10:32 / 24.06.2020
3830

Isroilda koronavirusga chalinish holatlari ko‘payganidan keyin ba'zi hududlar karantinga yopilmoqda

Isroilda so‘nggi sutkada koronavirusga chalinish bo‘yicha 458 ta yangi holat qayd etildi. Bu esa 22 apreldan beri eng katta kunlik o‘sish hisoblanadi.  

Foto: Getty Images

Haaretz nashrining xabar berishicha, koronavirusning qayta avj olishi cheklovlar yumshatilib, maktablar, korxonalar, restoranlar, barlar va sayyohlik joylari ochilayotgani ortida kuzatilmoqda.

Isroil hukumati koronavirusga chalinish holatlari keskin ko‘paygandan keyin kirish-chiqishga cheklov kiritiladigan bir nechta hududni belgiladi. Cheklovlar 24 iyundan joriy qilinadi va bir hafta davom etadi. Jumladan, Elad shahri va Tveriya shahrining bir qismiga kirish-chiqishga cheklov o‘rnatilgan.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning ta'kidlashicha, qolgan hududlarda cheklovlar kiritilishi 24 iyunda muhokama qilinadi.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, Isroilda koronavirusga chalinish holatlari 21,5 mingdan ko‘proqni tashkil qilmoqda, undan 308 kishi vafot etgan. 

Isroilda pandemiya sababli mart boshidan kiritilgan cheklovlar may o‘rtasidan sekin-asta bekor qilinib kelmoqda.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top