17:46 / 05.07.2020
67278

Atamboyev birinchisi emas: panjara ortiga ravona bo‘lgan prezidentlar

23 iyun kuni bizga qo‘shni va qardosh bo‘lgan Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Almazbek Atamboyev 11 yil 2 oyga qamoq jazosiga hukm qilindi. Sud uni barcha davlat mukofotlaridan ham mahrum qildi.

Foto: Akipress

Dunyoning aksariyat davlat rahbarlari daxlsizlik huquqiga ega bo‘lishadi va uni lavozimlaridan ketganlaridan so‘ng ham saqlab qolishadi. Bu huquq ularga jinoiy javobgarlikka tortilmaslik, majburiy guvohlik bermaslik, mol-mulklarini saqlab qolish imkoniyatini beradi. Ammo prezidentlar ham, davlatni boshqaruvchi bosh vazirlar ham sudga tortilib, qamoqqa tiqilish holatlari uchrab turadi. Bugun ana shunday holatlarning eng shov-shuvlilari haqida hikoya qilamiz.

Janubiy Koreya – Pak Kin Xe

Foto: Reuters

Janubiy va Shimoliy Koreyalarni solishtirish siyosatchilar, umuman barcha insonlarning sevimli mashg‘uloti hisoblanadi. Shunday taqqoslovlarda g‘alati paradokslar yuzaga chiqadi. Masalan – demokratiyadan asar ham bo‘lmagan Shimoliy Koreya – Koreya Xalq Demokratik Respublikasi deb nomlanadi va uni boshqaruvchi diktatorlar sulolasi nafaqat hayotligida, balki o‘limidan so‘ng ham bemisl sharaflanadilar.

Demokratiya jihatdan ancha-muncha davlatlarga dars bergudek Janubiy Koreya esa rasman Koreya Respublikasi deb nomlanadi va uni rivojlantirgan, taraqqiyotiga hissa qo‘shgan deya atash mumkin bo‘lgan aksar prezidentlari turli ayblovlar bilan qamoqqa tiqilgan.

Ana shunday prezidentlardan oxirgisi Pak Kin Xe xonimdir.

2013 yilda hokimiyat tepasiga kelgan Pak Kin Xe rosa 3 yil prezidentlik qildi va impichment natijasida hokimiyatdan chetlashtirildi. Ayblovlar ancha jiddiy edi – Samsung korporatsiyasi bilan bog‘liq poraxo‘rlik, davlat sirlarini sotish, vakolatni suiste'mol qilish...

Unga qarshi turli shaharlarda mitinglar bo‘lib o‘tdi va nihoyat prezident xonim sudning qora kursisiga o‘tirdi.

Dastlab unga nisbatan 24 yillik qamoq jazosi va 18 mlrd von jarima undirish bo‘yicha hukm chiqarildi. Qayta sudlovda muddat 25 yilga, jarima 20 mlrd vonga oshirildi. Yana bir qiziq jihati – sud jarayoni to‘g‘ridan to‘g‘ri efirga uzatildi.

Braziliya – Lula da Silva

Foto: Yesenia Lugo

2003 yilning 1 yanvarida hokimiyat tepasiga kelgan Lula da Silva rosa sakkiz yil – 2011 yilning 1 yanvariga qadar Braziliyani boshqardi. Prezidentlikdan ketganidan keyin u rak kasalligiga chalindi va muvaffaqiyatli davolandi. 2013 yilda u qaytib prezidentlikka davo qilmasligi va amaldagi davlat rahbari – Dilma Rusef xonimni qo‘llab quvvatlashini bildirdi.

Ammo 2014 yilda Lula da Silva ham, Dilma Rusef ham yirik korrupsion mojaro qahramonlariga aylanishdi. Petrobras neft kompaniyasi bu ikki prezident a'zo bo‘lgan hukmron partiyaga yillar davomida katta mablag‘ berib kelgani oydinlashdi va har ikki siyosatchi o‘zini oqlashga majbur bo‘lib qoldi. Vaziyat Rusef xonimning 2003-2010 yillar oralig‘ida Petrobras kompaniyasi boshqaruv kengashi raisi bo‘lganligi uchun yanada murakkablashdi va mojaro 2016 yilda Lula da Silva hibsga olinishi bilan yangi bosqichga kirdi.

