09:50 / 10.06.2020
8452

«Buxoroga yordam» aksiyasida yig‘ilgan pullar yetkazildi

Kun.uz sayti saxovatpesha hamyurtlarimizning xayriya mablag‘larini markazlashgan tarzda muhtojlarga yetkazish va xayrli ishlarga sababchi bo‘lish maqsadida «Buxoroga yordam» xayriya aksiyasini o‘tkazgan edi. Unda yig‘ilgan mablag‘larni 27 aprel kuni Buxoro viloyatining ayrim tumanlarida kuchli dovuldan zarar ko‘rgan vatandoshlarga taqdim etish rejalangan edi. 

Xayriya aksiyasida 99 mln so‘m mablag‘ yig‘ildi. 1 iyun kuni Kun.uz muxbirlari Buxoroning Shofirkon, Jondor, Qorako‘l va Olot tumanlarida bo‘lib, imkon qadar haqiqiy haqdorlarni topishga harakat qilgan holda har biriga 3 mln so‘mdan 30dan ortiq oilaga hamyurtlarimiz mablag‘larini yetkazdi.

Dastlab Shofirkon tumanining «Iskogare» mahallasida tabiiy ofatdan talafot ko‘rgan uchta xonadonga hamyurtlarimiz yordami yetkazildi. 

So‘ngra Jondor tumanidagi ayrim xonadonlar egalariga mablag‘lar taqdim etildi. 

Olot tumaniga borishdan avval, Qorako‘l tumanida yo‘l yoqasidagi mahallalarga kirilib, yordamga muhtojligi yuzlaridan bilinib turgan oilalarga xayriya mablag‘laridan taqdim etildi. 

Qosh qoraya boshlaganida Olot tumaniga yetib borildi. Tabiiy ofatning asosiy zarbasi ayni tumanga to‘g‘ri kelgan edi. Shu bois, mablag‘larning katta qismi ushbu tumanda tarqatildi. 

Ta'kidlash o‘rinliki, safarimiz chog‘ida moddiy ahvoli o‘ta og‘ir 2-3 oilaga ham duch kelindi. Ularning ayrimlari, bizlarning jurnalistlar ekanimizni bilgach, o‘zlarining dardlarini ham so‘zlab ketishdi. 

Xususan, Olot tumani, Navro‘z mahallasidagi bu onaxon Mahmudova Po‘latoy xola 1952 yilda tug‘ilgan bo‘lib, og‘ir xastalikka chalingan. Uning qizining so‘zlariga ko‘ra, mahalladan hech kim oila holidan xabar olmaydi. Farzandiga beriladigan pulni onaxonga berilgan yordam sifatida hisoblashmoqda. Turmush o‘rtog‘i Rossiyaga ketganida u yoqda ham karantin choralari kuchaytirilgan va musofirchilikda u ham ishsiz qolgan. 

Albatta, saxovatpeshalik, halimlik millatimizga xos fazilat. Sirdaryo viloyatining Sardoba suv ombori o‘pirilishidan jabr ko‘rgan hamyurtlarimizga ham xalqimiz baholi qudrat yordam qo‘lini cho‘zgan edi.

Buxoroliklar uchun uyushtirilgan xayriya aksiyasi ham juda chiroyli tarzda yakunlandi.

Aziz va qadrdon yurtdoshlar! Sizning oz-ko‘p qilgan ehsonlaringiz o‘z egalariga yetkazildi. Kimki bu xayrli ishga bosh qo‘shgan bo‘lsa, Allohdan unga chandon-chandon ko‘payib qaytishini va oxiratga zaxira bo‘lishini so‘rab qolamiz. Xayrli ishlardan aslo charchamang!

Mavzu
Buxoro viloyatidagi bo‘ron
2020 yil 27 aprel kuni kechasi O‘zbekistonning qator hududlarida, ayniqsa Buxoro viloyatida kuchli shamol ko‘plab talafotlarga sabab bo‘ldi
Barchasi
Top