13:55 / 19.06.2020
30914

Toshkent–Samarqand yo‘lining suv toshqinidan zarar yetgan qismi yana yopilgan. YHXB izoh berdi

Suv toshqini sababli yopilgan Toshkent–Samarqand yo‘li avtomobillar uchun ochilganidan ikki kun o‘tib yana yopilgan.

Foto: Sirdaryo viloyati YHXB

Haydovchilardan biri Kun.uz pochtasiga quyidagi maktubni yo‘llagan: «Kun.uz yaqinda Toshkent-Termiz M39 yo‘lining Sardoba toshqindan zarar ko‘rgan qismi ochildi, degan bir xabar e'lon qilgandi. Shu yo‘l ikki kun o‘tib yana yopildi. Hamma sarson. Yo‘l ochiq, lekin «GAI» to‘sib olgan».

Kun.uz muxbiri ushbu holat yuzasidan izoh olish uchun Sirdaryo viloyati IIB YHXB Axborot xizmati rahbari Javlon Toshboyev bilan bog‘landi.

«Chindan ham yo‘lning bu qismi 13 iyunda ochilgan va bu haqda xabar berilgan edi. Yo‘lning toshqindan zarar ko‘rgan qismidagi 4 ko‘prikning hammasining faqat bir tomoni ochiq. Shu bois bu hududlarda bir taraflama harakat yo‘lga qo‘yilgandi.

Qurilishlar davom etayotgani, g‘alla o‘rimi boshlangani tufayli yirik texnika ham bu yo‘lga tushgani va ayni shu kunlarda karantin qoidalari ham qisman yumshatilgani sababli bu yo‘lda tirbandlik haddan ortiq kuchayib ketdi. Dastlab bir taraflama harakat hududlarida avval bir yo‘nalishni o‘tkazib, ikkinchi yo‘nalishni to‘xtatib, harakat tartibga solib turildi. Ammo soatlab tirbandlikda turib qolish baribir noqulaychiliklar tug‘dirdi, haydovchi va yo‘lovchilarning o‘zlari ham issiqda qolib, noroziliklar bildirishdi.

Bilasiz, harakatlanayotgan avtomobil uchun eng yomoni biror to‘siqqa duch kelib to‘xtab qolishdir. Shuning uchun masofa uzoqroq bo‘lsa ham tranzit avtomobillar uchun Dashtobod-Zarbdor-Jizzax yo‘nalishida harakatlanish maqsadga muvofiq degan xulosaga kelindi va bu haqda rasman e'lon qildik.

Ayni paytda yo‘lning ta'mirlanayotgan qismida faqat qurilishlarda ishlayotgan texnika, mahalliy aholiga tegishli va g‘alla o‘rimiga jalb qilingan avtomobillar harakatiga ruxsat berilgan. Yo‘l tranzit avtomobillar uchun ochilishi muddati bo‘yicha qo‘shimcha axborot beramiz», dedi Javlon Toshboyev.

Eslatib o‘tamiz, 13 iyun kuni «Toshkent-Samarqand» yo‘nalishi bo‘yicha transport vositalarida harakatlanish vaqtida M-34 avtomobil yo‘lining 103-km.dan A-373 avtomobil yo‘lidan foydalangan holda harakatlanib o‘tib ketish mumkinligi xabar berilgan edi.

Mavzu
Sardobada suv toshqini
1 may kuni tongda Sirdaryo viloyatidagi «Sardoba» suv ombori dambasi devori buzilib, suv toshib chiqdi.
Barchasi
Top