17:49 / 06.06.2020
62878

«O‘rikzor» bozori virus o‘chog‘iga aylangan, Namanganda ichki ishlar xodimida virus aniqlangan

Toshkent shahrida «O‘rikzor», Yunusobod va «Mediapark» bozori ishchilarida, Namanganda IIB xodimida, Buxoroda yo‘l quruvchisida koronavirus aniqlandi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi 5-6 iyun kunlari aholi orasida qayd etilgan kasallanish holatlari bo‘yicha batafsil ma'lumotlarni taqdim etdi.

«Hamon aniq davo chorasi topilmagan koronavirus pandemiyasi dunyoni xavotirda ushlab turibdi. Ko‘plab davlatlar qatori yurtimizda ham koronavirus infeksiyasiga qarshi samarali olib borilayotgan chora-tadbirlar o‘z natijasini berib, karantin tadbirlari asta-sekin yumshatilayotgan bo‘lsa-da, karantin qoidalariga qat'iy amal qilish dolzarb bo‘lib turibdi. Negaki, mamlakatimizning turli hududlarida aholi orasida koronavirus qayd etilish holatlari uchrab turibdi.

Misol uchun, avval xabar qilganimizdek, 4 iyun kuni davomida koronavirus aniqlangan 96 nafar bemordan 13 nafari aholi orasida aniqlangan. 5 iyun kuni esa, umumiy kasallanish ko‘satkichi kamayib, 68 nafarni tashkil etgan bo‘lsa-da, ulardan 17 nafari aholi orasidan aniqlangan», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Ma'lum qilinishicha, 5 iyun kuni qayd etilgan holatlarning 9tasi Toshkent shahrida, 4tasi Qashqadaryo viloyatida, 2tasi Toshkent viloyatida aniqlangan, Namangan va Buxoro viloyatlarida ham aholi orasida bittadan holat qayd etilgan.

Jumladan, Toshkent shahridagi Olmazor tumanida nafaqadagi fuqaroda, Uchtepa tumanidagi «O‘rikzor» savdo majmuasida yana bir do‘kon sotuvchisi va uning 5 nafar oila a'zosi (onasi, ikki nafar qizi, o‘g‘li va jiyani)da koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan.

Aynan «O‘rikzor» savdo majmuasida o‘tgan may oyi davomida yuk tashuvchi bo‘lib ishlagan, so‘ngra doimiy yashash manzili Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumaniga qaytgan fuqaro va uning 3 nafar oila a'zosi (2 nafar akasi va qizi)da ham ushbu kasallik aniqlandi.

Toshkent viloyati infeksiya aniqlangan fuqarolarning 1 nafari Oqqo‘rg‘on tumanidan bo‘lib, harorati ko‘tarilgan va namuna topshirgan. Yana bir holat esa Qibray tumanida yashovchi fuqaroda qayd etilgan. U Yunusobod bozorida ziravorlar savdosi bilan shug‘ullanib kelgan.

Bundan tashqari, Namangan viloyati Ichki ishlar organi xodimida, Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida yo‘l qurilish idorasi xodimi (tana harorati ko‘tarilgan va shifokor maslahati asosida tahlil topshirgan)da ham koronavirus tasdiqlangan.

Bugun Toshkent shahrida aholi orasida yana 6 nafar fuqaroda koronavirus aniqlangan bo‘lib, jumladan, Shayxontohur tumanidagi «Media Park» savdo majmuasining yana 2 nafar xodimida ham koronavirus qayd etilgan.

«Yuqoridagi barcha holatlar bo‘yicha epidemiologik surishtiruv ishlari davom etmoqda», deyiladi vazirlik xabarida.

Tahlillardan oydinlashadiki, nafaqat «qizil» va «sariq» hududlar, balki «yashil» hududlarda ham koronavirus yuqtirib olish xavfi mavjud.

Bu barchamizni hushyor torttirishi, karantin qoidalariga qat'iy rioya etishimiz zarurligini ko‘rsatadi. Negaki, ko‘za kunda emas, kunida sinadi, deganlaridek, umuman kutilmagan joyda, kutilmagan vaqtda koronavirus infeksiyasini yuqtirib olish mumkin.

Shu bois, Sog‘liqni saqlash vazirligi aholidan karantin va sanitariya qoidalariga so‘zsiz rioya etishni, kasallik alomati sezilgan zahoti shifokorga murojaat etishni hamda ko‘chada, ishxonada, safarda va umuman qayerda bo‘lishingizdan qat'iy nazar, bir lahza bo‘lsa-da, hushyorlikni yo‘qotmaslikni takror-takror so‘rab qoladi», deyiladi xabarda.

  • Eslatib o‘tamiz, «O‘rikzor» savdo majmuasi hududidagi sotuvchilardan birida 23 may kuni koronavirus aniqlangan va bozor vaqtincha yopilgandi.
  • Keyinroq, 1 iyun kuni bozor sotuvchilaridan yana biriga virusdan zararlanish tashxisi qo‘yildi. Har ikki holatda ham virusga chalinganlar o‘z yaqinlariga virus yuqtirishgan.
  • Bundan tashqari, «O‘rikzor» savdo majmuasidan mahsulot olib, Yunusobod tumanida joylashgan do‘konida faoliyat ko‘rsatuvchi sotuvchi va uning turmush o‘rtog‘ida ham koronavirus tasdiqlangan.
  • 4 iyun kuni esa 14 kunlik karantindan keyin (aslida 12 kun) «O‘rikzor» savdo majmuasi faoliyati tiklangani xabar qilingandi.
Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top