07:29 / 15.06.2020
13549

Sudyaga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qanday hollarda qo‘llanilishi mumkin?

O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritiladi.

“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi e'lon qilindi.

Jinoyat-protsessual kodeksning 239-moddasi to‘rtinchi qism bilan to‘ldiriladi.

Unga ko‘ra, sudyaga va O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining sudyalar orasidan tasdiqlangan a'zosiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi unga o‘ta og‘ir jinoyat yoki odamning o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan jinoyat sodir etganlikda ayb e'lon qilingan hollardagina qo‘llanilishi mumkin. Mazkur qoida sudya lavozimida ishlagan davrida sudyalik faoliyati bilan bog‘liq bunday jinoyatni sodir etganlikda ayb e'lon qilingan sobiq sudyaga hamda sudyalar orasidan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining sobiq a'zosiga nisbatan ham qo‘llaniladi”.

Shuningdek, “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunning 70-moddasi yangi qism bilan to‘ldiriladi.

Sudyaga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi unga o‘ta og‘ir jinoyat yoki odamning o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan jinoyat sodir etganlikda ayb e'lon qilingan hollardagina qo‘llanilishi mumkin. Mazkur qoida sudya lavozimida ishlagan davrida sudyalik faoliyati bilan bog‘liq bunday jinoyatni sodir etganlikda ayb e'lon qilingan sobiq sudyaga nisbatan ham qo‘llaniladi.

“O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi to‘g‘risida”gi Qonunning 28-moddasi yangi qism bilan to‘ldiriladi.

Unga muvofiq, sudyalar orasidan tasdiqlangan Kengash a'zosiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi unga o‘ta og‘ir jinoyat yoki odamning o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan jinoyat sodir etganlikda ayb e'lon qilingan hollardagina qo‘llanilishi mumkin. Mazkur qoida Kengash a'zosi lavozimida bo‘lishi davrida Kengash a'zosi sifatidagi faoliyati bilan bog‘liq bunday jinoyatni sodir etganlikda ayb e'lon qilingan Kengashning sudyalar orasidan tasdiqlangan sobiq a'zosiga nisbatan ham qo‘llaniladi.

“O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy Qonunning 21-moddasi uchinchi qism bilan to‘ldiriladi.

Konstitutsiyaviy sudning sudyasiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi unga o‘ta og‘ir jinoyat yoki odamning o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan jinoyat sodir etganlikda ayb e'lon qilingan hollardagina qo‘llanilishi mumkin. Mazkur qoida Konstitutsiyaviy sudning sudyasi lavozimida ishlagan davrida sudyalik faoliyati bilan bog‘liq bunday jinoyatni sodir etganlikda ayb e'lon qilingan Konstitutsiyaviy sudning sobiq sudyasiga nisbatan ham qo‘llaniladi.

Top