01:01 / 17.06.2020
51443

Hindiston va Xitoy chegarasida 20 harbiy halok bo‘ldi. O‘q ovozlari eshitilmagan

Hindiston hukumati Kashmirga yondosh Ladakh provinsiyasida xitoylik harbiylar bilan to‘qnashuv oqibatida 20 nafar hind harbiysi halok bo‘lganini ma'lum qildi. Bu so‘nggi 45 yil ichida Hindiston-Xitoy chegarasi vazifasini bajaruvchi nazorat chizig‘i hududida harbiylar o‘limi bilan bog‘liq ilk holat bo‘ldi.

Hindiston va Xitoy bir necha o‘n yildan buyon chegara masalasida bahslashib keladi / GETTY IMAGES

Avvalroq hind nashrlari Hindiston-Xitoy chegarasidagi bahsli hudud bo‘lmish Galvan vodiysida ro‘y bergan to‘qnashuv oqibatida 1 zobit va 2 askar halok bo‘lgani haqida xabar tarqatgandi. Keyinroq og‘ir tan jarohati olganlardan yana bir necha nafari vafot etgani to‘g‘risida xabarlar tarqaldi. Shuningdek, Xitoy tomonidan jami 43 kishi jabrlangani, jumladan bir necha kishi halok bo‘lib, yana bir necha kishi og‘ir jarohatlangani aytildi.

Hodisa haqida xabar tarqatgan hind nashrlarida bu hududda o‘q ovozi eshitilmagani aytilgan, hind askarlari «o‘lguncha kaltaklangani» taxmin qilingandi. 

Bu ma'lumot rasman tasdig‘ini topmadi, ammo so‘nggi haftalarda chegara hududida askarlar o‘rtasida mushtlashuv holatlari kuzatilayotgandi.

Nazorat chizig‘i deb ataladigan ushbu chegara hududida ko‘p yillardan buyon o‘q ovozi eshitilmagan va harbiylar o‘limi kuzatilmagandi. Hindiston armiyasi bu safargi to‘qnashuvda ham o‘q uzilmaganini ta'kidlamoqda.

Yomon demarkatsiya
Hindiston nashrlari ikki tomondan ham yo‘qotishlar bo‘lganini yozmoqda, ammo Xitoy armiyasi xitoylik harbiylar o‘limi haqidagi ma'lumotni tasdiqlamayapti, XXR TIV vakili seshanba kungi brifingda hindistonlik harbiy xizmatchilar o‘limi haqidagi xabardor qilinmaganini aytdi.

Qayd etish kerakki, Xitoy va Hindiston o‘rtasidagi amaldagi nazorat chizig‘i yaxshi demarkatsiya qilinmagan, bu hududda daryo, ko‘l va tepaliklar mavjudligi tufayli, uning geografik joylashuvi o‘zgarib turishi mumkin. Bu esa Hindiston va Xitoy armiyalari turli nuqtalarda yuzma-yuz turishiga olib keladi.

Hindiston armiyasi bayonotida qayd etilishicha, ikki davlat mudofaa vazirliklari vakillari keskinlikni yumshatish maqsadida uchrashuv o‘tkazishadi. Xitoy tomoni ham uchrashuv o‘tkazilishini tasdiqlagan, shu bilan birgalikda, Hindistonni davlat chegaralarni buzishda ayblagan.

Xitoy TIV rasmiysi Chjao Litszyan seshanba kungi brifingda hindistonlik harbiylar dushanba kuni ikki marta nazorat chizig‘ini kesib o‘tishgani va «ig‘vogarona harakatlarni amalga oshirib, xitoylik harbiy xizmatchilarga hujum uyushtirgani, bu ikki tomon o‘rtasida jiddiy nizoga sabab bo‘lgani» haqida gapirdi.

XXR va Hindiston o‘rtasida Kashmir shimolidagi tog‘li hududning bir qismi, shuningdek shimoli-sharqiy Arunachal-Pradesh shtatidagi qariyb 60 ming kvadrat kilometr maydon kimga tegishli ekanligi bilan bog‘liq azaliy kelishmovchilik mavjud. Amaldagi nazorat chizig‘i Ladakh mintaqasidan o‘tadi. 1962 yil kuzda ushbu kelishmovchilik chegara urushiga aylanib ketgan. 1993 va 1996 yillarda XXR va Hindiston o‘rtasidagi nizoli joylarda tinchlikni saqlash to‘g‘risidagi kelishuv imzolangan.

