11:13 / 10.06.2020
42876

«Chiroyli» avtoraqamlarni auksion o‘tkazish orqali sotish tartibi o‘zgartirilishi kutilmoqda

Yangi tartibga ko‘ra, auksion savdolariga qo‘yilgan kundan boshlab 6 oy davomida sotilmagan I va II toifadagi davlat raqamlarini tegishlicha II-III toifalarga bir pog‘onaga pastlatilgan holda realizatsiya qilinadi.

IIV YHXBBdagi manbalarning Kun.uz’ga xabar berishicha, «chiroyli» avtoraqamlarni auksion o‘tkazish orqali realizatsiya qilish tartibiga o‘zgartirishlar kiritish taklif etilmoqda.

Yangi tartibga ko‘ra, auksion savdolariga qo‘yilgan kundan boshlab 6 oy davomida sotilmagan I va II toifadagi davlat raqamlarini tegishlicha II-III toifalarga bir pog‘onaga pastlatilgan holda realizatsiya qilinadi.

Shuningdek, auksion savdolariga qo‘yilgan kundan boshlab 6 oy davomida sotilmagan IV-VI toifadagi davlat raqamlarini auksion savdosiga qo‘yilgan boshlang‘ich narxi qat'iy saqlangan holda umumiy tartibda realizatsiya qilish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

Ya'ni ushbu toifadagi raqamlar narxi 6 oy davomida sotilmagan taqdirda o‘zgarishsiz qoladi va boshlang‘ich narxida xarid qilish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Qolaversa, auksionga qo‘yiladigan davlat raqamlarining xaridorgir harf va raqam kombinatsiyasiga ega bo‘lganlarini (misol uchun: 777 ZZZ, V 888 VV, O 001 OO, 007 OOZ) to‘g‘ridan-to‘g‘ri buyurtma asosida tanlab olish huquqini berish taklif etilmoqda.

Unga ko‘ra:

I-toifa uchun – Toshkent shahrida bazaviy hisoblash miqdorining 1 000 baravari (223 mln so‘m), Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda – 500 baravari (111 mln so‘m); 

II-toifa uchun – Toshkent shahrida bazaviy hisoblash miqdorining 700 baravari (156 mln so‘m), Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda – 300 baravari (66 mln so‘m); 

III-toifa uchun – Toshkent shahrida bazaviy hisoblash miqdorining 500  baravari (111 mln  so‘m), Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda – 200 baravari (44 mln so‘m).

I–III toifalarga kirmagan davlat raqamlariga buyurtma berish uchun barcha hududlarda bazaviy hisoblash miqdorining amalda bo‘lgan 150 baravari (33 mln so‘m) etib qat'iy belgilanadi.

Bugungi kunda davlat raqamlarida xohlagan harflarni tanlash uchun bazaviy hisoblash miqdorining 150 baravari to‘lanadi, lekin ushbu harflarga auksiondagi raqamlarni qo‘llash mumkin emas.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 11 iyuldagi «Yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari haqida»gi №PQ–3127-sonli qarorining 12-bandiga ko‘ra, 2017 yilning 1 sentyabridan avtotransport vositalarining qayd etish davlat raqamlaridagi son va harflarini talab etilgan kombinatsiyaga ko‘ra to‘lovlarning yuqoriroq stavkasi bo‘yicha tanlab olish, jumladan, ularni kimoshdi savdosi (auksion) orqali xarid qilish tartibi o‘rnatilgan.

Keyinroq oshiriladigan to‘lov stavkalari bo‘yicha beriladigan avtoraqamlar ro‘yxati yangilanishi e'lon qilingan edi.

O‘tgan, 2019 yilda avtoraqam.uzex.uz veb-sayti orqali sotilgan «chiroyli» raqamlar savdosining umumiy summasi 156,1 milliard so‘mga teng bo‘lgani, tuzilgan bitta bitimning o‘rtacha narxi 4,3 million so‘mni tashkil etgani xabar qilingan edi.

Mavzuga oid
Top