16:09 / 06.07.2020
3776

Ta'mirlash ishlari tufayli Toshkent markazidagi ayrim ko‘chalar ikki sutkaga yopildi

Toshkent shahrida 6 iyul soat 14:00dan boshlab ikki sutka davomida ayrim ko‘chalarda yo‘l ta'mirlash ishlari olib boriladi.

Foto: Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati

Quyidagi ko‘chalarda ikki sutka davomida harakat cheklanadi:

Abay ko‘chasining Alisher Navoiy ko‘chasidan Zulfiyaxonim ko‘chasigacha bo‘lgan qismi;

Abdulla Qodiriy ko‘chasining Abay ko‘chasidan Zarqaynar va Sag‘bon ko‘chalari kesishmasidagi aylanma yo‘lgacha bo‘lgan qismi.

Shahar hokimligi xabariga ko‘ra, bu jarayonda yo‘l qatnov qismining faqat bitta chizig‘i avtomobillar harakatlanishi uchun ochiq bo‘ladi.

«Tirbandliklarning oldini olish maqsadida haydovchilarga aylanma yo‘llar orqali harakatlanish tavsiya etiladi», deyiladi xabarda.

Avvalroq Navoiy ko‘chasining O‘rdadan Chorsugacha bo‘lgan qismi ta'mirlanayotgani ma'lum qilingandi.

Bundan tashqari, shu kunlarda Abdulla Qodiriy va Labzak ko‘chasi kesishmasidagi ko‘prikda ham ta'mirlash ishlari olib borilmoqda. Ishlar 22 iyulga qadar davom etishi xabar qilingan.

Shuningdek, Chilonzor tumanidagi Chilonzor ko‘chasining bir qismi 24 iyulgacha yopilgan.

Top