17:04 / 07.07.2020
8669

Beshta shaharda prezident maktablarining qurilishi davom etmoqda

Foto: piima.uz

2020 yilda Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand va Farg‘ona viloyatlarida Prezident maktablarini tashkil etish rejalashtirilgan edi. Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligining xabar berishicha, ushbu maktablarning qurilishi to‘xtab qolgani yo‘q.

«Jizzax shahri markazidagi Olimpiya zaxiralari sport kolleji yonida, Samarqand shahrining Amir Temur, Qarshi shahrining Mustaqillik (Alisher Navoiy nomli istirohat bog‘iga tutash hududda), Farg‘ona shahrining Qashqar, Buxoro shahrining Navoiy ko‘chalarida prezident maktablarining qurilishi davom etmoqda.

Yangi qurilayotgan Prezident maktablarining barchasi zamonaviy uslubda, milliy va jahon me'morchiligining eng so‘nggi yutuqlari asosida bunyod etilmoqda. Boshqa Prezident maktablarida bo‘lgani kabi yangi qurilayotgan ta'lim muassasalarining o‘quv binolari 168 o‘ringa mo‘ljallangan.

Bu yerda yotoqxona, stadion, basseyn, yopiq va ochiq sport zallari, kutubxona, bolalar dam olish joylari, chet eldan keladigan o‘qituvchilar uchun alohida mehmonxona, avtoturargoh, ota-onalar uchun kutish joyi va faollar zali yaratiladi. Ayni paytda yurtimizda karantin qoidalari amal qilayotgan bo‘lsa-da quruvchilar belgilangan sanitariya va gigiyena talablariga rioya qilgan holda maktabning qurilish ishlarini olib bormoqda», deya agentlik direktorining matbuot kotibi Anvar Umarovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Qayd etilishicha, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi Prezident maktablarini o‘quv yiliga tayyorlash bo‘yicha ishlarni davom ettiradi.

Avvalroq pandemiya sababli joriy yilda qurib bitkaziladigan hamda amalda faoliyat ko‘rsatayotgan Prezident maktablariga o‘quvchilar qabuli keyingi yilga qoldirilgani ma'lum qilingan edi.

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi direktori Sarvar Boboxo‘jayev Kun.uz muxbiri bilan suhbatda imtihonlarda shaffoflikni ta'minlash, sinovlarni adolatli o‘tkaza olish borasida qator savollar bo‘lgani sababli Prezident maktablari imtihonlarini onlayn shaklda o‘tkazish lozim deb topilmaganini aytgan edi.

Shuningdek, Sarvar Boboxo‘jayev 2020 yilgi qabulning qoldirilishi maktablarning qurilish muddatlariga ta'sir qilmasligi, beshta viloyatda Prezident maktablari qurilishini tegishli tashkilotlar, jumladan, agentlik nazorat qilib borayotganini ta'kidlagandi.

Mavzuga doir:

Top