08:46 / 20.06.2020
23251

Markaziy bank umumiy tashqi qarz tarkibi haqida ma'lumot berdi

O‘zbekiston tashqi qarzining umumiy hajmi 2020 yil boshidan 2,8 foizga yoki 692 mln. dollarga oshgan.

O‘zbekiston Respublikasi tashqi qarzining umumiy hajmi 2020 yil boshidan 2,8 foizga yoki 692 mln. dollarga oshgan holda, 2020 yil 1 aprel holatiga 25,1 mlrd. dollarni tashkil qildi. Bu haqda Markaziy bank hisobotida aytilgan.

Qayd etilishicha, 2020 yilning I choragida davlat tashqi qarzi o‘sish tendensiyasini saqlab qoldi. Ushbu jarayon COVID-19 virusi yoyilishi oqibatida yuzaga kelgan inqirozning sotsial-iqtisodiy ta'sirini yumshatish uchun hamda hududlar va iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha davlat dasturlarini moliyalashtirish uchun yangi qarzlarning jalb qilinishi bilan izohlanishi mumkin.

2020 yilning I choragi mobaynida davlat sektori qarzdorligining o‘sishi 385 mln. dollarni tashkil qildi. Shuningdek, global pandemiya fonida O‘zbekistonning suveren obligatsiyalari qiymati fond bozorlarida birja kotirovkalarining pasayishi natijasida kamaydi. 

Banklar va iqtisodiyotning boshqa sektor korxonalari tomonidan qarz olish hajmining oshishi natijasida xususiy sektor qarzdorligi 307 mln. dollarga oshdi.

2020 yilning I choragida xususiy sektor tomonidan umumiy miqdorda 566 mln. dollar qarzdorlik jalb qilindi. Qarzlarni jalb qilish asosan banklar – 451 mln. dollar, tekstil va to‘qimachilik sektori korxonalari – 36 mln. dollar va iqtisodiyotning boshqa sektorlari – 74 mln. dollar tomonidan amalga oshirildi.

Top