17:55 / 11.06.2020
36438

AQSh Kongressi O‘zbekistonga nisbatan «Jyekson-Venik» tuzatishini bekor qilish tashabbusi bilan chiqdi

Foto: RIA Novosti

AQSh Kongressi Vakillar palatasi tomonidan O‘zbekistonga nisbatan «Jyekson-Venik» tuzatishini bekor qilish to‘g‘risidagi rezolyutsiya qabul qilinishi tashabbusi bilan chiqadi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Ushbu masala ikki mamlakat qonun chiqaruvchilarining onlayn-brifingida muhokama qilindi. O‘zbekiston tomonidan Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev, shuningdek Senatning boshqa a'zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari ishtirok etdi.

Shuningdek, Kongressda «O‘zbekiston bo‘yicha Kokus» tarkibini kengaytirish va Kongress tomonidan mustaqillikni qo‘llab-quvvatlash hamda O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada rivojlantirish bo‘yicha maxsus rezolyutsiya qabul qilish masalasi ko‘rib chiqilishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, «Jyekson-Venik» tuzatishi 1974 yilda Kongress a'zolari G. Jyekson va Ch. Venik tomonidan «1974 yilda savdo to‘g‘risidagi qonun»ga kiritilgan yuridik qoidadir. Tuzatish erkin emigratsiyani cheklash va davlat antisemitizmi siyosatini olib boruvchi davlatlarga nisbatan savdo hamda moliyaviy cheklovlar joriy etish maqsadida qabul qilingan.

SSSR parchalangandan so‘ng, tuzatish avtomatik ravishda barcha MDH davlatlariga, shu jumladan O‘zbekistonga ham tatbiq etildi. Ularda AQShga bozor iqtisodiyoti bo‘lmagan mamlakatlardan olib kiriladigan tovarlar uchun diskriminatsion tariflar hamda yig‘imlardan foydalanish, shuningdek, davlat kreditlari va kredit kafolatlari berilishini taqiqlash nazarda tutilgan.

Hozirda O‘zbekistonga nisbatan vaqtincha voz kechish (waiver) joriy qilingan, ushbu o‘zgartirishlar AQSh Kongressidagi eshituvlarda har yili ko‘rib chiqilishi kerak. 

Mavzuga oid
Top