09:06 / 18.06.2020
9440

Markaziy bankning esdalik pul belgilarini sotish tartibi e'lon qilindi

Markaziy bankning esdalik pul belgilarini tayyorlash, sotish va qaytarib xarid qilib olish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanadi.

Foto: KUN.UZ

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining esdalik pul belgilarini tayyorlash, sotish va qaytarib xarid qilib olish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi hujjat loyihasi e'lon qilindi.

Nizomga ko‘ra, esdalik pul belgilari muomaladagi banknotlar va tangalar kabi O‘zbekiston Respublikasi hududida nominal qiymatga ega naqd pul shaklidagi qonuniy to‘lov vositasi hamda nominal qiymatidan yuqori baholanuvchi numizmatika, kolleksiyalash, investitsiya va jamg‘arish obektlari sifatida muomalada bo‘lishi mumkin.

Esdalik pul belgilarini sotish va qaytarib xarid qilib olish narxlari ommaviy axborot vositalarida hamda Markaziy bankning rasmiy veb-saytida e'lon qilinadi.

Markaziy bankning rasmiy veb-saytida muomalaga chiqariladigan esdalik pul belgilari narxi, ularni sotadigan va qaytarib xarid qilib oladigan Markaziy bankning hududiy bosh boshqarmalari va tijorat bank filiallari (shoxobcha) to‘g‘risidagi ma'lumotlar e'lon qilinib boriladi.

Shuningdek, Markaziy bank qimmatbaho metallardan tayyorlangan esdalik pul belgilarini sotish va qaytarib xarid qilib olish narxlarini shakllantirishda qo‘llaniladigan qimmatbaho metall narxini har haftada kamida bir marta, milliy valutada belgilaydi va o‘zining rasmiy veb-saytida e'lon qiladi.

Esdalik pul belgilarini tayyorlash

Esdalik pul belgilarining namunalari, shuningdek ularning dizayni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi bilan kelishilgan holda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan tasdiqlanadi.

Markaziy bank tomonidan banknot va tangalar ko‘rinishidagi, turli xil xomashyolardan, jumladan, qimmatbaho va boshqa metallardan tayyorlangan, ahamiyatga molik turli mavzularga bag‘ishlangan, cheklangan miqdorda esdalik pul belgilari muomalaga chiqariladi.

Muomalaga chiqariladigan esdalik pul belgilarini tayyorlashda inson salomatligi uchun xavfsiz bo‘lgan xomashyolardan foydalaniladi.

Esdalik pul belgilari dizaynida quyidagi elementlar aks ettirilishi mumkin:

muqaddas qadamjolar va tarixiy obidalar, zamonaviy me'morchilik obektlari tasvirlari;

buyuk siymolar ijodi va faoliyatiga bag‘ishlangan tasvirlar, portretlari va haykallari sur'atlari;

milliy an'analar va qadriyatlarga doir tasvirlar;

zamonaviy davrning muhim voqealarini, jahon tarixi, umumjahon madaniyati va qadriyatlarini ifoda etuvchi tasvirlar.

Esdalik pul belgilarining mavzusi, tiraji, nominali, texnik xususiyatlari, xomashyosi, metalli va qotishmalari turi, ularning asillik darajasi, zarb etish sifati, muomalaga chiqarish sanasi Markaziy bank boshqaruvi tomonidan belgilanadi.

Esdalik pul belgilarini sotish

Esdalik pul belgilari shoxobchalar tomonidan bevosita yuridik va jismoniy shaxslarga sotiladi.

Esdalik pul belgilarini sotish va ularni yetkazib berish ishlari buyurtmachilar bilan tuzilgan shartnomalarga muvofiq amalga oshiriladi.

Esdalik pul belgilarini sotish jismoniy shaxslarga naqd va naqd pulsiz hisob-kitob shaklida, yuridik shaxslarga qonunchilikda belgilangan tartibda naqd va naqd pulsiz hisob-kitob shaklida amalga oshiriladi.

Qimmatbaho metallardan tayyorlanmagan, muomaladagi (sirkulyatsion) pul belgilari bilan bir qatorda naqd puldagi hisob-kitoblarda o‘z nominal qiymati bo‘yicha qabul qilinadigan esdalik pul belgilari oylik ish haqi, pensiya, nafaqa, omonat va boshqa to‘lovlar orqali muomalaga chiqariladi.

Qimmatbaho metallardan tayyorlangan esdalik tangalarini sotish narxi Markaziy bank tomonidan har haftada kamida bir marta qimmatbaho metall narxi va Markaziy bank boshqaruvi tomonidan tasdiqlanadigan marjaga asosan belgilanadi.

Norezidentlar tomonidan respublika hududiga tashrif buyurmasdan esdalik pul belgilarini sotib olish onlayn tarzda (tegishli bankning rasmiy veb-sayti orqali murojaat qilish yo‘li bilan) amalga oshiriladi.

