23:35 / 19.06.2020
54736

Bugun 3 hududda aholi orasida yangi holatlar qayd etildi

19 iyun kuni O‘zbekistonda 179ta yangi zararlanish holati tasdiqlandi (jami 5946 holat) va 74 nafar bemor sog‘aydi. Shu vaqtgacha 4273 bemorga javob berilgan, 19 kishi vafot etgan, shifoxonalarda 1654 nafar bemor davolanmoqda.

Bugun 6 hududda - Toshkent shahri, Xorazm, Namangan,  Andijon, Navoiy va Toshkent viloyatlarida yangi holatlar qayd etildi. SSV matbuot xizmati rahbari Furqat Sanayev telegramdagi kanalida bemorlar qayd etilishi va sog‘ayishi bo‘yicha ko‘rsatkichlar jadvalini keltirdi.

Bugungi 179 holatdan 146tasi karantin muassasalarida, 29tasi aholi orasida aniqlangan, xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchilari bo‘lgan 4 kishiga ham virusdan zararlanish tashxisi qo‘yilgan.

Aholi orasida (+29)
Toshkent shahrida aholi orasida 24ta holat qayd etilgan. 

Bugungi holatlar Yunusobod (taksi haydovchisi), Olmazor (uy bekasi), Sergeli (do‘kon sotuvchisi), Uchtepa (tadbirkor) va Shayxontohur tumanlarida (12 iyundan tana harorati ko‘tarila boshlagan fuqaro) aniqlangan. 

Bugun Namangan viloyatida aholi orasida 3 kishiga, Toshkent viloyatida 2 kishiga virusdan zararlanish tashxisi qo‘yilgan.

Karantin (+146)
Xorijdan kelgach Toshkent viloyatidagi O‘rtasaroy karantin markaziga joylashtirilgan fuqarolar orasida 46 holat aniqlandi.

Toshkent shahrida koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olingan fuqarolar orasida 73 holat aniqlangan.

Xorazm viloyatida koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olingan 11 kishida virus chiqqan. Viloyatdagi jami holatlar soni 269taga yetdi, shu vaqtgacha 233 kishi tuzalib chiqqan.

Toshkent viloyatida bemorlar bilan aloqada bo‘lgani uchun karantinga olingan 8 kishiga virusdan zararlanish tashxisi qo‘yilgan.

Namangan va Navoiy viloyatlarida karantinda bo‘lganlardan 4 nafardan jami 8 kishida virus aniqlangan.

Haydovchilar (+4)
Toshkent viloyatida 2, Andijon va Xorazm viloyatlarida 1 nafardan xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchilari virus yuqtirgani ma'lum bo‘lgan.

Tuzalganlar (+74)
Bugun Toshkent shahridagi tibbiyot muassasalarida 68 nafar, Samarqand viloyatida esa 6 nafar bemor tuzalib chiqdi va shu vaqtgacha tuzalganlar soni 4273 nafarga yetdi.

Ayni paytda tibbiyot muassasalarida davolanayotgan 1654 nafar bemordan 14 nafari og‘ir, 1 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda. Ikki sutkadan beri ahvoli og‘ir bemorlar soni 12 nafarni tashkil etayotgandi. 16 iyundan beri shifoxonalardan ahvoli o‘ta og‘ir bemorlar qolmagandi. Endi bir nafar o‘ta og‘ir ahvoldagi bemor bor.

15 martdan beri O‘zbekistonda 19 nafar bemor COVID-19 asoratlari oqibatida vafot etgan. Iyun oyining o‘zida 4 nafar bemor olamdan o‘tdi.

Hozirda mamlakatda uy karantinida 33 601 nafar, statsionar karantinda esa 22 875 nafar fuqaro tibbiy kuzatuvda bo‘lib turibdi. 

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top