14:09 / 11.06.2020
8733

Hukumat qarori loyihasida dronlardan foydalanish borasidagi «qator kamchilik va muammolar» ma'lum qilindi

Uchuvchisiz uchish qurilmalaridan foydalanish samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari qabul qilinadi.

Foto: Getty Images

Vazirlar Mahkamasining “Uchuvchisiz uchish qurilmalaridan foydalanish samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

Qayd etilishicha, tahlillar uchuvchisiz uchish qurilmalardan tor doirada foydalanilayotganligini, ularni iqtisodiyotning turli yo‘nalishlarida samarali qo‘llash borasida ishlar tizimli olib borilmayotganligini bu borada qator kamchiliklar va muammolar mavjudligini ko‘rsatmoqda.

Xususan:

birinchidan, uchuvchisiz uchish qurilmalarini saqlash, transportirovka qilish, uchirish va bu amallar bilan bog‘liq xavfsizlikni ta'minlash bo‘yicha yagona tartib va qoidalar ishlab chiqilmaganligi uchuvchisiz uchish qurilmalardan keng doirada maqsadli va samarali foydalanish borasida jiddiy to‘siq bo‘lib qolmoqda. Shuningdek, uchuvchisiz uchish qurilmalarini uchirish bilan bog‘liq kuzatuv hisobotini yuritishda birxillashtirilgan uslubiyat ishlab chiqilmaganligi uchuvchisiz uchish qurilmalaridan foydalanishda turli yondashuvlarni keltirib chiqarmoqda;

ikkinchidan, uchuvchisiz uchish qurilmalaridan foydalanish mobaynida ularga servis, texnik va ta'mirlash xizmatlarini ko‘rsatish, butlovchi qismlar bilan muntazam ta'minlash tizimi shakllanmagan. Shu sababdan ish qobiliyatiga ega uchuvchisiz uchish qurilmalarining soni muntazam kamayib borishi kuzatilmoqda. Xususan, yerlarni monitoringini yuritish, geodeziya va kartografiya ishlariga jalb qilingan uchuvchisiz uchish qurilmalarining jami soni 90 tani tashkil etishi bilan bir qatorda ayrim butlovchi va ehtiyot qismlarning yetishmovchiligi sababli 24 ta uchuvchisiz uchish qurilmalari nosoz bo‘lib, uchmay turibdi;

uchinchidan, uchuvchisiz uchish qurilmalarini boshqaruvchi pilot-operatorlarni tayyorlash kurslarida virtual stendlar va texnologiyalardan samarali qo‘llash yo‘lga qo‘yilmaganligi sababli o‘quv kurslari bitiruvchilarining amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lishi va uchuvchisiz uchish qurilmalarini uchirishga psixologik tayyorgarlik davrining uzayib ketishiga olib kelmoqda;

to‘rtinchidan, uchuvchisiz uchish qurilmalaridan foydalanishda ehtiyoj va talab yuqori tarmoq qishloq xo‘jaligi hisoblansa-da, ushbu yo‘nalishda uchuvchisiz uchish qurilmalarini qo‘llash faqat ekin yerlarni monitoring qilish va yer maydonlarini xatlovdan o‘tkazish bilan cheklanib qolmoqda. Shu bilan bir qatorda tumanlar kesimida olganda har 5 ta qishloq xo‘jaligi tumaniga bittadan uchuvchisiz uchish qurilma to‘g‘ri kelmoqda. Bu holat qishloq xo‘jaligi yer maydonlarini to‘liq xatlovdan o‘tkazishdagi samaradorlikni talab darajasida bo‘lish imkonini bermaydi;

beshinchidan, uchuvchisiz uchish qurilmalarining imkoniyatlaridan yerdan foydalanuvchilar, ayniqsa klasterlarning samarali foydalanish tizimi ishlab chiqilmaganligi aksariyat hollarda klasterlarning xorijdan, mustaqil ravishda uchuvchisiz uchish qurilmalarini olib kelishiga, ushbu yo‘nalish bilan bog‘liq amaliyotning xilma xil bo‘lib ketishiga sabab bo‘lib qolmoqda;

oltinchidan, uchuvchisiz uchish qurilmalardan foydalanish mobaynida ayrim butlovchi qismlarga ehtiyoj kelib chiqayotgani va ularni ta'mirlash bilan bog‘liq muammolarning yig‘ilib borishi natijasida hozirda foydalanishda bo‘lgan uchuvchisiz uchish qurilmalarning tarkibida ta'mirga muhtoj uchuvchisiz uchish qurilmalarning soni tobora ortib borishiga olib kelmoqda;

yettinchidan, hukumat tomonidan uchuvchisiz uchish qurilmalarini sotib olish va foydalanishga tegishli ruxsat berilgan vazirlik va idoralar ortib borayotganligi mazkur sohani tartibga soladigan yagona davlat tizimini shakllantirishni va yo‘lga qo‘yishni taqozo etmoqda.

Mavzuga oid
Top