23:59 / 12.06.2020
82709

Bugun 4 hududda aholi orasida yangi holatlar qayd etildi, Buxoroning uch tumanida yangi bemorlar aniqlangan

12 iyun kuni O‘zbekistonda 128ta yangi zararlanish holati tasdiqlandi va 121 nafar bemor sog‘aydi. Shu vaqtgacha 3758 bemorga javob berilgan, 19 kishi vafot etgan, shifoxonalarda 1092 nafar bemor davolanmoqda.

Bugun 5 hududda - Toshkent shahri, Buxoro, Samarqand, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida yangi holatlar qayd etildi. SSV matbuot xizmati rahbari Furqat Sanayev telegramdagi kanalida bemorlar qayd etilishi va sog‘ayishi bo‘yicha ko‘rsatkichlar jadvalini keltirdi.

Bugungi 128 holatdan 94tasi karantin muassasalarida, 26tasi aholi orasida aniqlangan, xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchilari bo‘lgan 8 kishiga ham virusdan zararlanish tashxisi qo‘yilgan. 

Aholi orasida (+26)
Toshkent shahrida bugun aholi orasida 14 kishida virus aniqlandi. SSV ma'lumotiga ko‘ra, poytaxtda so‘nggi kunlarda Yunusobod dehqon bozori koronavirus o‘chog‘iga aylangan, 11 iyun kuni bu yerda yana 6 nafar sotuvchida virus chiqqan. Shuningdek, Shayxontohur tumanidagi «Media park» savdo majmuasi xodimlari orasida virus aniqlanishi davom etmoqda, kecha Chilonzor tumanida yashovchi fuqaroga ham virusdan zararlanish tashxisi qo‘yilgan.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Botir Qurbonovning ma'lum qilishicha esa, 7 iyun kuni Toshkent shahrida aholi orasida aniqlangan 195 nafar bemorning 183 nafari bitta joyda ishlagan quruvchilar bo‘lgan.

Buxoro viloyatida aholi orasida 5 kishida virus aniqlandi. Aniqlik kiritilishicha, yangi kasallanish holatlari Shofirkon, Vobkent va Jondor tumanida (shu tumandagi «VeT-FARM» MChJ sotuvchisida) qayd etilgan.

Toshkent viloyatida ham aholi orasida 5 kishida virus aniqlandi. So‘nggi kunlarda viloyatning Toshkent va Bekobod tumanlarida aholi orasida virus aniqlanayotgandi. Bugun Chirchiq shahri «qizil» hududlar qatoriga kiritildi.

Samarqand viloyatining Urgut tumanida yashovchi ikki kishida koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan.

Karantin (+94)
Xorijdan kelgach Toshkent viloyatidagi O‘rtasaroy karantin markaziga joylashtirilgan fuqarolar orasida 88 holat aniqlandi.

Toshkent shahrida kasallanganlar bilan aloqada bo‘lgani uchun karantinga olinganlar orasida 2 holat qayd etildi.

Shuningdek, Sirdaryo viloyatida koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib karantinga olinganlar orasida 4 kishida virus chiqqan.

Haydovchilar (+8)
Sirdaryo viloyatida 1 nafar, Toshkent viloyatida 7 nafar (Chinozda 2, Zangiotada 5) xorijdan kelgan xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchilarida virus aniqlangan.

Tuzalganlar (+121)
Bugun Toshkent shahridagi 4ta tibbiyot muassasida jami 120 bemor tuzalib chiqdi. Andijon viloyatidagi bemorlarning 1 nafari sog‘aydi, ushbu viloyatda 3 nafar bemor davolanishni davom ettirmoqda.

Ayni paytda tibbiyot muassasalarida davolanayotgan 1092 nafar bemordan 13 nafari og‘ir, 2 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda. 

Bemorlarning 844 nafari Toshkentdagi davolash muassasalarida, 248 nafari esa mamlakatning 8 hududidagi shifo maskanlarida davolanmoqda.

Hozirda O‘zbekistonda uy karantinida 25 100 nafar, statsionar karantinda esa 23 628 nafar fuqaro tibbiy kuzatuvda bo‘lib turibdi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top