00:13 / 26.06.2020
76220

Bugun 4 hududda aholi orasida yangi holatlar qayd etildi

25 iyun kuni O‘zbekistonda 276ta yangi zararlanish holati tasdiqlandi (jami 7177 holat) va 192 nafar bemor sog‘aydi. Shu vaqtgacha 4877 bemorga javob berilgan, 20 kishi vafot etgan, shifoxonalarda 2280 nafar bemor davolanmoqda.

Bugun 6 hududda - Toshkent shahri, Namangan, Jizzax, Andijon, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida yangi holatlar qayd etildi. SSV matbuot xizmati rahbari Furqat Sanayev telegramdagi kanalida bemorlar qayd etilishi va sog‘ayishi bo‘yicha ko‘rsatkichlar jadvalini keltirdi.

Bugungi 276 holatdan (bu yangi rekord ko‘rsatkich hisoblanadi) 243tasi karantin muassasalarida, 24tasi aholi orasida aniqlangan, xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchilari bo‘lgan 9 kishiga ham virusdan zararlanish tashxisi qo‘yilgan.

Aholi orasida (+24)
Aholi orasidagi yangi holatlarning eng ko‘p qismi Toshkent shahrida qayd etildi - 17 holat. Toshkent shahrida so‘nggi marta 3 iyun kuni aholi orasida koronavirus aniqlanmagandi.

Bir kun oldin Mirzo Ulug‘bek, Uchtepa, Olmazor, Sergeli va Chilonzor tumanlarida aholi orasida yangi kasallanish holatlari qayd etilgan. Shu kuni Toshkentda shahar hokimligi obodonlashtirish muassasasi xodimida, «Comfort Leather» korxonasi xodimi va uning oila a'zolarida, shuningdek, Chilonzor tumanida yashab, Toshkent tumanidagi «Zangiota» bojxona postida faoliyat ko‘rsatuvchi xodimda virus chiqqan.

Toshkent viloyatida aholi orasida 4ta holat qayd etildi. Bir kun oldin viloyatning O‘rta Chirchiq, Toshkent, Qibray va Zangiota tumanlarida aholi orasida yangi holatlar aniqlangandi. Viloyatda qatorasiga to‘qqizinchi kun aholi orasida yangi kasallanish holatlari qayd etilmoqda.

Bugun Jizzax viloyatiga koronavirus qaytdi - aholi orasida ikki holat aniqlandi, shuningdek, Andijon viloyatida 21 iyundan beri ilk marta aholi orasida yangi holat qayd etildi.

Karantin (+243)
Xorijdan kelgach Toshkent viloyatidagi O‘rtasaroy karantin markaziga joylashtirilgan fuqarolar orasida 179 holat aniqlandi.

Toshkent shahrida koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olingan fuqarolar orasida 52 kishiga virusdan zararlanish tashxisi qo‘yildi.

Toshkent viloyatida bemorlar bilan aloqasi tufayli karantinga olingan 10 kishida virus chiqdi.

Namangan va Surxondaryo viloyatlarida ham karantin hududida bittadan holat aniqlangan.

Haydovchilar (+9)
Toshkent viloyati hududida yana 9 nafar xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchisi virusga chalingani ma'lum bo‘ldi. Ushbu viloyatda 12 kundan beri xalqaro yuk tashuvchi mashinalar haydovchilari orasida uzluksiz ravishda kasallik aniqlanmoqda.

Tuzalganlar (+192)
Bugun Toshkent shahridagi tibbiyot muassasalarida jami 170 nafar uyiga kuzatildi. Shuningdek, Qashqadaryo viloyatida 17 nafar, Namangan viloyatida 5 nafar bemorga javob berildi va kunlik tuzalishlar soni bo‘yicha rekord qayd etildi. Jami tuzalganlar soni 4877 nafarga yetgan.

O‘lim (+1)

Sog‘liqni saqlash vazirligi 25 iyun davomida bir bemorning vafot etganini ma'lum qildi. Denov shahrida yashagan, 1961 yilda tug‘ilgan B.X. ismli ayol so‘nggi 5 yildan buyon o‘pkaning ikki tomonlama o‘tkir bronxopnevmoniyasi tashxisi bilan davolanib kelgan. Shu yilning 19 iyun kuni bemor murojaatiga ko‘ra, olingan namunada koronavirus infeksiyasi mavjudligiga gumon qilingan va bemor tez yordam mashinasida tuman yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan.

Bemor ayolga ko‘rsatilgan tezkor tibbiy yordam va reanimatsion muolajalarga qaramasdan, u yurak-qon tomir va o‘pka yetishmovchiligidan vafot etgan.

Vazirlik bemor qaysi kuni vafot etganini ma'lum qilmagan. Biroq 21 iyun kuni Surxondaryo viloyati Denov tumani hokimi Baxtiyor Ibatov tuman aholisiga murojaatida 20 iyun kuni tumanda bir kishi koronavirusdan vafot etgani haqida ma'lum qilgan, ammo bu xabar ko‘p o‘tmay tuman hokimligining telegramdagi kanalidan o‘chirib yuborilgandi.

Endilikda O‘zbekistonda koronavirus qurbonlari soni 20taga yetdi.

Ayni paytda tibbiyot muassasalarida davolanayotgan 2280 nafar bemordan 18 nafari og‘ir, 6 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda. 

Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi virusologik laboratoriyalarda Covid-19 infeksiyasiga bugunning o‘zida 21 148 ta, epid mavsum davomida esa 1 121 236 ta test sinovi bepul o‘tkazilgan. 

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top