10:26 / 25.06.2020
38401

«Noqonuniy qurilish obekti bo‘lgan». Vazirlik Qarshida beton plita qulab tushgan bino bo‘yicha ma'lumot berdi

Joriy yilning 23 iyun kuni Qarshi shahar I.Karimov ko‘chasidagi “Nasaf Travel” mehmonxonasi binosining o‘ng tomonidan qo‘shimcha qurilayotgan 5 qavatli yangi qurilishi yakunlanmagan binoning tom qismidagi tom yopma qurilmasi (beton plita) qulab tushgan edi.

Qashqadaryo viloyat Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi tomonidan o‘rganish ishlari olib borilganida, “Nasaf-Travel” kompaniyasiga tegishli ushbu obektidagi qurilish ishlari ro‘yxatga olinmasdan, noqonuniy olib borilgani ma'lum bo‘ldi. 

Qurilish vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, buyurtmachi “Nasaf-Travel” kompaniyasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 18 maydagi “Arxitektura va qurilish sohasida davlat xizmatlari ko‘rsatishning ayrim ma'muriy reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 370-son qarorining, 5-ilovasi, ya'ni, “Qurilish-montaj ishlarini boshlash haqida xabarnoma yuborish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma'muriy reglamenti”ga muvofiq, Qashqadaryo viloyat Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasini xabardor etmagan.

Shuningdek, mazkur obekt qurilishi bo‘yicha, Qarshi shahar hokimining 2018 yil 5 iyundagi “Nasaf-Travel” kompaniyasiga tegishli 4566,92 kv.m yer maydonida joylashgan “Mehmonxona va restoran”ni rekonstruksiya qilishga hamda o‘z hududidan yordamchi binolar qurishga ruxsat etish to‘g‘risida”gi qarori bilan, “obekt atrofini toza saqlash, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini doimiy bajarish hamda obektda qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish uchun viloyat davlat arxitektura qurilish nazorati inspeksiyasidan ruxsatnoma olish yuklatilgan” bo‘lsa-da, buyurtmachi “Nasaf-Travel” kompaniyasi tomonidan ushbu talab bajarilmagan. 

“Inspeksiya tomonidan ushbu obekt qurilishi bo‘yicha (2019 yil 29 noyabrda 30-son va 2020 yil 28 fevralda 141-son ogohlantirish xati) buyurtmachi “Nasaf-Travel” kompaniyasini bir necha bor ogohlantirgan bo‘lishiga qaramasdan, noqonuniy ravishda obektda qurilish-montaj ishlarini davom ettirgan. Va qurilish me'yorlarining qo‘pol ravishda buzilishi natijasida mazkur holat kelib chiqqan. Tadbirkorlik sub'yekti qonunda ko‘rsatilgan erkinliklarni suiiste'mol qilgan. Noqonuniy qurilish ishlarini amalga oshirgan”, - deyiladi vazirlik ma'lumotida.

Eslatib o‘tamiz, ro‘y bergan hodisa oqibatida 1 nafar ishchi-xodim voqea joyida vafot etgan.

Top