O‘z navbatida Hindiston tashqi ishlar vazirligi Xitoyni o‘tgan haftada erishilgan, amaldagi nazorat chizig‘ini hurmat qilish bo‘yicha kelishuvni buzishda ayblamoqda. Hindlarning bayonotiga ko‘ra, «xitoyliklar mintaqadagi status-kvoni bir tomonlama tartibda o‘zgartirishga urinishi shiddatli to‘qnashuvga sabab bo‘lgan».

Turli qismlari Hindiston, Pokiston va Xitoy o‘rtasida talash bo‘lgan Kashmirdagi vaziyat so‘nggi yillarda yana keskinlasha boshladi. Mintaqada harbiylar va qurollangan guruhlar o‘rtasida to‘qnashuvlar ko‘paydi, ammo o‘nlab yillardan buyon Xitoy bilan chegara chizig‘ida harbiylar o‘rtasida to‘qnashuv kuzatilmagandi. Bu chiziq 1962 yilgi ziddiyatda Hindiston mag‘lub bo‘lganida tuzilgan sulh bo‘yicha o‘tkazilgan.

Qayd etish kerakki, may oyi davomida Hindiston va Xitoy chegara hududiga qo‘shimcha minglab harbiylarini joylashtira boshlagandi, rasmiy Dehli o‘z pozitsiyasi haqida yana bir bor eslatgandi. Unga ko‘ra, Xitoy bu hududda Hindistonning 38 ming kvadrat kilometr maydondagi hududini egallab olgani iddao qilinadi.

2017 yilda mojaroga xitoyliklar yo‘l qurishi sabab bo‘lgandi / PRESS INFORMATION BUREAU

6 iyun kuni o‘tkazilgan muzokaralarda tomonlar vaziyatni tinch yo‘l bilan hal qilishga kelishgan va ikki tomon harbiylari o‘z pozitsiyalarini tark etishga kirishgandi.

Ushbu hududda Hindiston va Xitoy harbiylari o‘rtasidagi so‘nggi jiddiy to‘qnashuv 2017 yilda  ro‘y bergan, o‘shanda xitoylik ishchilar Hindiston va Butan chegarasini buzgan holda Doklam platosiga yo‘l solmoqchi bo‘lishgan, o‘shanda hind harbiylari ishchilarni haydab yuborgandi. Bir necha oy davomida Hindiston va Xitoy tashqi siyosat idoralari mas'ullarining maslahatlashuvlaridan so‘ng Doklamdagi kuchlarni tarqatish bo‘yicha kelishuvga erishilgandi.

Tahlil
Sutik Bisvas, BBC muxbiri

So‘nggi hafta davomida hind jurnalistlari ikki tomon harbiylari ziddiyat hududini tark eta boshlagani, hukumatlar keskinlikni yo‘qotish uchun ish olib borayotgani haqida yozishdi. Shu tufayli hind askarlari o‘limiga olib kelgan shiddatli to‘qnashuv yuz berishi ko‘pchilik uchun kutilmagan holdir.

Tomonlar chegara hududida so‘nggi marta 1975 yilda o‘t ochishgandi, o‘shanda Hindiston shimoli-sharqidagi Arunachal-Pradesh shtati hududida joylashgan dovonda 4 nafar hind askari o‘ldirilgan.

Hozirda so‘nggi to‘qnashuv va uning oqibatlarini bartaraf etish uchun ko‘rilgan choralar haqida ma'lumotlar juda kam.

Ammo oqibatlar qanday bo‘lmasin, bu voqea Hindistonda xitoylarga qarshi kayfiyat yanada kuchayishiga olib keladi.

Bu shuningdek, hozirda koronavirusga qarshi kurashda va iqtisodiyotni tiklashda qiyinchiliklarga uchrayotgan Narendra Modi boshchiligidagi hukumat uchun tashqi siyosatda jiddiy sinov bo‘ladi.

Top