12:33 / 16.06.2020
4128

Namanganda bolani mehnatga majburiy jalb qilish holati bo‘lmagan - Mehnat vazirligi

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatilgan ma'lumotlarga asosan, 2020 yilning 30 may – 7 iyun kunlari Namangan viloyatining Pop tumanida taxminan 14-16 yoshli bolaning paxta dalasida bo‘lish holati yuzasidan Davlat mehnat inspeksiyasi bilan tekshiruv ishlarini boshladi va ushbu masala bo‘yicha faollar bilan muloqotda bo‘ldi.

Foto: Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi

Vazirlik xabariga ko‘ra, Namangan viloyatida majburiy mehnat holatlari aniqlanmadi, maktablarda karantin vaqtida bolalarning vaqtini samarali o‘tkazish va uyda ta'lim olish, ehtiyotlik choralari va sog‘liqni saqlash bo‘yicha tavsiyaviy tushuntirish ishlari olib borildi. 

“Bundan tashqari, Pop tumani fermerlari daladagi ishlarga bevosita fermerlik xo‘jaliklarining a'zolari jalb qilinayotganligini tasdiqlashdi, shu bilan birga ishlar barcha zarur shart-sharoit va qoidalarga amal qilgan holda olib borilayotgani, kunlik mehnat uchun to‘lov o‘z vaqtida amalga oshirilayotgani qattiq nazorat qilinmoqda.

Murojaatdagi masalalarni tahlil qilish uchun Pop tumani Chodak qishlog‘i “Maydon” MFY raisi M.Mallayeva, Xotin-qizlar ijtimoiy-ma'naviy masalalar bo‘yicha rais o‘rinbosari M.G‘ozixonova, “Istiqlol” MFY raisi I.Sirojiddinov, “O‘rta Xonobod” MFY raisi o‘rinbosari K.Turg‘unov, “Yuqori Xonobod” MFY Oila va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha mutaxassis M.Nasriyeva, “Boyon” MFY raisi A.Xamidov,  “Shayxon” MFY raisi E.Madismonov, fuqarolar D.Maxkamov, B.Asatillayeva, Sh.Maxkamovalar, U.Turdiyev va B.Do‘stmatovlar bilan suhbatlashilganda ular o‘z hududlarida bolalar mehnati va majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilmayotganligini bildirishgan.

 Bolaning dalada paydo bo‘lish holati tafsilotlarini o‘rganish natijasida, bola “Javlonbek-Janona-Jo‘rabek”, “Abdurauf Pop Chodak», “Shoxzamon Pungon”, “Saidislom Xojiakbar kelajak”, “Pop G‘olib Kamol”, “G‘ayrat Chodak Pop” fermerlik xo‘jaliklarining yollanma ishchilari hisoblangan ota-onasi ortidan ergashganligi aniqlandi. U dalaga o‘z ixtiyori bilan kelgan, hozirgi karantin cheklovlari davrida o‘qishning yo‘qligi va bolani band qilishning boshqa choralari mavjud bo‘lmaganligi sababli ota-onasi uni o‘zlari bilan olib ketishga rozi bo‘lganlar. Bolani mehnatga majburiy jalb qilish holati bo‘lmagan”, - deyiladi ma'lumotda

Vazirlikning eslatishicha, “O‘n sakkiz yoshdan kichik shaxslarning mehnati qo‘llanishi taqiqlanadigan noqulay mehnat sharoitlari ishlari ro‘yxati”ni tasdiqlash to‘g‘risidagi qo‘shma qarorga muvofiq qishloq xo‘jaligi sohasida paxtani qo‘lda sug‘orishda va paxtani qo‘lda terishda o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslar mehnatidan foydalanish taqiqlangan bo‘lsa-da, ularning paxta chopig‘i ishlarida qatnashishi taqiqlanmagan.

“O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi uch taraflama sheriklar bilan birgalikda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlarni o‘rganmoqdalar, bolalar mehnatiga yo‘l qo‘yilishini favqulodda holat deb qarab, O‘zbekistonda majburiy mehnatni bartaraf etish bo‘yicha islohotlarning joriy etilishini mustahkamlamoqdalar.

Davlat organlari va jamoat faollari bir natija – butun mamlakat bo‘ylab majburiy mehnatni to‘liq tugatish uchun kurashmoqdalar. Davlat inspeksiyasi tomonidan o‘tkazilayotgan monitoring dalalarda bolalar mehnatidan foydalanish holatlarining yo‘qligini, ma'muriy va jinoiy javobgarlikni qo‘shib hisoblaganda ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan islohotlarning samarasini tasdiqlaydi.

Shu bilan birga, barcha hududiy Davlat mehnat inspeksiyalari tomonidan mavsumiy ishchilarni qishloq xo‘jalik ishlariga jalb etishda, shu jumladan mehnat shartnomalarini rasmiylashtirish, ish haqini o‘z vaqtida to‘lash, zarur sharoitlarni yaratish kabilarda barcha fermer xo‘jaliklari va klasterlarda seminarlar o‘tkazish yo‘li bilan tushuntirish hamda monitoring ishlarini olib borish bo‘yicha qo‘shimcha ishlar olib borilmoqda.

Bundan tashqari, yaqin kunlarda ijtimoiy tarmoqlarga murojaatlarning oshganligini hisobga olib, majburiy va bolalar mehnatiga yo‘l qo‘ymaslik va bu turdagi qonun buzilishi uchun ma'muriy va jinoiy javobgarlik choralari kuchaytirilganligi to‘g‘risida tushuntirish ishlarini olib borish bo‘yicha nazorat kuchaytirildi.

O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida majburiy mehnatning xar qanday shakli taqiqlangan bo‘lib, unga yo‘l qo‘yilmaydi. Shuni inobatga olib, qonunchilikka kiritilgan so‘nggi o‘zgarishlar asosida ma'muriy javobgarlik choralari bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan 100 baravarigacha ko‘paytirilib (11 mln – 22 mln so‘mgacha), 2020 yildan boshlab ozodlikdan mahrum qilish jazosini ham ko‘zda tutuvchi jinoiy javobgarlik choralari belgilandi.

Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalgan, faollarning inson huquqlarining va karantin talablarining buzilishi ehtimoli yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan o‘rganish ishlari o‘tkazilmoqda.

Agar Siz majburiy mehnatning guvohi bo‘lgan bo‘lsangiz yoki uning qurboniga aylansangiz Davlat mehnat inspeksiyasining “dmi.mehnat.uz” sayti, 1176 raqamli ishonch telefoni yoki “@mehnathuquq_bot” Telegramm-kanaliga murojaat qiling! Murojaatchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi”, - deyiladi xabarda.

Top