13:52 / 07.07.2020
11932

Turdimov Samarqanddagi shaharsozlik ishlarini vertolyotda ko‘zdan kechirdi

Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov viloyat markazi Samarqand shahri hamda tumanlarni vertolyotda aylandi. Hokimlikning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida hokimning hududlarga safari videosi ham e'lon qilindi.

Avvalo Samarqand shahridagi shaharsozlik ishlari ko‘zdan kechirildi. Turdimov shahardagi bo‘sh yotgan yerlar uchun loyihalar ishlab chiqish haqida ko‘rsatma berdi. Shahardagi asosiy katta yo‘llar, kanal va drenajlar, daryo bo‘yidagi qurilishlar tekshirildi. Noqonuniy qurilishlarning shaharsozlik uchun zarari aynan tepadan qaraganda bilingani aytildi. Viloyat hokimi foydalanilmayotgan yerlarning kadastr hujjatlarini tekshirib, ulardan maqsadli foydalanish bo‘yicha ko‘rsatma bergan.

«Viloyat hokimi bilan birga Samarqand shahrini tepadan kuzatdik. Shahar hududidagi noqonuniy qurilishlar, promzonalar va yo‘llarning holati ko‘zdan kechirildi. Bo‘sh yotgan yerlar bo‘yicha viloyat hokimi tomonidan ko‘rsatmalar berildi», deydi Samarqand shahar hokimi Boburmirzo Obloqulov.

«Samarqand shahrini yuqoridan aylanganda avval e'tibor bermagan jihatlarimizni ko‘rdik. Barchasi tepadan qaraganda kaftdek ko‘rindi. Auksionda tadbirkorlarga yer ajratishda bugun berilgan ko‘rsatmalarni inobatga olamiz», deydi Samarqand viloyat «Yermulkkadastr» davlat korxonasi rahbari Shavkat Ro‘ziqulov.

Samarqand viloyat hokimi Payariq tumani Navoli qishlog‘ida yangi barpo etilgan 300 gektar tokzorni ko‘zdan kechirib, ularning baravj o‘sayotganini e'tirof etdi va atrofdagi yerlarga ham tokzorlar tashkil etish orqali aholi bandligini ta'minlash bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

Turdimov Kattaqo‘rg‘on shahri hududi va «Oqchopsoy» suv ombori, uning himoya zonasini ham ko‘zdan kechirib, mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.

Top