18:31 / 17.06.2020
9113

Sirdaryoda ko‘p qavatli uylar qurayotgan uchta kompaniyaga 200 mlrd so‘m avans berildi

Qurilish vazirligi boshqarma boshlig‘i Jalol Arashev «Sardoba» suv omboridagi texnogen ofat jabrlanuvchilari uchun ko‘p qavatli uylar qurilishining borishi va bunga ajratilgan mablag‘lar yuzasidan axborot berdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

«Suv toshqini oqibatida uy-joylariga jiddiy zarar yetgan fuqarolar uchun jami 52,5 gektar yer maydoni tanlanib, 2640ta xonadonga ega 66ta ko‘p qavatli turar joy binolarini qurilishi boshlandi.

Uchta massivda ko‘p qavatli uy-joylar qurilishida buyurtmachi Sirdaryo viloyat hokimligi Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi va pudratchilar o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida 200 mlrd so‘m mablag‘lar moliyalashtirildi», – dedi Jalol Arashev 17 iyun kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda.

  • Sardoba, Do‘stlik mahallasi — 37ta ko‘p qavatli uy

Sardoba tumanining Qo‘rg‘ontepa, Yurtdosh va Do‘stlik mahallarida istiqomat qilgan uylari yaroqsiz holga kelgan xonadon egalari uchun pudratchi «Gold step invest» MChJ tomonidan tumanning Do‘stlik mahallasi hududida 1480ta xonadonga ega 37ta ko‘p qavatli uy-joylar qurilishi boshlab yuborildi.

Qurilish ishlariga pudrat tashkiloti tomonidan 41ta qurilish texnikasi hamda 110 nafardan ortiq quruvchi xodimlar jalb etilgan.

Ko‘p qavatli uy-joylarning tasdiqlangan bosh rejasiga va joylashuviga asosan 25ta uyda kotlavan, ya'ni yerto‘la qazish ishlari olib borilmoqda, 8ta uyda beton, 2ta uyda karkas va 4ta uyda gidroizolatsiya ishlari olib borilmoqda.

Qurilish ishlari uchun avans tariqasida 112 mlrd 100 mln so‘m moliyalashtirildi.

  • Mirzaobod, Haqiqat mahallasi — 20ta ko‘p qavatli uy

Mirzaobod tumani Haqiqat mahallasi hududida, Oqoltin tumanining Shodlik, Saxovat, Ahillik mahallari, Mirzaobod tumanining Do‘ngariq, Mirzacho‘l, Haqiqat mahallarida uylari yaroqsiz holga kelgan xonadon egalari uchun pudratchi «White City Construction» MChJ tomonidan 800ta xonadonga ega 20ta ko‘p qavatli uy-joylarni qurish belgilangan bo‘lib, shundan 5ta uyda kotlovan qazish va 1ta uyda beton ishlari olib borilmoqda.

Qurilish ishlariga pudratchi tashkilot tomonidan 56ta qurilish texnikasi hamda 400 nafardan ortiq quruvchi hodimlar jalb etilgan. Qurilish ishlari uchun avans tariqasida 60 mlrd 600 mln so‘m mablag‘ moliyalashtirildi.

  • Mirzaobod, Navbahor mahallasi — 9ta ko‘p qavatli uy

Navbahor mahallasi hududida Oqoltin tumanining Shodlik va Mirzaobod tumanining Navbahor mahallarida uylari yaroqsiz holga kelgan xonadon egalari uchun pudratchi «Silver flex» MChJ tomonidan 360ta xonadonga ega 9ta ko‘p qavatli uy-joylarni qurish belgilangan bo‘lib, xozirda ularning 2tasida kotlovan qazish ishlari olib borilmoqda, tuproq ishlari va qurilish joyidagi yer osti sizot suvlar chiqarilmoqda.

Qurilish ishlariga pudratchi tashkilot tomonidan 25ta qurilish texnikasi hamda 65 nafardan ortiq quruvchilar jalb etilgan.

Qurilish ishlari uchun avans tariqasida 27 mlrd 300 mln so‘m moliyalashtirildi.

Mavzu
Sardobada suv toshqini
1 may kuni tongda Sirdaryo viloyatidagi «Sardoba» suv ombori dambasi devori buzilib, suv toshib chiqdi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top