12:56 / 01.07.2020
8442

Ichki ishlar tizimini noloyiq xodimlardan tozalash birinchi galdagi vazifamiz - vazirlik

Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov tizimdagi xodimlarning intizomiy javobgarligi xususida ma'lumot berdi.

«Ichki ishlar tizimini noloyiq xodimlardan tozalash - birinchi galdagi vazifamiz. Buning uchun shu yilning o‘zida 2350 nafar xodim xizmat intizomini buzgani tufayli javobgarlikka tortilgan. Ularning 529 nafari yo‘l harakati qoidalarini buzgani uchun javobgarlikka tortilgan, 45 nafariga esa jinoiy javobgarlik belgilangan.

Karatin qoidalarini buzganlik uchun 78 nafar xodim intizomiy javobgarlikka tortilgan, ularning 1 nafari esa ishdan olingan. 59 nafar IIV xodimi esa koronavirus yuqtirib olgani tufayli davolanib chiqishdi», deya ma'lumot berdi Shohrux G‘iyosov.

Vazirlik vakilining qayd etishicha, tizimdagi kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida 2020 yilning hozirgi davriga qadar xizmat intizomini buzgan 32 nafar xodim ishdan bo‘shatilgan, 57 nafari lavozimidan ozod etilgan, 12 nafarining unvoni pasaytirilgan, 154 nafar xodimning xatti-harakati intizomiy kengashlarda muhokama qilingan.

«Hozir eskicha usulda ish olib borayotgan rahbarlar bilan ishlashga e'tibor berilyapti. Shu yilning o‘zida 8 nafar rahbar xodim lavozimidan ozod etilgan, 40dan ortiq rahbar esa quyiroq lavozimlarga tayinlangan.

Ko‘p yillardan beri bir joyda ishlab kelayotgan 95 nafar xodimning xizmat joyi rotatsiya qilingan», dedi IIV vakili.

Top