22:03 / 15.06.2020
45732

Xotin-qizlarga qo‘shimcha 4 foizli davlat granti ajratilishi tartibi bo‘yicha ma'lumot berildi

Xotin-qizlarga imtiyoz beruvchi yagona hujjat mahallalardan beriladigan tavsiyanomalar bo‘ladi. Xotin-qizlar olgan tavsiyanomalari asosidagi imtiyozdan qanday foydalanishi tez orada hukumat qarori loyihasi tasdiqlanishi bilan aniqlashtiriladi.

Foto: KUN.UZ

Bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev AOKAda o‘tkazilgan brifingda xotin-qizlar uchun ajratiladigan davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlariga nisbatan qo‘shimcha 4 foizli qabul bo‘yicha joriy qilinayotgan tartib haqida ma'lumot berdi.  

«Ijtimoiy muhtoj oilalardan chiqqan xotin-qizlar uchun ajratiladigan grantlar mavzusi ko‘pchilikka qiziq bo‘lib turibdi. Ularning qay tarzda imtiyoz olishi bir necha kunda e'lon qilinadi.

Xotin-qizlarga imtiyoz beruvchi yagona hujjat mahallalardan beriladigan tavsiyanomalar bo‘ladi. Bu tavsiyanomalar mahalla fuqarolari yig‘inidan olingandan so‘ng xotin-qizlar u asosida tanlovda ishtirok etish imkoniga ega bo‘lishadi», deya Behzod Musayevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ta'kidlanishicha, mahalladan tavsiyanoma olgan xotin-qizlar uni Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligiga olib kelib berishi masalasi o‘zaro muhokamalarga sabab bo‘lgan.

«Masalaning savol paydo qiladigan jihati: aytaylik, Surxondaryoning Boysun tumanida yashaydigan qiz Toshkentda joylashgan Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi binosini bilmasligi mumkin. Shuning uchun buning aniq tartibini ishlab chiqish ustida ish olib borilyapti», dedi bosh vazir o‘rinbosari.

Musayevning ma'lum qilishicha, 4 foizlik qo‘shimcha grant asosida qabul qilinuvchi xotin-qizlar toifasiga mahalla tomonidan kam ta'minlangan deb topilgan oilalar farzandi, nogironligi bo‘lgan xotin-qizlar, otasi yoki onasidan yetim qolgan shaxslar kabi 6ta yo‘nalishdagi fuqarolar kiritilishi rejalashtirilgan.

«Mazkur ro‘yxatga yana qaysi toifadagi shaxslar kiritilishi tartibi ustida ishlar olib borilyapti. Bu tartibni imkon qadar soddalashtiramiz. Xotin-qizlar olgan tavsiyanomalari asosidagi imtiyozdan qanday foydalanishi tez orada Vazirlar Mahkamasining bu boradagi qaror loyihasi tasdiqlanishi bilan aniqlashtiriladi», dedi Behzod Musayev.

Qo‘shimcha qilinishicha, ota-onasiz yoki imkoniyati cheklangan xotin-qizlar o‘zlarini OTMga kirish uchun imtiyoz oluvchi kategoriyaga kirishlarini chamalab, mahalla idoralariga tavsiyanoma so‘rab murojaat qilishlari lozim bo‘ladi. 

Mavzu
Qabul-2020
20 iyun kuni OTMlarga hujjat qabul qilish boshlandi. Imtihonlar 1 avgust kuni boshlanishi rejalashtirilmoqda.
Barchasi
Top