18:17 / 14.06.2020
65207

IIV Andijonda qiynoqqa solingan fuqaro vafoti bo‘yicha munosabat bildirdi. Besh kishi ishdan olingan

Andijonda IIB binosida fuqaroning kaltaklanishiga aloqadorlikda gumon qilinib hibsga olingan uch nafar IIB xodimi va yana ikki rahbar xodim - Andijon shahar IIO FMB boshlig‘i podpolkovnik S.Usmanov va Andijon shahar IIO FMB 4-sonli ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i podpolkovnik P.Mamajonov lavozimidan ozod etildi. Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov 14 iyun kuni ushbu xodimlarni ishdan olish to‘g‘risidagi buyrug‘ini imzolagan.

«Joriy yilning 30 may kuni Andijon shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi 4-sonli ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan, ish yurituvidagi ariza yuzasidan ichki ishlar bo‘limiga olib kelingan fuqaro A.Abdukarimov Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Andijon filialiga yotqizilgan va vrachlar tomonidan ko‘zdan kechirish davomida uning badanida og‘ir tan jarohatlari mavjudligi aniqlangan. Unga shifokorlar tomonidan zarur tibbiy yordam ko‘rsatilgan bo‘lishiga qaramasdan, A.Abdukarimov 11 iyun kuni vafot etgan.

Holat yuzasidan Andijon shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Olib borilgan tergov harakatlari davomida, uch nafar ichki ishlar organlari xodimlariga nisbatan Jinoyat kodeksining 206, 234 va 235-moddalari bilan ayb e'lon qilinib, «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha prokuratura organlari tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ushbu fuqaroga nisbatan noqonuniy xatti-harakatlar sodir etilganligi, hayoti va sog‘lig‘i uchun xavfli bo‘lgan zo‘rlik ishlatish holatlariga yo‘l qo‘yilganligi tergov jarayonida o‘rganiladi.

Mazkur holat yuzasidan Ichki ishlar vazirligi rahbariyati tomonidan zudlik bilan xizmat tekshiruvi tayinlanib, o‘tkazilgan tekshiruv xulosasiga ko‘ra, fuqaro A.Abdukarimovning ichki ishlar bo‘limida noqonuniy ushlab turilganligi va boshqa noqonuniy holatlar bo‘yicha bir qator xodimlarga nisbatan keskin intizomiy jazo choralari qo‘llanilgan.

Xususan, Andijon shahar IIO FMB 4-son ichki ishlar bo‘limi jinoyat qidiruv guruhi tezkor vakillari katta leytenant F.Xusanboyev, katta leytenant E.Rayimjonov va katta leytenant Q.Qodirovlar ichki ishlar organlaridan bo‘shatilgan. Andijon shahar IIO FMB boshlig‘i podpolkovnik S.Usmanov va Andijon shahar IIO FMB 4-sonli ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i podpolkovnik P.Mamajonovlar egallab turgan lavozimlaridan ozod etilgan. Bundan tashqari, 19 nafar rahbar va xodimlarga turli ko‘rinishdagi qat'iy intizomiy tartibdagi jazolar qo‘llanilgan.

Inson huquqlarini himoya qilishdek muqaddas burchiga xiyonat qilgan hech bir xodim kechirilmaydi. Yuzaga kelgan mazkur holat bo‘yicha vakolatli organlar tomonidan adolatli tergov-surishtiruv ishlari amalga oshiriladi hamda qonun ustuvorligi va jinoyatga jazo muqarrarligi ta'minlanadi», deyiladi IIV axborot xizmati xabarida.

Eslatib o‘tamiz, Andijon shahar IIO FMB 4-son IIBning xodimlari fuqaro A.A.ni IIB ma'muriy binosiga olib kelib, uning hayoti va sog‘ligi uchun xavfli bo‘lgan zo‘rlik ishlatib, noqonuniy ravishda ushlab turgan. A.A. sog‘lig‘i yomonlashganligi sababli Andijon shahar IIO FMB 4-son IIBdan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Andijon filialiga yotqizilgan va 11 iyun kuni vafot etgan.

Bosh prokuratura ushbu holat yuzasidan IIBning uch nafar xodimiga nisbatan ayblov e'lon qilingan, ular qamoqqa olingani, hozirda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilayotgani haqida ma'lum qilgan.

Bundan avvalroq Senat mas'ul qo‘mitasi ichki ishlar organlari xodimlarining Andijondagi qilmishlarini qat'iy qoralab chiqqani xabar qilingandi.

Top