21:26 / 01.07.2020
8352

BMT Xavfsizlik kengashi koronavirus bo‘yicha rezolyutsiya qabul qildi

23 mart kuni BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish nizoli hududlarda o‘t ochishni to‘xtatish tashabbusi bilan chiqqandi.

BMT Xavfsizlik kengashi pandemiya va koronavirusga qarshi kurash choralari davrida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha rezolyutsiyani qabul qildi.

Rezolyutsiyaning asosiy maqsadi mart oyida BMT bosh kotibining o‘t ochishni zudlik bilan to‘xtatish to‘g‘risidagi chaqirig‘ini qo‘llab-quvvatlashdan iborat.

23 mart kuni BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish nizoli hududlarda o‘t ochishni to‘xtatish tashabbusi bilan chiqqandi. Fransiya va Tunisning bu tashabbus ortidan tayyorlagan loyihasini Xavfsizlik kengashi apreldan buyon ko‘rib chiqayotgandi. 

Diplomatlarning so‘zlariga ko‘ra, asosiy kelishmovchiliklar Xitoy va AQSh delegatsiyalari o‘rtasida yuzaga kelgan. Yakunda Vashingtonning talabi bilan rezolyutsiya matnidan Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining roli haqidagi eslatma chiqarib tashlandi. Unda shuningdek, infeksiyaning qaysi mamlakatda kelib chiqqani ham tilga olinmagan.

Shu bilan birga, hujjatda qayd etilishicha, "gumanitar tanaffus IShID, Al-Qoida va terrorchi guruhlar bilan aloqador shaxslar, guruhlar va tashkilotlarga qarshi operatsiyalarga nisbatan tatbiq etilmaydi".

Rezolyutsiyaga muvofiq, BMTning tinchlikparvar missiyalari mamlakatlarga kasallik tarqalishini cheklash harakatlarida yordam beradi.  

Koronavirus pandemiyasi boshlanganidan buyon dunyo bo‘yicha 10,6 mln kishi kasallikka chalindi, 516 mingdan ortiq kishi vafot etdi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top