Bunda, esdalik pul belgilarini sotish narxi to‘lov amalga oshiriladigan kundagi Markaziy bank tomonidan yetkazib berish (pochta) xarajatlarini hisobga olgan holda, xorijiy valutaning so‘mga nisbatan kursiga muvofiq xorijiy valuta ekvivalentida ko‘rsatiladi.

Shoxobchalarning tegishli hisobvarag‘iga norezidentlar tomonidan amalga oshirilgan to‘lov mablag‘lari kelib tushgandan so‘ng, esdalik pul belgilari pochta orqali yuboriladi.

Esdalik pul belgilarini qaytarib xarid qilib olish

Qimmatbaho metallardan tayyorlanmagan, muomaladagi (sirkulyatsion) pul belgilari bilan bir qatorda naqd puldagi hisob-kitoblarda o‘z nominal qiymati bo‘yicha qabul qilinadigan esdalik pul belgilari shoxobchalar orqali nominal qiymati bo‘yicha qabul qilinadi va muomaladagi pul belgilariga ayirboshlab beriladi.

Qimmatbaho metallardan tayyorlangan esdalik tangalarini qaytarib xarid qilib olish narxi topshirilgan kundagi qimmatbaho metall narxi va ushbu narxga qo‘llaniladigan Markaziy bank boshqaruvi tomonidan tasdiqlanadigan chegirmaga asosan Markaziy bank tomonidan belgilanadi.

Shoxobchalar tomonidan qaytarib xarid qilib olingan qimmatbaho metallardan tayyorlangan esdalik tangalari ularning asillik darajasini aniqlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat asillik darajasini belgilash palatasi tomonidan texnik ekspertiza (qimmatbaho metallarning miqdoriy xususiyatlarini aniqlashda, yaxlitligini buzish orqali, ya'ni undan qirqish, parmalash yo‘li bilan namuna olib yoki olmasdan tadqiqot qilish)dan o‘tkaziladi.

Qimmatbaho metallardan tayyorlangan esdalik tangalarini asillik darajasini aniqlash maqsadida o‘tkaziladigan texnik ekspertiza uchun to‘lov Markaziy bank va Asillik palatasi o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida amalga oshiriladi hamda esdalik tangalari egalaridan undirilmaydi.

Qimmatbaho metallardan tayyorlangan esdalik tangalarini qaytarib xarid qilib olishda jismoniy shaxs yoki yuridik shaxs vakilining shaxsini tasdiqlovchi hujjati asosida qaytarib xarid qilib olish to‘g‘risida dalolatnoma rasmiylashtiriladi.

Dalolatnoma uch nusxada tuziladi, birinchi nusxasi shoxobchaga, ikkinchi nusxasi esdalik tanga egasiga, uchinchi nusxasi esdalik tanga bilan birga Asillik palatasi tomonidan texnik ekspertizadan o‘tkazib berish uchun, Markaziy bankning vakolatli vakiliga beriladi.

Dalolatnoma rasmiylashtirilgandan so‘ng yetti ish kunidan kechiktirmasdan qimmatbaho metallardan yasalgan esdalik tangalar vakolatli vakil tomonidan Asillik palatasiga texnik ekspertizadan o‘tkazib berish uchun taqdim qilinishi lozim.

Asillik palatasi dalolatnoma va tangani qabul qilib olganidan so‘ng, yetti ish kunidan kechiktirmasdan (tangalar ekspertizaga katta miqdorda topshirilgan taqdirda, ijro muddati tomonlar kelishuvi bilan uzaytirilishi mumkin) vakolatli vakilga elektron pochta yoki faks orqali texnik ekspertiza amallari yakunlanganligi haqidagi xabarni yetkazadi.

Markaziy bank Asillik palatasining texnik ekspertiza o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi dalolatnomasini olganidan so‘ng, qimmatbaho metallardan tayyorlangan esdalik tangalarini qaytarib xarid qilib olgan shoxobcha orqali uning egasi bilan hisob-kitoblarni yetti ish kunidan oshmagan muddatda amalga oshiradi.

Qimmatbaho metallardan tayyorlangan esdalik pul belgilarining asillik sertifikati

Qimmatbaho metallardan tayyorlangan esdalik pul belgilari ularning texnik xususiyatlarini tasdiqlovchi asillik sertifikati bilan birga muomalaga chiqariladi.

Asillik sertifikati yo‘qolgan yoki yaroqsiz holga kelgan taqdirda yangisiga almashtirib berilmaydi hamda ushbu sertifikatga tegishli bo‘lgan esdalik pul belgilari mazkur Nizomga muvofiq shoxobchalar tomonidan qayta xarid qilib olinadi.

Top