03:38 / 24.06.2020
4992

Shvetsiyaning koronavirusga qarshi strategiyasi sababli shvedlar qo‘shni Daniya va Norvegiyaga ham kira olmayapti

Foto: AFP

Daniya va Norvegiya shvedlar uchun ochilmadi, Finlyandiya esa ularni ikki haftalik karantin sharti bilan qabul qiladi.

Yevroittifoq may oyi o‘rtalaridan ichki chegaralarni ocha boshladi. Shvetsiyaning qo‘shnilari - Norvegiya, Daniya va Finlyandiya ham xorijliklarni qabul qilishni boshladi. Ammo Daniya va Norvegiya shvedlar uchun ochilmadi (ayrim istisnolarni hisobga olmaganda), Finlyandiya esa ularni ikki haftalik karantin sharti bilan qabul qiladi (daniyalik va norvegiyaliklar uchun karantin shart emas).

Shvetsiya fuqarolari uchun Yevroittifoqning boshqa mamlakatlariga ham kirish qiyin. Ular Kiprga kiritilmaydi, Bolgariya, Chexiya va Niderlandiyada karantinni o‘tashlari kerak, Avstriyada esa COVID-19ga chalinmaganligi to‘g‘risidagi ma'lumotnomani ko‘rsatishlari lozim..  

The New York Times nashrining yozishicha, shvedlar hozirda Yevroittifoqning faqat to‘rtta mamlakati: Fransiya, Italiya, Ispaniya va Xorvatiyaga bemalol kirishlari mumkin. O‘z navbatida Shvetsiya YeI, Shveytsariya, Norvegiya, Lixtenshteyn, Islandiya va Buyuk Britaniya fuqarolarini mamlakatga kiritmoqda, deb yozadi Euronews.

Shvetsiya boshqa mamlakatlardan farqli o‘laroq, koronavirus sababli qat'iy karantin joriy etmadi, restoranlar, do‘konlar va maktablar yopilmadi. Ushbu strategiya kasallikka chalinganlar va vafot etganlar soniga ta'sir ko‘rsatmay qolmadi. 23 iyun holatiga ko‘ra, Shvetsiya va uning qo‘shnilaridagi statistika quyidagi ko‘rinishda:

Shvetsiya: 58 932 nafar kasallik yuqtirganlar (173 kishiga 1) va 5122 nafar vafot etganlar (1988 kishiga 1);

Daniya: 12 527 nafar kasallik yuqtirganlar (463 kishiga 1) va 602 nafar vafot etganlar (9630 kishiga 1);

Norvegiya: 8751 nafar kasallik yuqtirganlar (607 kishiga 1) va 248 nafar vafot etganlar (21 429 kishiga 1);

Finlyandiya: 7144 nafar kasallik yuqtirganlar (772 kishiga 1) va 327 nafar vafot etganlar (16 875 kishiga 1).

Shunday qilib, Shvetsiya COVID-19ga chalinish va o‘lim nisbati bo‘yicha o‘z mintaqasida yetakchilik qilmoqda. Bundan tashqari, Shvetsiyada kasallik yuqtirish holatlarining kunlik o‘sishi Daniya, Norvegiya va Finlyandiyadagiga nisbatan yuqoriligicha qolmoqda.

Iyun boshlarida Shvetsiyaning bosh epidemiologi Anders Tegnell o‘zi taklif qilgan karantindan voz kechish strategiyasi ko‘plab o‘limlarga sabab bo‘lganini tan oldi. U shu bilan birga, strategiya umuman olganda to‘g‘ri bo‘lganligini va uning natijalari haqida keyinchalik fikr yuritish mumkinligini aytgandi.

Qo‘shni davlatlarning shvedlarga nisbatan cheklov joriy etganidan Shvetsiya hukumatining hafsalasi pir bo‘ldi.

«Ish o‘rinlari va savdo to‘g‘risida gap ketganida mamlakatlarimiz uzviy hamkorlik qiladi. Ammo endi Norvegiya, Daniya va Finlyandiya «Kirmanglar» demoqda, — dedi Shvetsiya tashqi ishlar vaziri  Ann Linde. 

«Chegaralarni yopish bilan kasallikni to‘xtatib bo‘lmaydi», — deb ta'kidladi Anders Tegnell.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top