2017 yilning 12 iyulida sud hukmi bilan 9,5 yil qamoq jazosiga hukm qilingan sobiq prezident deyarli bir yil appelyatsiya berib yurdi va ozodlikda qoldi. Ammo 2018 yilning 7 aprelida o‘zi taslim bo‘ldi hamda Kuritiba shahridagi federal politsiyaga vertolyot yordamida olib ketildi.

Ammo 12 yilga qamoqqa tiqilgan sobiq prezident bir yildan sal ortiqroq vaqt o‘tib ozodlikka chiqdi. Oliy sud u appelyatsiyaning barcha imkoniyatlaridan foydalana olmagan deb hisobladi.

Isroil – Moshe Katsav

Foto: AFP

Isroilda prezident mutlaq hokimiyat egasi emas, asosiy tizgin bosh vazir qo‘lida. Ammo prezidentda ham anchagina vakolatlar bor hamda uning panjara ortiga tushishi favqulodda holat hisoblanadi.

2000-2007 yilda prezidentlik qilgan Moshe Katsav 1998 yilda qo‘l ostidagi ikki ayolga jinsiy zo‘ravonlik qilgani uchun tergovga tortildi. Keyinchalik yana ikki ayol shu ayblovlar bilan chiqdi va surishtiruvlar 4 yil davom etdi.

Garchi Katsav ayblovlarni tan olmagan bo‘lsada, 2011 yilda u 7 yilga panjara ortiga ravona bo‘ldi. Oradan 6 yil o‘tibgina u shartli ravishda ozod qilindi.

Pokiston – Parvez Musharraf

Foto: AP

1999 yilda qonsiz davlat to‘ntarishi natijasiga hokimiyat tepasiga kelgan general Parvez Musharraf 2001 yilda ko‘pchilik ovoz bilan prezidentlikka saylandi va 2008 yilgacha davlatni boshqardi. 2003-2005 yillar oralig‘ida uchta suiqasdni boshdan kechirgan, yana unga qarshi 14 suiqasd maxsus xizmatlar tomonidan bartaraf qilingan Parvez Musharraf Pokiston xalq partiyasi lideri, Benazir Bhutto xonim qarshiligiga uchradi.

2008 yilda impichment xavfi ostida qolgan Musharraf o‘z ixtiyoriga ko‘ra, daxlsizlik huquqini saqlab qolish sharti bilan prezidentlikdan voz kechdi. Ammo unga qarshi jiddiy ayblovlar qo‘yilayotgandi – 60 nafardan ortiq sudyani qamoqqa tiqish, davlatga xiyonat, Benazir Bhuttoni o‘ldirish bo‘yicha buyurtma...

Vaziyat qaltislashganda xorijga jo‘nagan Musharraf 2013 yilda parlament saylovlarida qatnashish uchun Pokistonga qaytib keldi, ammo darhol hibsga olindi. 2016 yilda u birinchi imkoniyatdayoq Dubayga jo‘nadi va shu bilan yurtiga qaytmadi.

2019 yilning 17 dekabridagi sud rayosati qaroriga binoan Parvez Musharraf sirtdan o‘lim jazosiga hukm qilingan.

Mo‘g‘uliston – Nambarin Enxbayar

Foto: POOL

2005 yilda prezidentlikka saylangan Nambarin Enxbayar 2009 yilga qadar Mo‘g‘ulistonni boshqardi. 2012 yilda u davlat mulkini talon-toroj qilish, namoyishlarni kuch bilan bostirish va bir necha kishining o‘limiga sabab bo‘lish kabi ayblovlar bilan tergovga jalb qilindi. Ammo uni sudga tortish oson bo‘lmadi. Sobiq prezident o‘z qo‘riqchilari bilan maxsus rezidensiyaga berkinib oldi va hibsga oluvchilarga faol qarshilik ko‘rsatdi.

300 nafardan ortiq politsiyachi ishtirokida o‘tgan operatsiya chog‘ida ayrim ma'lumotlarga ko‘ra qurbonlar ham bo‘lgan. Jarohatlanganlar orasida ko‘plab amaldorlar, deputatlar ham bor edi.

Lekin shuncha vahima bilan qo‘lga olingan sobiq prezident bor-yo‘g‘i to‘rt yilga «kesildi» va keyinchalik bu muddat 2,5 yilga qadar tushirildi.

Bundan tashqari Gvatemala, Tayvan, Maldiv orollari, Zambiya, Liberiya kabi qator davlatlarning rahbarlari ham panjara ortiga ravona bo‘lishgan.

Abror Zohidov.

Top