18:42 / 16.06.2020
2877

BMT va O‘zbekiston hamkorligi masalalari muhokama qilindi

16 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev BMTning O‘zbekistondagi doimiy vakili Helena Freyzer bilan uchrashdi. Unda yaqinda imzolangan BMT va uning ixtisoslashtirilgan institutlari bilan hamkorlikni rivojlantirish Harakatlar rejasi (Yo‘l xaritasi) doirasida o‘zaro aloqalarni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

Harakatlar rejasi barcha, ayniqsa, jamiyatning eng zaif va ehtiyojmand qatlamlari uchun inson salohiyatini rivojlantirishga ko‘maklashish maqsadida milliy, mintaqaviy va global darajalarda BMT tizimi bilan hamkorlik munosabatlarini chuqurlashtirish hamda mustahkamlashga qaratilgan.

O‘zbekiston BMTning to‘laqonli a'zosi, shuningdek, 2015 yil sentyabrda BMTga a'zo barcha 193ta davlat tomonidan qabul qilingan 2030 yilgacha bo‘lgan davrda barqaror taraqqiyot sohasidagi kun tartibini imzolagan tomon sifatida xavfsiz va sog‘lom sayyorada barcha odamlar uchun tenglik, taraqqiyot, qadr-qimmat va adolat hukm suradigan tinchlikka intilish bo‘yicha global majburiyatni o‘z zimmasiga oladi.

Yuqoridagi majburiyatlar 2017 yil fevralda qabul qilingan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida to‘liq mustahkamlangan.

Oliy Majlis Senati axborot xizmati

«Ma'lumki, joriy yilda BMTning 75 yilligi nishonlanadi. O‘tgan vaqt mobaynida insoniyatning rivojga yetishi, jahon urushlari kuzatilmasligida BMT muhim rol o‘ynaydi. Shu jihatdan prezidentimiz O‘zbekistonning BMT va uning ixtisoslashgan institutlari bilan har tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish, uni sifat nuqtayi nazaridan yangi bosqichga olib chiqish borasida berilgan topshiriqlari asosida Yo‘l xaritasi ishlab chiqildi. U 17ta yo‘nalishni o‘z ichiga qamrab oladi, ya'ni davlatimiz rahbarining tashqi siyosiy tashabbuslari, barqaror rivojlanishni ta'minlashga qaratilgan takliflarini ilgari surish va ularni amalga oshirish bo‘yicha xatti-harakatlar, qolaversa, bugungi kunda dunyoda global vaziyatda iqtisodiy barqaror rivojlanishni ta'minlash va unga erishishga qaratilgan fikr-mulohazalar o‘rin olgan.

Bundan tashqari, BMTning institutlari bilan birgalikda sog‘liqni saqlash, ta'lim-tarbiya, madaniyat, turizm kabi sohalarda yangi dasturlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Sodda qilib aytganda, mazkur Yo‘l xaritasi O‘zbekistonning BMT bilan hamkorligini yangi pog‘onaga ko‘tarishda muhim ahamiyat kasb etadi», dedi Senat raisining birinchi o‘rinbosari.

Uchrashuvda BMTning yubiley yilida ko‘p tomonlama yondashuvga sodiqligi belgisi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Hukumati ushbu Harakatlar rejasini qabul qilishi qayd etildi.

Helena Freyzer

«Ushbu hujjat O‘zbekiston hukumati bilan doimiy hamkorligimizni yanada kuchaytiradi deb o‘ylayman va belgilangan maqsadlarni amalga oshirishda biz barcha kuchlarimizni safarbar etamiz.

O‘zbekiston hukumati va Birlashgan Millatlar Tashkiloti tizimi o‘rtasidagi Yo‘l xaritasi iyun oyida imzolangani ramziy ma'noga ega. Boisi, aynan 75 yil avval, 26 iyun kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nizomi imzolangan», dedi BMTning O‘zbekistondagi doimiy vakili Helena Freyzer.

Shuningdek, uchrashuvda yo‘l xaritasini birgalikda bajarish, uning mexanizmlarini ishlab chiqish muhokama qilindi. Xususan, bir oyda bir marta BMT vakillari va O‘zbekistonning tegishli vazirlik va idoralar mutasaddilari bilan Yo‘l xaritasini bajarish bo‘yicha monitoring yuritilishi, bu borada OAV, fuqarolik jamiyati institutlari bilan birgalikda jamoatchilik nazoratini ham olib borishga kelishib olindi.

Top