01:18 / 22.06.2020
66377

Denov hokimi tumanda bir kishi COVID-19'dan vafot etganini e'lon qildi va xabar o‘chirildi

Surxondaryo viloyati Denov tumani hokimi Baxtiyor Ibatov 21 iyun kuni tuman aholisiga murojaat qilib, tumanning bir fuqarosi 20 iyunda koronavirusdan vafot etganini ma'lum qildi.

Shu boisdan hokim Ibatov denovliklarni koronavirus infeksiyasidan saqlanish uchun o‘rnatilgan talablarga rioya qilishni so‘radi.

Hokimning aytishicha, koronavirusdan vafot etgan marhum bilan muloqotda bo‘lgan 187 nafar fuqaro karantinga olingan. Ulardan 6 nafarida COVID-19 kasalligi aniqlangan, yana bir nechta fuqaro kasallikda gumon qilinmoqda.

Ushbu videolavha Denov tumani hokimligining Telegram kanalida e'lon qilinib, so‘ngra o‘chirib tashlandi.

Kun.uz muxbiri masala yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirining matbuot kotibi, jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi rahbari Furqat Sanayev bilan bog‘langanida, u bu faktni tasdiqlamadi.

SSV koronavirusdan o‘lim holati haqida so‘nggi marta 10 iyun kuni ma'lumot bergan edi. O‘shanda 27 may kuni Sankt-Peterburgdan charter reys orqali O‘zbekistonga kelgan va karantin markazida tibbiy kuzatuvga olingan samarqandlik A. pandemiya qurboni bo‘lgani aytilgan, bu bilan O‘zbekistonda koronavirus yuqtirib vafot etganlar soni 19 nafarga yetgan edi.

20 va 21 iyun kuni Sog‘liqni saqlash vazirligining jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi tomonidan tayyorlangan ma'lumotlarda ham Surxondaryo viloyatida koronavirusning yangidan yuqish holatlari qayd etilgani ma'lum qilinmagan.

Vazirlik so‘nggi marta 17 iyun kuni Surxondaryoda aholi o‘rtasida 6 nafar — karantin markazida 4 nafar va aholi o‘rtasida 2 nafar kishida yangi yuqtirish holati aniqlangani haqida xabar bergan.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top