08:55 / 23.06.2020
6261

«MMFI»ning Toshkent shahridagi filialiga qabul kvotasi belgilandi

Vazirlar Mahkamasi tomonidan 19.06.2020 yildagi “2020/2021 o‘quv yili uchun “MMFI” milliy tadqiqot yadro universiteti” federal davlat avtonom oliy ta'lim muassasasining Toshkent shahridagi filialiga o‘qishga qabul qilish to‘g‘risida”gi 393-son qaror qabul qilindi.

“MMFI” MTYaU filialida 2020/2021 o‘quv yili uchun bakalavrlarni tayyorlash bo‘yicha qabul kvotasi 100 o‘rin miqdorida belgilandi. Bunda o‘qitish davlat granti asosida amalga oshiriladi.

Norma’ning yozishicha, har bir yo‘nalish uchun 25 ta o‘rindan iborat kvotalarning teng miqdori nazarda tutiladi:

“Yadro energetikasi va issiqlik fizikasi”;

“Yadro fizikasi va texnologiyalari”;

“Issiqlik energetikasi va issiqlik texnikasi”;

“Elektroenergetika va elektrotexnika”.

Filial Prezidentning 20.07.2018 yildagi PQ-3875-son qarori bilan tashkil etilgan. Yadro energetikasi va issiqlik fizikasining tarmoq ehtiyojlarini qondirish uchun eng muhim ilmiy-texnologik ishlab chiqarish vazifalarini hal etishga qodir bo‘lgan yuqori malakali muhandis-texnik kadrlarni xalqaro ta'lim standartlari darajasida tayyorlash uning faoliyatining asosiy yo‘nalishi hisoblanadi.

Hujjat 19.06.2020 yildan kuchga kirdi.

Top