17:30 / 23.06.2020
17896

«Prezident maktablari imtihonlariga tayyorlaymiz» deya odamlarni jalb qilayotgan tayyorlov kurslarining bizga aloqasi yo‘q» – Sarvar Boboxo‘jayev

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi direktori Sarvar Boboxo‘jayev Kun.uz muxbiri bilan suhbatda prezident maktablariga o‘tgan yilgi qabul paytida ota-onalarda tug‘ilgan e'tirozlar, «Prezident maktablari imtihonlariga tayyorlaymiz» deya odamlarni jalb qilayotgan tayyorlov kurslari haqida izoh berdi.

Sarvar Boboxo‘jayev / Foto : KUN.UZ

– O‘tgan yili prezident maktablari qabuli bo‘yicha ota-onalardan bir qator e'tirozlar tushgan. Masalan, prezident maktablarida o‘qishni xohlagan bolalarning bahosi to‘liq «5» bo‘lishi talab qilingandi. Ayrim o‘quvchilar esa baholari a'lo bo‘lishi uchun emas, faqat bilim olish uchun o‘qishadi. Shunday vaziyatda ayrim bolalarning bilimi yaxshi bo‘lsa-da, «5» baholari bo‘lmagani tufayli prezident maktabida o‘qish imkoniyati chegaralanib qolmaydimi?

– Yo‘q, prezident maktablarida o‘qishni xohlaganlar uchun har bir fandan baholari «5» bo‘lishi lozim, degan talab qo‘yilmagan. Faqat STEAM yo‘nalishidagi fanlardan baholar «5» bo‘lishi lozimligi belgilab qo‘yilgan. Sababi bu turdagi ixtisoslashtirilgan maktablarga eng iqtidorli bolalarni saralab olish rejalashtirilgan.

To‘g‘ri, ayrim ota-onalar bolalarini ma'lum fanlarga yo‘naltirib, faqat o‘sha fanlarni chuqurroq o‘zlashtirishga rag‘batlantirishadi. Biroq hujjatlar qabul qilinishida o‘quvchilarning faqat STEAM yo‘nalishidagi fanlardan a'lo baholarga o‘qiganligi tekshirilgan. Boshqa fanlardan qanday baholar mavjudligi esa ahamiyat kasb etmagan.

Hozir amalda bo‘lib turgan tartibga ko‘ra, keyingi yillardagi qabullarda ham bunga e'tibor beriladi, ya'ni nomzodlarning STEAM yo‘nalishidagi fanlardan baholari a'lo bo‘lishi shart.

– O‘tgan yilgi imtihonlarda «Listening» (Eshitish) ko‘nikmasini tekshirish borasida bir qancha e'tirozlar bo‘lgan. Masalan, pavilonlarning kattaligi sababli akustik muammolar bo‘lgan. Bu boradagi e'tirozlar inobatga olingan holda keyingi imtihonlarda kamchiliklarning oldini olish uchun harakat qilinadimi? Masalan, bolalarning har biriga quloqchin tarqatishning imkoni bordir?

– O‘tgan yilgi imtihonlarda ham O‘zbekistonda mavjud eng yaxshi texnologiyalar ishlatilgan edi. Faqat o‘quvchilarnig juda ko‘p sonli ekanligi tufayli imtihon vaqtida ayrim muammolar kuzatilgan.

Hozir Cambridge assessment bilan bu muammoni yechish ustida ish olib borilyapti. Va aytishim mumkinki, keyingi yil imtihonlarida «Listening» ko‘nikmasini aniqlash sinovida bunday kamchiliklar kuzatilmaydi. Quloqchin tarqatilmasa ham, muammoni hal qiladigan muqobil variant topiladi.

– E'tirozlardan biri prezident maktablarining rasmiy veb-saytida sinflar kesimida imtihon uchun tushadigan savollardan namunalar berilmagani bilan bog‘liq. Bu yo‘nalishda savol namunalari taqdim etilmasligining sababi nima?

– Hozir veb saytga joylashtirilgan savollar namunalari 3 ta bo‘limdan iborat:  «A» «B» «C» tarzida kategoriyalashtirilgan. «A» bo‘limi 5-6 sinflar uchun, «B» 7-8 sinflar uchun, «C» esa undan yuqori sinflar uchun mo‘ljallangan savollar namunalari joylashtirilgan.

Har bir savollar namunasi Cambridge assessment tomonidan tuzilgan va sinflar hisobga olingan holda joylashtirilgan.

Bundan tashqari, hozir Cambridge assessmentdan qo‘shimcha tarzda ma'lumot olgan holda sayt orqali imtihonga tayyorlov materiallarini berib bormoqchimiz. Albatta, bu beg‘araz tarzda hech qanaqa moddiy to‘lovlarsiz tashkillashtiriladi.

Hozir prezident maktablari imtihonlariga tayyorlov kurslari tashkil etib olganlar haqida ham eshityapmiz. Bizning ta'lim sohasiga oid faoliyat olib boradiganlarga hech qanaqa e'tirozimiz yo‘q. Lekin prezident maktablariga tayyorlash noto‘g‘ri deb o‘ylayman. Va hozir agentlik prezident maktablariga o‘quvchi tayyorlayotgan birorta o‘quv markazi bilan ham hamkorlik olib bormaydi. Ular rasmiy veb-saytda berilgan namuna asosida bolalar bilan ishlamoqda. Biz ularning faoliyatini tanqid qilmoqchi emasmiz, faqat ularning bizga aloqasi yo‘q ekanini aytib qo‘ymoqchimiz.

Cambridge assessment tashkilotining ham ommaga e'lon qilingan ayrim savol namunalari bo‘lishi mumkin, lekin ular bazasidagi savollarni ochiqlamaydi.

– Demak, hozir prezident maktablarida o‘quvchi tayyorlayotgan o‘quv markazlarida aynan Cambridge assessment tashkilotining savollari yo‘q, ular faqat namunalar asosida bolalar bilan ishlaydi.

– Shunday.

Suhbatni to‘liq shaklda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Jamshid Niyozov suhbatlashdi

Top