fosh etish va uning oldini olish maqsadida, Ichki xavfsizlikni ta'minlash maxsus tarmog‘i aynan tizimdagi korrupsion holatlarni fosh etish va uning oldini olish bilan shug‘ullanadi.

Byuro tashkil topgandan buyon boshqarma tizimidagi 7 nafar xodim tomonidan sodir etilgan nojo‘ya xatti-harakatlarning 6tasi ichki xavfsizlikni ta'minlash maxsus tarmoq xodimlarining tashabbuslari asosida fosh etilgan.

Yuqoridagi holat bo‘yicha ham boshqarmaning ichki xavfsizlikni ta'minlash maxsus tarmog‘i tomonidan xizmat tekshiruvi olib borilgan. Oddiygina aytganda, Byuro xodimi degan nomga dog‘ tushirgan xodimlarga nisbatan murosasiz munosabat bildirilmoqda.

Xabar yuzasidan quyidagilarni ma'lum qilamiz.

O.Nuraliyev — Byuroning Paxtachi tuman bo‘limi davlat ijrochisi lavozimida ishlab kelgan.

Fuqaro G.X.ning murojaatiga asosan muqaddam Byuroning Paxtachi tuman bo‘limi davlat ijrochisi lavozimida ishlab kelgan O.Nuraliyev va boshqalarning xatti-harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilgan.

Tekshiruv davomida, fuqaro G.X. sobiq davlat ijrochisi O.Nuraliyevning ish yurituvidagi ijro ishining unga nisbatan bo‘lgan qismini tamomlash evaziga 4.000.000 so‘m miqdoridagi pul mablag‘larini talab qilayotganini bayon qilib, qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Aniqlanishicha, Byuroning Paxtachi tuman bo‘limi davlat ijrochisi O.Nuraliyev o‘zining norasmiy jamoatchi yordamchisi A.Abduvaliyevni jalb qilib, ish yurituvida bo‘lgan jinoyat ishlari bo‘yicha Paxtachi tuman sudining Jinoyat kodeksining 167-moddasi 2-qismi «b», «v», «g» bandlari va 209-moddasi 2-qismi «a» bandi bilan fuqaro G.X. va boshqalarga nisbatan bo‘lgan jinoyat ishi yuzasidan chiqarilgan ijro ishi bo‘yicha undiruvchilardan jami 18 mlndan ziyod so‘m yetkazilgan moddiy zarar undirish to‘g‘risidagi ijro hujjatini tamomlash evaziga fuqaro G.X.dan 4 mln so‘m miqdoridagi pul mablag‘larini talab qilgan.

2019 yil 13 sentabr kuni o‘tkazilgan tezkor tadbirda ushbu mablag‘larni olayotgan vaqtida ushlangan.

Hozirda, ular sud hukmi bilan o‘z ayblariga yarasha jazosini olishgan.

Yuqoridagi ta'kidlaganidek, Byuro nojo‘ya xatti-harakat sodir etgan xodimlar bilan aslo murosa qila olmaydi.

Bundan tashqari, xodimlarimizning muomala madaniyati, aholi bilan ishlashda yuzaga kelayotgan vaziyatlar va ijtimoiy tarmoqlar, messenjerlardagi kanallarda ular borasida e'lon qilinayotgan har bir shikoyat va murojaatlar o‘rganib boriladi», — deydi D.Sulaymonov.

Shuhrat Shokirjonov tayyorladi

Mavzuga oid
Top