08:30 / 19.06.2020
13744

«Shaxsiy tomorqa xo‘jaligi to‘g‘risida»gi qonun loyihasi e'lon qilindi

Qonunning maqsadi aholining shaxsiy tomorqa yer uchastkalaridan foydalanish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida "Shaxsiy tomorqa xo‘jaligi to‘g‘risida"gi qonun loyihasi e'lon qilindi.

Shaxsiy tomorqa xo‘jaligi aholi tomonidan o‘zlariga tegishli bo‘lgan yer uchastkalarida qishloq xo‘jalik mahsulotlarini erkin savdo hamda oila ehtiyojlari uchun yetishtirish bilan bog‘liq mehnat faoliyatidir.

Shaxsiy tomorqa xo‘jaligini yuritish tadbirkorlik faoliyati hisoblanmaydi hamda shaxsiy tomorqa xo‘jaligini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish talab etilmaydi. Shaxsiy tomorqa xo‘jaligida faoliyat yuritayotgan shaxs o‘z faoliyatini o‘zini-o‘zi band qilish tariqasida rasmiylashtirishi mumkin.

Shaxsiy tomorqa xo‘jaligi egasi tomonidan unga ajratilgan yer uchastkasida yetishtirilgan va qayta tayyorlangan mahsulotlar uning xususiy mulki hisoblanadi.

Shaxsiy tomorqa xo‘jaligi faoliyati quyidagi yerlarda amalga oshirilishi mumkin:

a) dala tomorqasi:

mazkur Qonun qabul qilinguniga qadar aholi punktlarining yerlaridan qishloq xo‘jalik mahsulotini erkin savdo hamda oila ehtiyojlari uchun yetishtirish maqsadlarida meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi asosida ajratilgan yer uchastkasi;

qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yoki o‘rmon fondi yerlaridan meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi asosida 0,06 gektargacha ajratilgan yer uchastkasi;

b) uy-joy tomorqasi – yakka tartibda uy-joy qurish va uy-joyni obodonlashtirish uchun meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi asosida ajratilgan yer uchastkasi.

Meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilishga berilgan shaxsiy tomorqa yer uchastkalari yoki ularning bir qismi shunday huquq saqlab qolingan holda jismoniy va yuridik shaxslarga vaqtincha foydalanish uchun ijaraga berilishi mumkin.

Meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilishga berilgan shaxsiy tomorqa yer uchastkalari yoki ularning bir qismini vaqtincha foydalanish uchun ijaraga berish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Shaxsiy tomorqa xo‘jaligini yuritishda yer uchastkalaridan foydalanuvchilar quyidagi huquqlarga ega:

shaxsiy tomorqa xo‘jaligini erkin va mustaqil yuritish, shu jumladan o‘zi yetishtirgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini mustaqil tasarruf etish, ularning narxini mustaqil belgilash, shuningdek ulardan olingan daromadni mustaqil tasarruf etish;

yetishtirilgan yoki qayta ishlangan mahsulotlarni bozorlarda, savdo shoxobchalarida o‘zlari yoki ularning vakillari tomonidan hech qanday to‘sqinliksiz erkin realizatsiya qilish;

meva-sabzavotchilik klasterlari bilan hamkorlik qilish, shuningdek meva-sabzavotchilik kooperatsiyalariga a'zo bo‘lish;

qonun hujjatlarida nazarda tutilgan imtiyozlar, shu jumladan imtiyozli kreditlar, ajratiladigan subsidiyalardan va boshqa preferensiyalardan foydalanish;

O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashiga a'zolik badali to‘lamagan holda a'zo bo‘lish;

qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va realizatsiya qilishda «Shaxsiy tomorqa xizmati» tashkilotlari xizmatlaridan foydalanish;

shaxsiy tomorqa yer uchastkalarida yengil konstruksiyali issiqxona qurish, bunda davlat organlarining, shu jumladan arxitektura-qurilish, ekologiya, sanitariya-gigiyena, yong‘inga qarshi kurash organlarining roziligi talab etilmaydi;

suv resurslaridan foydalanish.

Shaxsiy tomorqa xo‘jaligini yuritishda yer uchastkalaridan foydalanuvchilar qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

Shaxsiy tomorqa xo‘jaligi yuritishda yer uchastkalaridan foydalanuvchilarga nisbatan joriy etiladigan ushbu huquqlar, erkinliklar va imtiyozlar yer uchastkasiga nisbatan boshqa qonuniy asoslarga ko‘ra egalik qilib, shaxsiy tomorqa xo‘jaligi yuritayotgan shaxslarga nisbatan ham joriy etiladi.

Shaxsiy tomorqa xo‘jaligini yuritishda yer uchastkalaridan foydalanuvchilarning majburiyatlari quyidagilardan iborat:

shaxsiy tomorqa yer uchastkalaridan maqsadli va oqilona foydalanish;

tuproq unumdorligini saqlash va oshirish choralarini ko‘rish;

suv resurslaridan oqilona foydalanish;

uy-joy qurish huquqisiz berilgan yer uchastkalarida bino-inshootlar qurmaslik;

qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda ekologiya, sanitariyaga oid talab va qoidalarga rioya etish.

Shaxsiy tomorqa xo‘jaligini yuritishda yer uchastkalaridan foydalanuvchilar zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.

Top