16:45 / 03.07.2020
46049

Toshkentda yana bir bemor koronavirusdan vafot etdi

Toshkent shahrida koronavirusga chalinib, 2 iyul kuni o‘ta og‘ir holatda reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan 59 yoshli erkak olamdan o‘tdi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Toshkentda koronavirus infeksiyasiga chalingan va surunkali kasalliklardan davolanib kelgan bemor vafot etgani haqida xabar berdi.

«Toshkent shahrida yashovchi 59 yoshli G‘.B. joriy yil 2 iyul kuni o‘ta og‘ir holatda poytaxtimizdagi I.Irgashev nomli 4-son shahar klinik shifoxonasining reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan va sun'iy nafas berish apparatiga ulangan. 
 
Unga «Yurak ishemik kasalligi, qandli diabet, surunkali buyrak yetishmovchiligi, infarktdan keyingi kardioskleroz, ikki tomonlama pnevmoniya» tashxisi qo‘yilgan. Shuningdek, bemorda shu kuni koronavirus infeksiyasi ham aniqlangan.
 
Bemor (erkak kishi) oxirgi 7 yil davomida yurak ishemik kasalligi, qandli diabet, surunkali buyrak yetishmovchiligi  tashxisi bilan davolanib yurgan. Doimiy gemodializ muolajasini olib turgan. 

Joriy yil 2 iyul kuni shifokorlar tomonidan standart asosida ko‘rsatilgan tezkor reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemor o‘tkir yurak-qon tomir va o‘pka yetishmovchiligidan vafot etdi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida. 

O‘zbekistonda so‘nggi marta 1 iyul kuni koronavirusdan o‘lim holati qayd etilgandi - Qashqadaryoda 64 yoshli erkak koronavirusning O‘zbekistondagi 27-qurboniga aylangandi. 

Shu vaqtgacha Toshkentda 14, Namanganda 4, Samarqandda, Surxondaryo va Jizzaxda 2tadan, Farg‘ona, Buxoro va Qashqadaryoda bittadan o‘lim ro‘y bergandi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top